Gerb Bayroq Madhiya Muhim sanalar Davlat mukofotlari

AQSH ishbilarmonlari bilan yangi loyiha amalga oshirildi

Jizzax viloyatida “SILVERLEAFE BMB AGRO TRADE GROUP” O‘zbekiston va AQSH qo‘shma korxonasi tuzildi. Joriy yilning mart oyida AQSHning “SILVERLEAFE INTERNATIONAL” kompaniyasi vakillari mamlakatimizga tashrifi davomida Jizzax viloyatining investitsion muhiti, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport imkoniyatlari bilan tanishgan edi.
Tashrif doirasida okean orti ishbilarmonlari viloyatning Arnasoy, Mirzacho‘l, Do‘stlik va Paxtakor tumanlari dalalarida, mashina-traktor parklarida, paxta qabul qilish punktlarida bo‘lib, yerlarning irrigatsiya tizimi, meliorativ holati, paxta xom ashyosini ilg‘or texnologiyalar asosida yetishtirish, qayta ishlash, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rgandi. 
Tashrif yakunlari bo‘yicha viloyat hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda AQSH kompaniyasi vakillari va jizzaxlik tadbirkorlar ishtirokida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash, eksport qilish bo‘yicha hamkorlik masalasi atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuv davomida AQSHlik ishbilarmonlar bilan yurtimizda faoliyat yuritayotgan “BMB Trade Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 
“SILVERLEAFE BMB AGRO TRADE GROUP” O‘zbekiston – AQSH qo‘shma korxonasi ham ushbu kelishuvga ko‘ra tashkil qilindi. Ushbu hamkorlikdagi loyihani amalga oshirish uchun 2019-2025 yillarda viloyatga 350 million dollar miqdoridagi investitsiyalarni jalb qilish mo‘ljallangan. 
Yangi qo‘shma korxonada paxta xomashyosini yetishtirishdan boshlab unga dastlabki ishlov berish, keyingi bosqichda mahsulotni korxonalarda qayta ishlash va tayyor to‘qimachilik mahsuloti ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni amalga oshirish belgilangan. Ayni paytda qo‘shma korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun tayyorgarlik ishlari borayotir. 

                                                                                                                             Toshqul Beknazarov, O‘zA
  • Chop etish
  • Ko'rganlar soni:

    (23)

  • Pdf ko'rish
Tweet about this on TwitterShare on Google+Share on Facebook

 

© 2010-2018 Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. Sayt materiallaridan foydalanganda www.jizzax.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart. Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing