Работы по техническому обслуживанию сайта осуществляется

Gerb Bayroq Madhiya Muhim sanalar Davlat mukofotlari

Vatan ravnaqi va xalq saodatiga baxshida umr

Uchinchi maqola

Istiqlol me’mori

1990-1991 yillar kechagiday esimda. O’shanda Jizzax davlat pedagogika institutida tarix fanidan saboq berar edim. Yon-atrofimizdagi har bir fuqaro ko’nglidan “Endi vaziyat qaysi tomonga o’zgararkin?”, “O’zbekistonda boshlangan ishlarning natijasi nima bilan tugar ekan?” qabilidagi savollar o’tar edi. Eng muhimi, endigina faoliyatini boshlagan, ammo bosiq, samimiy, har bir gapini mushohada bilan gapiradigan Islom Karimovga nisbatan odamlarda  ishonch bor edi.

Haqiqat odamlar o’ylaganidek bo’lib chiqdi. Davlat rahbari navbatma-navbat ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal eta boshladi. Tez orada “Qishloqda yashovchi har bir oilani tomorqa bilan ta’minlash, ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish haqida” qaror qabul qilindi. Qarorda qishloqda yashovchi har bir kishiga o’rtaga 25 sotihdan yer ajratib berish va tomorqa maydonlarini qariyb 4,5 barobar ko’paytirish ko’zda tutilgan edi. Natijada 1989-1990 yillarda bir yarim milliondan ko’proq oilaga qo’shimcha yer berildi, jami 700 ming oilaga yangi tomorqa yerlari berildi. Qishloq aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdagi qiyinchiliklarini hisobga olib, qishloqda yashovchi har bir oilani sigir bilan ta’minlash vazifasi kun tartibga qo’yildi.

Vaholanki, mustabid tuzum davrida paxta yakka hokimligi natijasida  ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat tobora og’irlashib qolgan edi. “Bir hovlida – deb yozadi Islom Karimov. – Beshtadan oila yashaganini men shaxsan ko’rganman. Bunday hovlilarda yashash ayniqsa, qariyalar uchun juda azob edi. Tasavvur qilasizmi, ular ertalab turib qayerda tahorat olishni bilmasdan qiynalardi. Eshigini ochsa, ostonasiga paxta ekilgan” (Karimov I.A. Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo’lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir. –T.: O’zbekiston, 2015. –B. 87). O’sha vaqtlarda Markaz tomonidan olib borilgan zo’ravonlik siyosati shu darajaga yetdiki, 6 million tonna paxta topshirish rejasi xalqimizning bo’yniga bo’yinturuqdek osib qo’yildi, uni bajarish uchun esa faqatgina tomlarigagina paxta ekish qolgan edi. Paxta terayotgan odamlarning ustidan samolyotdan zaharli dorilarning sepilishi tufayli qanchadan-qancha ayollar, bolalar turli kasalliklarga chalindi. Markazga odamlarning sog’ligi emas, balki paxta kerak edi.

Fuqarolarga shaxsiy tomorqa yerlarini berilishi, umuman qishloq xo’jaligi borasidagi siyosatni qayta ko’rib chiqilishi paxta yakka hokimligiga barham berish, keskin islohotlarga yo’l ochdi.

Xalqning tamomila ozodlikka olib chiqish uchun jiddiy qadamlar tashlandi. 1989 yil 21 oktyabrda o’zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Voqealar jarayoni shu darajada tezlashdiki, Islom Karimovning siyosati o’zbek xalqi xohish-irodasi, sa’y-harakati bilan qo’shilib ketib, Markaz rahbarlarini talvasaga solib qo’ydi. O’zbekiston SSR Oliy Kengashining 1990 yilning 24 martda bo’lib o’tgan sessiyasida boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish, Prezidentlik lavozimini joriy etish to’g’risida qaror qabul qilindi va O’zbekistonda Sovet Ittifoqi respublikalari orasida birinchi bo’lib Prezidentlik lavozimi joriy etildi. Islom Karimov Prezident boshqaruvining joriy etilishi hayot taqozosi ekanligini uqtirib, bunday degan edi: “Eng muhimi shundan iboratki, Prezident institutining joriy etilishi respublikamiz uchun suverenitet va davlatchilikda prinsip jihatidan yangi bosqichga o’tilishini bildiradi”.

Shu bilan birga, O’zbekistonning Mustaqillik yo’lidagi yana bir muhim qadam 1990 yil 20 iyunda O’zbekiston SSR Oliy Kengashining XII chaqiriq ikkinchi sesiyasida qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining Mustaqillik Deklaratsyasi bo’ldi. Uning 1-moddasidayoq “O’zbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi, Respublikaning o’z hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlaridagi tanho hokimligi” ta’kidlandi. Darhol O’zbekistonni mustaqil Konstitutsiyasini ishlab chiqishga harakat boshlab yuborildi.

1991 yil 19 avgustida Moskvada butun jahonni larzaga solgan bir guruh rahbarlar tomonidan davlat to’ntarishi amalga oshirildi. Aslida ularning niyati Ittifoqda yashovchi barcha xalqlarning mehnat qilishiga erishishlariga yo’l qo’ymaslikdan, mamlakatdagi parokandalikdan o’z maqsadlari yo’lida foydalanib qolish edi. Bu davlat favqulodda holat qo’mitasi – GKCHP deb atalgan bir guruh yuksak lavozimlardagi mas’ul partiya va davlat arboblari M.Gorbachyov boshchiligidagi qonuniy hokimiyatni ag’darib, butun Ittifoq hududida GKCHPning farmon va ko’rsatmalari amal qilishi haqida qarorlar qabul qilib, barcha Ittifoqdosh Respublikalarga jo’natib, uni so’zsiz bajarishni talab qildilar. O’sha vaqtda O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov Hindistonga rasmiy tashrif bilan borgan edi. Bu tashrif YUrtboshimizning xorijga qilgan birinchi tarixiy tashrifi edi.

Shuni aytish joizki, O’zbekiston rahbarining safarda ekanligidan foydalangan, GKCHPning noqonuniy qarorlarini qo’llab-quvvatlaydigan rahbarlar ham yurtimizda ham topilib, ular Respublikaning barcha viloyatlari va Qoraqalpog’istonga Favqulodda holat davlat qo’mitasining faoliyatini qo’llab-quvvatlash to’g’risida ko’rsatmalar yubordilar. Respublikada og’ir siyosiy vaziyat yuzaga kelgan edi. Bunday vaziyatni Prezidentimiz safarni davom ettira olmas edi. Prezident Islom Karimov bu voqealarni Agrada eshitishi bilanoq, 19 avgust kuni Toshkentga qaytdi. Prezidentni Toshkent aeroportida hukumat a’zolaridan tashqari, Turkiston harbiy okrugi bosh qo’mondoni va yana Markazdan kelgan uch nafar general kutib oldi. Bu holat o’sha paytdagi mavjud rasmiy qoidalarga zid bo’lib, unda chuqur siyosiy ma’no bor edi.

Prezident aeroportdan to’g’ri hukumat binosiga kelib, kechqurun hukumat a’zolari bilan uchrashdi hamda O’zbekiston SSR hududida GKCHPning qonunga zid qarorlarini bekor qilish haqida ko’rsatma berdi.

1991 yil 20 avgust kuni esa O’zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosati, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar rahbarlar ishtirokida qo’shma majlis o’tkazildi. Bu yig’ilishda Prezident Islom Karimov nutq so’zlab, yuzaga kelgan vaziyatni chuqur tahlil qilib, unga O’zbekistonning munosabatini bildirdi. O’sha kuniyoq, O’zbekiston SSR Prezidentining respublika aholisiga murojaati e’lon qilindi. Unda jumladan, shunday so’zlar alohida ta’kidlangan edi: “…Markazdan, boshqa ba’zi bir jumhuriyatlardan qanday qarorlar chiqmasin, va’dalar berilmasin, har qanday chaqiriqlar, da’vatlar, yo’l-yo’riq ko’rsatishga harakatlar bo’lmasin, biz o’zimiz tanlagan yo’limizdan va belgilab olgan maqsadlarimizdan qaytganimiz yo’q” – deb ochiq-oydin bayon qilgan edi “O’zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobida.

Butun Sobiq Ittifoqda tahlikali vaziyat yuz berib turgan bir paytda, 1991 yil 21 avgustda O’zbekiston SSR Prezidenti maxsus farmonga imzo chekdi. Mazkur farmonga binoan: “O’zbekiston hududida hokimiyat va boshqaruv idoralari, korxonalar, tashkilot hamda muassasalarining qabul qilgan barcha qarorlari, ularning ijrosi SSSR va O’zbekiston SSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga, O’zbekiston SSR Prezidentining farmonlari, O’zbekiston SSR Oliy Kengashi bilan O’zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga mos kelishi kerak” ekanligi shart qilib qo’yildi.

1991 yil 27 avgustida esa ommaviy axborot vositalarida O’zbekiston SSR Prezidentining Respublikamizning to’la mustaqilligi to’g’risida tamal toshini qo’ygan yana bir muhim Farmon e’lon qilindi. Farmonda shunday deyilgan edi: “Mamlakatda vujudga kelgan ahvolni e’tiborga olib va Respublika manfaatlarini himoya qilish maqsadida Respublika Ichki Ishlar Vazirligi va Davlat Xavfsizlik Komiteti O’zbekiston SSRning qonuniy tasarrufiga olinsin. Respublika hududida joylashgan SSSR Ichki Ishlar Vazirligining Ichki Qo’shinlari bevosita O’zbekiston SSR Prezidentiga bo’ysundirilsin”.

Shu tariqa O’zbekistonning davlat suvereniteti va mustaqilligi sari jasorat bilan shahdam qadam tashlandi.

1991 yil 31 avgustda Islom Karimov tashabbusi bilan О’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari sessiyasi chaqirildi. Sessiyada O’zbekistonning davlat mustaqilligi to’g’risidagi masala kun tartibiga qo’yildi. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Karimov o’z nutqida “Xalqimizning xohish-irodasini bajo keltirib, Oliy Kengash diqqatiga faqat bir masalani qo’ymoqchiman: O’zbekistonning mustaqilligi haqidagi Qonunni muhokama etish va uni qabul qilishni taklif etaman”, – dedi. Ushbu tarixiy sessiyada xalqimizning asriy orzularini ro’yobga chiqargan “O’zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi to’g’risida”gi Qonun va Respublika Davlat Mustaqilligi to’g’risida bayonot qabul qilindi. SHu kuni Islom Karimov O’zbekistonning Davlat Mustaqilligini e’lon qildi.

 Raya Nurqulova,

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan xalq ta’limi xodimi.

 

 

 

  • Chop etish
  • Ko'rganlar soni:

    (11)

  • Pdf ko'rish
Tweet about this on TwitterShare on Google+Share on Facebook

© 2010-2017 Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. Sayt materiallaridan foydalanganda www.jizzax.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart. Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing