Gerb Bayroq Madhiya Muhim sanalar Davlat mukofotlari

Vatan ravnaqi va xalq saodatiga baxshida umr

To’rtinchi maqola

Istiqlol-islohot-farovon hayot

Xorijlik ekspertlarning Islom Karimovni Ruzvel’t, CHerchil’, de Goll’ga o’xshatishi bejizga emas. Ushbu davlat arboblari o’z mamlakatlarida buyuk islohotlarni boshlab berganlari uchun ham tarixda qolgan.

Islom Karimov faoliyatining muhim jihatlaridan biri ham uning  islohotchiligida. Istiqlolning dastlabki kunlarida mamlakat tashqarisi va ichkarisidagi ayrim siyosiy guruhlar tomonidan O’zbekiston kelajagiga shubha bildiruvchilar bo’lgan edi.

Mazkur vaziyatda og’ir ijtimoiy-iqtisodiy muammolar to’la hal etilmagan vaziyatda erkinlikka chiqqan O’zbekistonda farovon hayotni yaratish aniq va uzoqni ko’lab ishlab chiqiladigan taraqqiyot yo’liga bog’liq edi.

Islom Karimov g’arazli kuchlarning shubhalariga javob berish uchun kurashmadi, balki, o’z xalqini dunyodagi eng baxtli xalqqa aylantirish uchun astoydil intildi. Butun salohiyatini O’zbekistonning o’z taraqqiyot yo’lini ishlab chiqishga, uzoqni ko’zlovchi islohotlarni amalga oshirishga yo’naltirdi.

Tez orada xalqning milliy-tarixiy turmush va tafakkur tarzi,  an’analari, urf-odatlari, aholining demografik holatidan, umuman O’zbekistonning o’ziga xos shart-sharoitlaridan kelib chiqib, soxta inqilobiy sakrashlarsiz, fojiali oqibatlarsiz va kuchli ijtimoiy larzalarsiz, evolyutsion yo’l bilan o’tishni nazarda tutuvchi taraqqiyotning “O’zbek modeli”ni ishlab chiqdi.

“O’zbek modeli”ning asosini tashkil etuvchi “iqtisodni siyosatdan ustunligi”, “davlat bosh islohotchi”, “qonun ustuvorligi”, “kuchli ijtimoiy siyosat” va “bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o’tish” kabi tamoyillar davlat va jamiyat hayotini isloh etishni bosh mezoniga aylandi.

Islom Karimovning tashabbusi bilan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-ma’naviy sohalarda tizimli islohotlar amalga oshirildi: eng avvalo, mamlakat hayotida haqiqiy demokratiya prinsiplari joriy etildi, davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari asosida tashkil qilindi, barcha fuqarolarning qonun oldidagi huquqiy tengligini, qonunning ustunligini, jamiyat manfaatlari himoya qilinishi va aholining xavfsizligini kafolatlaydigan huquqiy davlat barpo etildi.

Har bir kishi, milliy mansubligidan va e’tiqodidan qat’i nazar, Respublikamizning teng huquqli fuqarosi bo’lishga munosibdir, degan insonparvarlik va vatanparvarlik qoidasi ro’yobga chiqarildi. YUrtimizda milliy bag’rikenglikni ta’minlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi, natijada mamlakatda milliy totuvlikka erishildi.

Bir mafkuraning, bir dunyoqarashning yakkahokimligidan qat’iyan voz kechildi, siyosiy tashkilotlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligi tan olindi. Chinakam demokratiyaning zarur va qonuniy tarkibi sifatida ko’ppartiyaviylik amalda shakllantirildi.

Iqtisodiy sohada barqaror va jo’shqin rivojlanib boruvchi iqtisodiyot barpo etildi. Iqtisodiy rivojlanishning demokratik shakli bo’lgan bozor munosabatlari yo’li tanlandi. Bunda bozor islohotlari ijtimoiy jihatdan yo’naltirildi hamda bosqichma-bosqich amalga oshirildi.

Davlat tomonidan mulk egalari huquqlari himoya qilinishi ta’minlandi va barcha mulkchilik shakli – shirkat, davlat, xususiy hamda boshqa mulkchilik shakllarining huquqiy tengligi qaror topdi. Natijada mamlakatda tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhiti vujudga keltirildi.

Kichik va biznesni qo’llab-quvvatlanishi natijasida ushbu tarmoqni yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56 foizga yetdi.

Ijtimoiy adolat qoidalari ro’yobga chiqarildi, aholining eng nochor qatlamlari – keksalar, nogironlar, yetim-esirlar, ko’p bolali oilalar, o’quvchi-yoshlarning davlat tomonidan ijtimoiy muhofazaga bo’lgan kafolatli huquqlari ta’minlandi. Davlat byudjetini 60 foizi aynan ijtimoiy himoyaga yo’naltirildi.

Hamma uchun ma’qul sifatli tibbiy xizmatni ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, chaqaloqlar o’limini kamaytirish, odamlar umrini uzaytirish bo’yicha samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. Odamlarning o’rtacha yoshi 67 yoshdan 73,5 yoshga, ayollar o’rtasida esa 75,8 yoshga uzayganini ta’kidlash lozim.

Umumiy ta’lim olish, kasbni va tegishli maxsus tayyorgarlikni o’tishni erkin tanlashda barchaga baravar huquq berildi. Ijodning barcha turlarini rivojlantirish, odamlarning iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etish uchun shart-sharoitlar yaratildi.

Islom Karimov rahbarligida olib borilgan islohotlar natijasini bugungi hayotni o’zi ko’rsatib turibdi. Hatto jahonning nufuzli tashkilotlari ham O’zbekistondagi islohotlar samarasini yuqori baholab kelmoqda.

Xususan, Jahon iqtisodiy forumi reytingiga ko’ra, O’zbekiston 2014-2015 yillardagi rivojlanish yakunlari va 2016-2017 yillarda iqtisodiy o’sish prognozlari bo’yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy olganligi barchamizni g’ururlantiradi.

2015 yilning oktyabr’ oyida Jahon banki “Biznes yuritish” reytingini e’lon qildi. Ana shu reytingda O’zbekiston faqat bir yilning o’zida 16 pog’onaga ko’tarilib, 87-o’rinni egalladi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, “yangi biznesni qo’llab-quvvatlash” deb ataladigan mezon bo’yicha mamlakatimiz  jahonda 42-o’rinni, tuzilgan shartnomalar ijrosini ta’minlash bo’yicha 32-o’rinni, iqtisodiy nochor korxonalarga nisbatan qo’llanadigan bankrotlik tizimining samaradorligi bo’yicha 75-o’rinni egalladi. “Kichik biznes subektlariga kredit berish” deb nomlanadigan ko’rsatkich bo’yicha O’zbekiston so’nggi uch yilda 154-o’rindan 42-o’ringa ko’tarildi va o’tgan yilning o’zida reytingini 63 pozitsiyaga yaxshiladi.

Bundan tashqari, 2015 yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkilotiga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotiga sazovor bo’lgan 14 ta davlatdan biri sifatida e’tirof etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida mustaqil tashkilotlar guruhi va xalqaro ekspertlar ishtirokida 2015 yilda 158 ta davlatda “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” degan mavzuda tadqiqot o’tkazildi. Har qaysi mamlakatning o’z fuqarolarini baxtli hayot bilan ta’minlash qobiliyatini ifoda etadigan ushbu indeks bo’yicha O’zbekiston 44-o’rinni egalladi. Aytish joizki, yurtimiz 2013-yilda bu reytingda 60-o’rinda edi.

Ta’lim-tarbiya sohasiga har yili sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10-12 foizni tashkil etmoqda. Bu YUNESKOning mamlakatni barqaror rivojlantirishni ta’minlash uchun ta’limga yo’naltirilishi zarur bo’lgan investitsiyalar miqdori bo’yicha tegishli tavsiyalaridan, ya’ni 6-7 foizdan qariyb 2 barobar ko’pdir.

Oilalar daromadlarining turi va tarkibi o’zgardi. Endilikda tadbirkorlikdan olinayotgan daromadlar aholi yalpi daromadlarining yarmidan ziyodini tashkil etmoqda. Holbuki, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi mamlakatlarida bu ko’rsatkich o’rtacha 20-25 foizdan oshmaydi.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda aholining real yalpi daromadlari jon boshiga 8,2 barobar oshganining o’zi xalqimizning hayot darajasi tobora o’sganligidan dalolat beradi. Bularning barchasi ichki va tashqi siyosatning oqilona oli borilganligi, mavjud imkoniyatlardan unumli va ratsional foydalanilganligi bilan izohlanadi.

Aholining farovonligi darajasini quyidagi raqamlar ham ko’rsatib turibdi: 2015 yil holatiga ko’ra har 100 oilaning 42 tasi yengil avtomobillarga ega, 47 ta oila shaxsiy kompyuterlar bilan ta’minlangan. SHuningdek, har 100 ta oiladan 31 tasi konditsionerga ega. Har 100 ta oilaga 234 ta mobil’ telefon to’g’ri kelmoqda.

Albatta, bu raqamlar oxirgi yillarda aholining nafaqat turmush darajasi oshib, avvalo, hayotimiz sifati tobora yuksalib borayotganining yorqin misolidir. O’zbekiston tarixan qisqa vaqt ichida dunyo hamjamiyatiga o’zini nimalarga qodir ekanligini amalda ko’rsata oldi. Sobiq Ittifoq davrida faqat paxta yetishtirishga ixtisoslashgan, agrar respublika hisoblangan O’zbekiston, bugungi kunda har tomonlama rivojlanib, eksportbop, yuqori sifatli mahsulotlari bilan jahon bozorida o’z o’rniga ega bo’ldi.

Bunday natijalarga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning buyuk islohotchilik salohiyati bilan erishildi.

O’zbekiston xalqining buyuk jasoratli Yo’lboshchisi – Islom Karimov yetakchiligida xalqimizning asriy orzusi – mustaqillik qo’lga kiritildi. Buning uchun Islom Karimov o’ta tahlikali va murakkab yo’lni bosib o’tdi. Bu yo’lda, ya’ni Vatan ozodligi, o’zbek xalqining baxtu iqboli uchun kurashda faqat o’z kuchinigina emas, balki jonini ham berishga tayyor turdi. Butun borlig’ini yurt ozodligi va xalqning baxtu saodatiga baxshida qildi. Buyuk YUrtboshimiz butunlay yangi tarixiy sharoitda, rivojlanishdan uzilib qolgan milliy davlatchiligimizni qayta tikladi. Halokat va jar yoqasida turgan davlatni yuksak taraqqiy ettirib, tenglar orasida teng qildi.

Bir o’rinda Islom Karimov: “Men Yurtboshi deganda, avvalo, butun bir mamlakat, butun bir davlat taqdiri uchun mas’ul, shu yurtda yashaydigan, hayot kechiradigan millionlab odamlarning dunyoqarashini, tafakkurini, xalqning eng orzu-umidlarini o’zida mujassam etadigan va shu intilishlarni ro’yobga chiqarishga qodir bo’lgan odamni tushunaman. …Men Yo’lboshchi deganda, bugungi o’ta murakkab, tahlikali zamonda g’oyat muhim, shu bilan birga, nozik va qaltis muammolarni chuqur tahlil qilib, negiziga yetib borib, har qanday vaziyatda ham, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy hayotimizning barcha yo’nalish va jarayonlarida ham – yagona to’g’ri yo’l, oqilona yechim topa oladigan odamni nazarda tutaman”– degan edi. Haqiqatda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ana shunday Yurtboshi-Yo’lboshchi bo’ldi va xalqimiz hayotidagi buyuk xizmati bilan tariximizdan munosib joy egalladi.

1991 yilga qadar O’zbekistonni jahonda hech bir tashkilot, davlat va xalq tanimasdi. Bugun O’zbekiston jahonga yuz tutdi. YUrtimizdagi osoyishtalik, bag’rikenglik siyosati, islohotlari shiddati, bu yerdagi imkoniyatlar butun dunyoni ohangrabodek o’ziga tortmoqda. Islom Karimov butun xalqimizni baxtli qilishga intildi va dunyodagi eng baxtli mamlakatlar qatoridan joy olishiga erishdi ham.

Islohotlar, bunyodkorliklar, tanlangan yo’lning to’g’riligi tufayli rivojlanish ko’rsatkichlari, odamlarning hayot sifati kundan kunga yaxshi bo’lib borayotganligini o’zimizni boshimizdan o’tkazayapmiz. Har birimiz saodatli davlat shukuhi bilan yashayapmiz. SHu bois O’zbekistonda yashab   g’ururimiz, iftixorimiz sarbaland, yurtimiz ertasiga ishonchimiz yuqori. Zero, Islom Karimov aytganidek: “Jahon keng, dunyoda mamlakat ko’p, lekin bu olamda betakror ona yurtimiz O’zbekistonimiz yakkayu-yagona. Bu go’zal yurt, bu muqaddas zamin faqat bizga atalgan. Mana shu ulug’ tuyg’u har birimizni dilimizda bo’lishi, hayotimiz mazmuniga aylanishini istardim… Vatandan faxrlanish hissi ko’zimizni, qalbimizni yashnatib tursin”.

Biz yuqorida buyuk Shaxslarni tarix yaratishini ta’kidlagandik, o’z navbatida buyuk Shaxslar tarixni yangi sahifalarini yaratadi ham. Bunga Islom Karimovning davlat rahbarligi faoliyati misol bo’ladi.

Raya Nurqulova,

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan xalq ta’limi xodimi.   

 

  • Chop etish
  • Ko'rganlar soni:

    (10)

  • Pdf ko'rish
Tweet about this on TwitterShare on Google+Share on Facebook

 

© 2010-2017 Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. Sayt materiallaridan foydalanganda www.jizzax.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart. Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing