Gerb Bayroq Madhiya Muhim sanalar Davlat mukofotlari

Jizzaxda milliy san’at festivali o’tkazildi

Shu nomda O’zMTDP Do’stlik tuman kengashi tomonidan tumandagi 1-umumta’lim maktabida milliy san’at festivali tashkil etildi.

Unda partiya faollari, o’qituvchilar va o’quvchi-yoshlar, folklor va badiiy jamoalar, mahalla faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Qayd etilganidek, milliy qadriyatlarimizni e’zozlash, globallashuv davrida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni turli mafkuraviy tahdidlardan himoya qilishda san’atning o’rni beqiyosdir. San’at – inson qalbida ezgu fazilatlarni kamol toptirishda muhim vositadir. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev ziyolilar bilan bo’lib o’tgan uchrashuvda ta’kidlaganidek “…Chekka-chekka hududlarimizda ham iqtidorli yoshlar ko’p. Ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, ijodiy kamoloti uchun yordam berish doimiy vazifamiz bo’lishi kerak. Balki, ularning barchasi ham katta san’atkor  bo’lib yetishmas, lekin musiqaga, san’atga mehr berib ulg’ayadi va bunday yigit-qizlardan yomonlik chiqmaydi”.

– San’at chin ma’noda fidoyilikni halol mehnatni talab etadi. Keyingi yillarda yoshlarning musiqiy didi, badiiy saviyasini tobora yuksaltirish, musiqa ta’limini sifat va mazmun jihatdan yangi, yuqori bosqichda tashkil etish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda, – deydi O’zMTDP Do’stlik tuman kengashi yetakchi mutaxassisi Nargiza Xolboyeva.

Festivalda folklor va badiiy jamoalar hamda o’quvchi yoshlar tomonidan xalqimizning “Oltin merosi”dan joy egallagan, ammo ming afsuski bugungi kunda unutilish arafasida turgan xalq og’zaki ijodidan namunalar aytildi, milliy cholg’ulardan kishini o’ziga chorlovchi kuylar yangradi.

– Ajdodlarimizdan meros xalq qo’shiqlari – alla, lapar, o’lan va aytishuvlarda millatimizning jo’shqin ijodiy ruhi, ezgu intilishlari, orzu maqsadlari mujassam. Xalq qo’shiqlarini tinglar ekanmiz, toliqqan ruhimiz tetiklashib, ko’tarinkilik, o’zimizga bo’lgan ishonch va g’ayrat hissa yanada ortib boradi, – deydi 1-umumta’lim maktabi musiqa fani o’qituvchisi Shoxsanam Qobilova.

Milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’ati hamda ko’p asrlik an’analarini saqlab qolish, yanada rivojlantirish – hunarmandchilik faoliyati bilan shug’ullanuvchi yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlashdan boshlanadi. Festival doirasida maktab o’quvchilarining milliy hunarmandchilikning kulolchilik, yog’och o’ymakorligi, gilamdo’zlik, do’ppido’zlik, quroqchilik, sandiqchilik hamda to’quvchilik yo’nalishlari bo’yicha ko’rgazmalari namoyish etildi.

Yakunda faol yoshlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Ulug’bek Mustafayev,

O’zMTDP Jizzax viloyat

 Kengashi matbuot kotibi

  • Chop etish
  • Ko'rganlar soni:

    (2)

  • Pdf ko'rish
Tweet about this on TwitterShare on Google+Share on Facebook

 

© 2010-2018 Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. Sayt materiallaridan foydalanganda www.jizzax.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart. Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing