Gerb Bayroq Madhiya Muhim sanalar Davlat mukofotlari
2016 yil yanvar-sentyabrda ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulotning (YAHM) hajmi 3 438,5 mlrd. so’mni tashkil etdi va 2015 yilning yanvar-sentyabriga nisbatan o’sish sur’ati 109,1 foizga teng bo’ldi.
Korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri ma’lumotlariga ko’ra, 2016 yilning 1 oktyabr holatiga ro’yxatga olingan yuridik shaxslar soni 11 442 tani tashkil qilib, shundan 10 510 tasi yoki 91,9 foizi faoliyat ko’rsatmoqda.
2016 yilning 1 oktyabr holatiga ro’yxatga olingan jami kichik tadbirkorlik (biznes) sub’yektlarining soni 9 195 tani tashkil qildi.
2016 yil yanvar-sentyabrda yalpi hududiy mahsulotning 81,7 foizi (2015 yil yanvar-sentyabrda 81,6 foiz) kichik biznes sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarildi.
2016 yilning yanvar-sentyabrida tashqi savdo aylanmasi 140 622,1 ming. AQSH dollarini, jumladan 81 772,6 ming. AQSH dollarini – eksport operatsiyalari, 58 849,5 ming. AQSH dollarinii – import operatsiyalari tashkil etdi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy sal’dosi 22 923,1 ming. AQSH dollarini tashkil qildi.
2016 yil yanvar-sentyabrda sanoat mahsuloti hajmi 1 327,1 mlrd. so’mni yoki o’tgan yilning shu davriga nisbatan o’sish sur’ati 118,3 foizni tashkil etdi.
2016 yilning yanvar-sentyabrida ishlab chiqarilgan (ko’rsatilgan xizmatlar) umumiy hajmi 1 917,7 mlrd. so’mni yoki 2015 yilning shu davriga nisbatan 106,2 foizni, shu jumladan, dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik va bu sohalarda ko’rsatilgan xizmatlar hajmi 1 896,6 mlrd. so’mni (106,0 foiz), o’rmonchilik xo’jaliklarida 3,3 mlrd. so’mni (136,6 foiz), baliqchilik xo’jaliklarida 17,8 mlrd. so’mni (100,7 foiz) tashkil qildi.
2016 yil yanvar-sentyabr oylarida barcha toifadagi xo’jaliklar tomonidan 380 253 tonna sabzavot (113,9 foizga ko’p) yetishtirildi.
2016 yilning 1 oktyabr holatiga o’tgan yilning shu davriga nisbatan yirik shoxli qoramollar 105,7 foizga (jami 855,8 ming boshni tashkil qildi), shu jumladan sigirlar 100,4 foizga (249,6 ming bosh), qo’y va echkilar 105,6_foizga (1 848,9 ming bosh), otlar 101,8 foizga (22 338 bosh), parrandalar 118,1 foizga (2 570 ming. boshga) ko’paydi.
2016 yilning yanvar-sentyabrida fermer xo’jaliklari tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo’jaligi mahsulotlari hajmi 575,1 mlrd. so’mni yoki 2015 yilning tegishli davriga nisbatan 99,8 foizni tashkil qildi. Qishloq xo’jaligi mahsulotlari umumiy hajmida fermer xo’jaliklarining ulushi 30,8 foizni tashkil etdi..
2016 yil yanvar-sentyabrda viloyatning asosiy kapitalini ko’paytirishga 934,3 mlrd. so’m miqdorida investitsiyalar kiritildi va o’tgan yilning shu davriga nisbatan o’sish sur’ati 120,5 foizni tashkil qildi.
Qurilish: 2016 yil yanvar-sentyabrda umumiy maydoni 552,5 ming kv.m. bo’lgan 3 459 ta (2015 yil yanvar-sentyabrga nisbatan 120,9 foiz), shu jumladan qishloq joylarida 367,7 ming kv.m. (117,8 foiz) uy-joy foydalanishga topshirildi. Noishlab chiqarish sohasiga kiritilgan investitsiyalar hajmidan 544,5 mlrd. so’mi yoki 73,9 foizi uy-joy qurilishida o’zlashtirildi.
Qurilish: Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, musiqa va san’at maktablari qurish, qayta ta’mirlash hamda kasb-hunar kollejlariga va umumta’lim maktablariga sport inshoatlari qurilishida 40,8 mlrd. so’mlik investitsiyalar o’zlashtirildi, bu noishlab chiqarish sohasiga yo’naltirilgan investitsiyalarning 7,5 foizini va ta’lim sohasiga kiritilgan investitsiyalarning 4,4 foizini tashkil qildi.
Qurilish: Sog’liqni saqlash ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya ishlarida 28,0 mlrd. so’mlik investitsiyalar o’zlashtirildi, bu noishlab chiqarish sohasiga yo’naltirilgan investitsiyalarning 5,1 foizini va sog’liqni saqlash sohasiga kiritilgan investitsiyalarning 3,0 foizini tashkil qildi.
Qurilish: Kommunal qurilish sohasida 217,4 km. uzunlikdagi ichimlik suvi, 38,1 km. uzunlikdagi gaz tarmoqlari ishga tushirildi, bu 2015 yil yanvar-sentyabrga nisbatan mos ravishda 81,9 va 104,1 foizni tashkil qildi.
Qurilish: Ichimlik suvi tarmoqlari qurilishiga aholi mablag’lari hisobiga 1,7 mlrd. so’m, gaz tarmoqlari qurilishiga esa 621,4 mln. so’m miqdorida investitsiyalar o’zlashtirildi.
Qurilish: 2016 yil yanvar-sentyabrda 708,3 mlrd. so’mlik qurilish ishlari bajarilib, o’tgan yilning shu davriga nisbatan o’sish sur’ati 112,5 foizni tashkil etdi.
Qurilish: Qurilish ishlari umumiy hajmining 71,7 foizi binolar va inshootlarni qurish bo’yicha qurilish ishlari, 20,6 foizi fuqarolik qurilishi ob’yektlarini qurish bo’yicha qurilish ishlari va 7,7 foizi ixtisoslashtirilgan qurilish ishlariga to’g’ri keldi. Shu jumladan umumiy hajmdan 80,8 foizi yangi qurilish, rekonstruksiya va kengaytirish hamda texnik jihatdan qayta jihozlashga to’g’ri keladi.
Qurilish: Nodavlat mulkchilik shaklidagi tashkilotlar tomonidan 658,1 mlrd. so’mlik qurilish ishlari amalga oshirilib, jami qurilish ishlari hajmidagi ulushi 92,9 foizni (2015 yil yanvar-sentyabrga nisbatan o’sish sur’ati 115,5 foizni) tashkil qildi.
Yuk tashish: 2016 yil 1 oktyabr holatiga barcha transport turlari tomonidan, 26,3 mln. tonna yuk tashilgan bo’lib, o’tgan yilning shu davriga nisbatan 8,2 foizga ko’paydi.

Viloyat hokimining yangi yil tabrigi

Jizzax viloyati hokimi U.Y.Uzoqovning viloyat ahliga Yangi yil tabrigi

                   Aziz yurtdoshlar! 

Bugun ko’nglimizga ulkan orzu-umidlar baxsh etib, qalblarimizni olam-olam quvonchga to’ldirib yurtimizga Yangi yil kirib keldi. Har birimizga ko’tarinkilik va faraxbahsh onlarni hadya etayotgan ushbu qutlug’ shodiyona bilan barchangizni samimiy muborakbod etaman.

Ushbu bayram yil avvalida nishonlanishi bois o’tayotgan hayotimizga shukronalik bilan kelajak rejalarimizni yanada aniqroq belgilab olishimizga rag’bat beradigan oilaviy ayyom sifatida qadrlidir.

Shu ma’noda yakuniga yetgan 2016 yilda amalga oshirilgan ishlarimizni sarhisob etar ekanmiz, beixtiyor mamlakatimiz, jumladan, viloyatimizda ro’y berayotgan ulkan o’zgarishlar, qo’lga kiritilayotgan yutuqlar ko’z o’ngimizda gavdalanadi.

Darhaqiqat, “Sog’lom ona va bola yili” sifatida mamlakatimiz tarixida qolayotgan 2016 yilda mislsiz yutuqlar qo’lga kiritildi. Jahonda global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz kuchaygan bir paytda yurtimizda tinchlik va osoyishtalik ta’minlanib, barcha jabhalarda o’sish sur’ati kuzatilayotgani, yalpi ichki mahsulot hajmi 8 foizdan kam bo’lmaganligi ham dunyo tan olgan “o’zbek modeli”ning samarasini ko’rsatib turibdi.

Shuningdek, o’tayotgan yilda mamlakatimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi siyosiy voqea — O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo’lib o’tdi. Xalqimiz bu jarayonda mamlakatimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shib kelayotgan jonkuyar va fidoyi, har jihatdan munosib yetakchini saylab oldi.

 Qadrli do’stlar! 

Mamlakatimizda tinchlik va farovonlik yo’lida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarga dunyo ahli havas bilan qarayotganiga, bu ezgu ishlarga xorijlik ekspert va iqtisodchi mutaxassislarning yuksak baho berayotganiga barchamiz guvohmiz. Vatanimizda kechayotgan yangilanishlar yurtimizning barcha hududlari qatori viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy ravnaqini ta’minlayapti.

Jumladan, 2016 yilda vohamizda sanoat sohasiga doir 304 ta loyiha amalga oshirildi. Respublikamizning Birinchi Prezidentining “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etishga doir farmoni asosida ishga tushirilayotgan korxonalar viloyat sanoatini yangi sifat bosqichiga ko’tardi. Ayni vaqtgacha erkin iqtisodiy zonaning viloyatimizga tegishli qismida 14 ta loyiha amalga oshirilib, 2016 yilda ushbu korxonalarda 163 milliard so’mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Qariyb 2 million AQSH dollari qiymatidagi tovarlar eksport qilindi.

Bundan tashqari 115 million AQSH dollari evaziga 5 ta loyihani hayotga tatbiq etish ishlari boshlab yuborildi. Umuman olganda erkin iqtisodiy zonada 25 ta investitsiyaviy loyiha ustida ish olib borilmoqda. Yiliga 10 ming tonna shisha tolali issiqlik saqlovchi mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Ekoklimat” qo’shma korxonasini 2016 yilning samarali loyihalari sirasiga kiritish mumkin.

Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda viloyatimizda bo’lib o’tgan saylovoldi uchrashuvida kelgusi ikki yilda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash uchun 1 trillion 600 million so’m qiymatida 700 tadan ortiq investitsiyaviy loyihani amalga oshirish ko’zda tutilayotganligi bildirildi. Xususan, oziq-ovqat sohasida 230 ta, yengil sanoat va charm poyabzal tarmoqlarida 134 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi. Jumladan, 2017 yilda “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida 110 million AQSH dollari hisobiga 24 million kvadrat metr oyna ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini yo’lga qo’yish rejalashtirilgan.

Shu o’rinda viloyatimizning sayyohlik imkoniyatlari juda kengligiga to’xtalib o’tgan bo’lardim. Jumladan, Zomin va Baxmal tog’lari, Aydar-Arnasoy-Tuzkon ko’llar tizimining beqiyos tabiati, inson salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladigan jihatlari xorijlik ekoturizm ishqibozlarini e’tiborsiz qoldirmasligi aniq. SHunday ekan, sayyohlarga xizmat ko’rsatish tizimini yanada mukammallashtirmog’imiz lozim. Bu jarayonda bizga respublikamiz Prezidentining “O’zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni dasturulamal vazifasini o’tashi, shubhasiz.

Xuddi shunday qishloq xo’jaligi, qurilish, xizmat ko’rsatish sohalarida ham keng ko’lamli natijalarga erishildi. Chunonchi, viloyatimizda ko’p tarmoqli fermer xo’jaliklari soni 4 ming 812 taga yetdi. 2016 yilda ular tomonidan 1600 dan ziyod loyihalar amalga oshirildi. Bundan tashqari respublikamiz Prezidenti tashabbusi bilan G’allaorol tumanida 1 ming 800 gektar, Baxmal tumanida 1 ming 500 gektar suvli maydonlarga g’alla o’rniga 2-3 gektarli sabzavotchilik fermer xo’jaliklari tashkil etiladi. SHuningdek, Baxmal tumanida 4 ming gektar, G’allaorol tumanida 3 ming gektar lalmi maydonlarda tomchilatib sug’orish texnologiyasini joriy etish orqali intensiv bog’lar, yong’oq, pista, unabi plantatsiyalari, uzumzorlar yuzaga keltiriladi. Har ikkala tumanda 7-8 ming gektar suvli yerda meva-sabzavotchilik fermer xo’jaliklari faoliyati yo’lga qo’yilib, 30 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.

Yangiobod tumanida ham 4 ming gektar maydon uzumchilikni rivojlantirish maqsadida aholiga bo’lib beriladi. Xuddi shunday Zomin tumanida 4 ming gektar shartli sug’oriladigan maydonlarda intensiv bog’lar va uzumzorlar tashkil etiladi.

Qishloq xo’jaligi, xizmat ko’rsatish, sayyohlik va sanoat sohalarida erishilayotgan yutuqlar hamda amalga oshirilishi ko’zda tutilayotgan ko’lamli rejalar xususida atroflicha to’xtalishimiz sababi, bu tadbirlar zamirida inson manfaatlarining mujassamligidir. Zero, ish o’rinlarining yaratilishi aholi turmush farovonligining ortishi uchun omil vazifasini o’taydi. Respublikamiz Prezidenti ta’biri bilan aytganda “Xalq boy bo’lsa, davlat ham boy va qudratli bo’ladi”. Shu o’rinda mamlakatimiz Prezidenti boshchiligida yurtimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yuzaga keltirishga qaratilgan huquqiy hujjatlarda tadbirkorlarning manfaatlari tobora ustuvor ahamiyat kasb etayotganligini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilaman. 

Azizlar! 

Shaharsozlik borasidagi islohotlar natijasida Jizzax shahri ko’z o’ngimizda tanib bo’lmas darajada o’zgarib bormoqda. Yaqin kelajakda viloyatimizda umumiy qiymati 6 trillion 797 milliard so’m hajmda qurilish ishlarining amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan arzon, qulay va shinam uy-joylar barpo etilayotganligi aholining barcha qatlamlarini zamonaviy turarjoylar bilan ta’minlash imkoniyatini yaratayapti.

Shuningdek, o’tgan yili tibbiyot muassasalarini, xususan, qishloq vrachlik punktlarini zamonaviy davolash-tashxis uskunalari bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, barcha tumanlardagi tibbiyot muassasalariga o’nlab turdagi zamonaviy raqamli tibbiyot uskunalari ajratildi.

Yaxshi bilasizki, kirib kelayotgan 2017 yilda viloyatimizda yana bir muhim voqea — “Barkamol avlod” sport musobaqalarining respublika bosqichi bo’lib o’tadi. Ushbu kichik olimpiada nomini olgan bellashuvlar Vatanimizda sportni yanada rivojlantirish, yoshlarni sportga jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  Mazkur musobaqaning viloyatimizda o’tkazilishi yangi-yangi zamonaviy sport inshootlarining yuzaga kelishi uchun xizmat qiladi. Tabiiyki, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar vohamizdan yetishib chiqayotgan chempionlar safining kengayishiga omil bo’ladi.

Barchamizga ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda 2017 yil — “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilindi. Respublikamiz rahbarining xalq bilan muloqotni kuchaytirish va shu orqali aniqlanayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etishga qaratilgan izchil siyosati bugun odamlarimizning ko’nglini tog’dek ko’tarib, ertangi kunga bo’lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda. Bu boradagi ishlar yanada kengroq ko’lam kasb etishini respublikamiz Prezidenti tomonidan 2016 yilning 28 dekabrida qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmoni yana bir karra tasdiqlab turibdi.

Mazkur huquqiy hujjatda davlat organlarining barcha bo’g’inlarida xalq qabulxonalarining tashkil etilishi, virtual qabulxonalar doirasining kengayishi, ko’tarilgan masalalarni hal etish mexanizmlarining takomillashtirilishiga alohida e’tibor qaratilganligi yurtimizda inson manfaatlari har narsadan ustunligini, fuqarolarning huquqlari davlat tomonidan qat’iy himoyalanishini yana bir karra namoyon etadi. Yurtboshimizning “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan hayotiy da’vatlari barcha boshqaruv va huquq-tartibot idoralarining faoliyatida ustuvor yo’nalishga aylanishiga ishonaman.

Kirib kelgan 2017 yilda viloyatimiz ahlini olamshumul o’zgarishlar kutmoqda. Jumladan, Arnasoy tumanida bo’lib o’tgan saylovoldi uchrashuvida muhtaram Prezidentimiz “Hech shubha yo’qki, Sharof Rashidov nomini o’zbek xalqining tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib bo’lmaydi. Sharof Rashidov o’z xalqiga va Vataniga fidoyi farzand edi. Kelgusi yili ayni shu paytlarda xalqimizning otashqalb farzandi, atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludiga 100 yil to’ladi. Shu qutlug’ sanani butun mamlakatimiz miqyosida keng nishonlab, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o’tkazsak, u kishi tug’ilib voyaga yetgan tabarruk Jizzax zaminida muhtasham yodgorlik majmuasi barpo etsak”, deya taklif bildirib, yurtimizning taniqli farzandi nomini abadiylashtirishga, ulug’lashga ruhlantirdi.

Shuningdek, Prezidentimiz bu go’zal vohada tug’ilib kamolga yetgan ulkan adabiyot namoyandalari haqida so’z yuritib, “… Jizzax viloyatida xalqimizning atoqli farzandlari – Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga bag’ishlab, zamonaviy ijod markazi va uning tarkibida go’zal, muhtasham bir bog’ tashkil etsak, iste’dodli yoshlarimizning bu yerga kelib, adabiyot va san’at, musiqa sirlarini chuqur o’rganishini yo’lga qo’ysak, nur ustiga nur bo’lar edi.” degan fikrlari ham o’ylaymanki, har bir jizzaxlikman, adabiyot jonkuyariman, degan insonlar ko’nglini  g’urur va iftixorga to’ldiradi.   

Bunday tadbirlarimizni amalga oshirishda, biz, hech shubhasiz, keksa avlod vakillarining boy hayotiy tajribasiga, yoshlarimizning shijoati hamda iqtidoriga, ziyoli qatlam vakillarining intellektual salohiyatiga, tadbirkorlarimizning puxta va pishiq amaliy tashabbuslariga, lo’nda qilib aytganda, xalqimizning birligiga, hamjihat, hamfikr, hammaslak bo’lishiga tayanamiz. Shu nuqtai nazardan, barchamiz uchun doimo hushyor, ogoh va sezgir bo’lib yashash, yoshlarimizni milliy g’oya ruhida tarbiyalash, ularning ongi hamda qalbini turli zararli ta’sirlardan himoyalash eng asosiy vazifa bo’lib qolaveradi.

Qadrli yurtdoshlarim! 

Yangi yilning ushbu shukuhli damlarida barchamiz Yaratgandan ezgu orzu maqsadlarimizning ro’yobga chiqishini, xonadonlarimizning qut-barakasini, fayzini berishini chin dildan so’raymiz. Kirib kelayotgan Yangi yil barcha-barchamizga baxtu saodat, omad keltirsin!

Har birimizning pok niyat va tilaklarimiz ro’yobga chiqsin. Vatanimiz tinch, xalqimiz omon, osmonimiz musaffo bo’lsin! 

Yangi yilingiz muborak, azizlar!

Jizzax viloyati  hokimi                                         U.Uzoqov

  • Chop etish
  • Ko'rganlar soni: (1345)
  • Pdf ko'rish
Tweet about this on TwitterShare on Google+Share on Facebook

© 2010-2017 Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. Sayt materiallaridan foydalanganda www.jizzax.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart. Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing