Gerb Bayroq Madhiya Muhim sanalar Davlat mukofotlari

Jizzaxda bolalar va yoshlar bog’i ish boshladi

Jizzax shahridagi ilgarigi “Akva park” o’rnida zamon talablariga moslashtirilgan istirohat bog’i ishga tushirildi.

“Buxoro shirin” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan rekonstruksiya qilingan bolalar va yoshlar istirohat bog’ining ochilishiga bag’ishlangan tantanada viloyat hokimi o’rinbosari Eshtemir Ismatov ishtirok etdi.

Viloyat va shahar faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokidagi tantanali tadbirda so’z olgan Jizzax shahar hokimi  Akbar Shukurov dastlab shahrimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli bunyodkorlik ishlariga to’xtaldi. Jizzaxliklarni  barcha qulayliklarga ega bo’lgan bolalar va yoshlar bog’iga ega bo’lganliklari bilan muborakbod etdi va bunday xayrli ishlar hali davom etayotganligini ta’kidladi.

Tantanada keksalar va faxriylar nomidan so’zga chiqqan Xidir Shukurov  yig’ilganlarni qaytadan ish boshlagan zamonaviy bolalar va yoshlar maskani bilan tabrikladi.

Tadbirda ishtirok etgan bir guruh bolalarga viloyat hokimining sovg’alari topshirildi. Shundan so’ng darvozaga tortilgan ramziy lenta qirqildi. Tantana ishtirokchilari istirohat bog’ida yaratilgan sharoitlar, o’rnatilgan atraksionlar bilan tanishdilar.

—Oromgohni ana shu holatga keltirish uchun  24 milliard so’m bank krediti, 7 milliard so’m aylanma mablag’imiz sarf etildi,—deydi istirohat bog’i direktori  Dilshod Mo’sayev. —Bog’imizga tashrif buyurganlarning ko’ngilli hordiq chiqarishlari uchun barcha qulayliklar yaratildi. Eng zamonaviy 12 ta atraksion, jumladan respublikamizdagi yagona bo’lgan balandligi 50 metrli karusel’ ishga tushirildi. Umumiy ovqatlanish, xizmat ko’rsatish shahobchalari tashkil etildi. Ochiq basseyn ishlab turibdi.

Endi ko’pchilik ota-onalar  farzandlarini ayni yozgi  ta’tilda Samarqand yoki Toshkent shaharlaridagi bolalar bog’iga olib borishlariga hojat qolmadi.  Negaki, shahrimizdagi bolalar va yoshlar bog’ida  dam olib hordiq chiqarishlari uchun barcha imkoniyatlar muhayyo.

Bekpo’lat TOG’AYEV.

  • Chop etish
  • Ko'rganlar soni:

    (14)

  • Pdf ko'rish
Tweet about this on TwitterShare on Google+Share on Facebook

 

© 2010-2018 Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. Sayt materiallaridan foydalanganda www.jizzax.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart. Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing