Gerb Bayroq Madhiya Muhim sanalar Davlat mukofotlari

Jizzaxda tashkil etilgan davra suhbat qonun ijrosi muhokamasiga bag‘ishlandi

Jizzaxda O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni talablari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat, tuman va shahar hokimliklari gazetalari, tarmoq va nodavlat nashrlari muharrirlari, viloyat teleradiokompaniyasi rahbarlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni turli yot g‘oya va illatlar ta’siridan asrash, ularda mafkuraviy immunitetni mustahkamlashda mazkur qonun muhim huquqiy hujjat bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi. Qonun ijrosini ta’minlashda davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-avgustda mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvidagi ma’ruzasida belgilangan vazifalar muhim dasturilamal bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalarini liberallashtirish va rivojlantirish, so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan, demokratik talab va standartlarga to‘la javob beradigan 10 ga yaqin qonun hujjati qabul qilinib, bu borada mustahkam huquqiy baza yaratildi. Natijada axborot almashuv sur’ati tezlashib borayotir. Internet tarmog‘ida birgina Jizzax viloyatidan 29 uz domenli veb-sayt, axborot portali faoliyat ko‘rsatayotgani buning yorqin dalilidir.

Tadbirda mazkur qonunning maqsad va vazifalari, uni amalga oshirishga mas’ul tashkilot va muassasalarning vakolati, o‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar xususida atroflicha fikr almashildi. Bu yo‘nalishda matbuot, axborot, ta’lim muassasalari, ijodiy tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga tanqidiy baho berildi. Prezidentimiz tomonidan adabiyot, san’at va madaniyat sohalarini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish orqali xalqimiz ma’naviyatini boyitish, nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, kitob chop etish ishlarini yuqori bosqichga ko‘tarish sohasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda hududiy nashrlar, veb-saytlar faoliyatini to‘g‘ri yo‘naltirishning ahamiyati ortib borayotganiga e’tibor qaratildi.

– Ushbu qonun qabul qilinishi xalqaro maydonda axborot xuruji avj olayotgan bugungi kunda yoshlarimizni yot g‘oyalardan asrashda muhim ahamiyatga ega, – deydi viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Odilov. – Qonun talablaridan kelib chiqib, hududda axborot mahsulotlari ishlab chiquvchilarning axborotni yoshga oid tasniflash, ekspertizadan o‘tkazish ishlarini amalga oshirishda oldimizda katta vazifalar turibdi. Davra suhbatida axborot tayyorlash, tarqatishda mazkur qonun talablari bajarilishini ta’minlash, bu ishga tegishli muassasalar va keng jamoatchilikni faol jalb etish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab olindi.

 

Toshqul Beknazarov, O‘zA
  • Chop etish
  • Ko'rganlar soni:

    (0)

  • Pdf ko'rish
Tweet about this on TwitterShare on Google+Share on Facebook

 

© 2010-2017 Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. Sayt materiallaridan foydalanganda www.jizzax.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart. Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing