Gerb Bayroq Madhiya Muhim sanalar Davlat mukofotlari

Tomorqa- xonadon fayzi

Mamlakatimizda ichki iste’mol bozorini kartoshka, piyoz, sabzi, karam, pomidor, bodiring, qovoq, qovuntarvuz, ko’katlar, sitrus mevalar kabi qishloq xo’jalik mahsulotlari hamda asal, baliq, quyon va parranda, chorva mollari go’shti bilan to’ldirish masalasiga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar samarasida bozorlarimizda oziq – ovqat mahsulotlarining mo’l – ko’lligi, narx – navoning barqarorligi ta’minlanayotir.

Joylarda, xususan, viloyatimiz bozorlaridagi barqarorlik va to’kinlikni ta’minlashda tumanimiz dehqon-u tadbirkorlarining ham munosib hissasi bor. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugungi to’kin – sochinlikning zamirida kichik tadbirkorlik bilan shug’ullanayotgan hamyurtlarimizning ham o’rni salmoqlidir. Ular xonadonlaridagi tomorqalaridan unumli foydalanib asalari uyalari, issiqxonalar tashkil etib qishloq xo’jaligi mahsuloti hamda chorva mollari yetishtirish orqali elimiz dasturxonini to’kin – sochin qilmoqda. Tashkil etilayotgan issiqxonalar yurtimizda to’kinlik bo’lishi va xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

– Shahrimiz bozorlarida qish mavsumida yangi uzilgan pomidor, bodring yoki ko’katlarning, qolaversa, arzon sitrus mevalarining bo’lishini ilgari tasavvur qilish qiyin edi, – deydi shahrimizdagi «Ravalliq» mahallasida yashovchi otaxon Qahhor hoji Jabborov. – Qishloq xo’jaligi sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar hamda xalqimizning doimiy mehnati tufayli endilikda yilning to’rt faslida ham bozor astalari oziq-ovqat mahsulotlari bilan to’ldi.

Darhaqiqat, biz ajdodlarimiz orzu qilgan dorulomon kunlarda yashayapmiz. Xalqimiz ko’zi ertangi kunga bo’lgan umid va ishonchdan porlab turibdi.

Zero, yurtimiz tinch, bozor-u rastalarimiz, ayniqsa, elimiz dasturxoni turli noz-ne’matlarga to’la. Hukumatimiz tomonidan meva-sabzavotchilik, asalchilik, quyonchilik, chorvachilik – bir so’z bilan aytganda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning qo’llab-quvvatlanishi natijasida shahrimizda ham bog’ va sabzavot maydonlari kengaytirilmoqda, issiqxonalar tashkil etish ishlari izchil olib borilmoqda va natijada aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hajmi oshishiga erishilmoqda. Shuning barobarida tonnalab mahsulotni saqlovchi muzlatgichlar ham bunyod etilmoqda.

Meva – sabzavotchilik va uzumchilik bilan shug’ullanuvchi dehqon xo’jaliklari, bundan tashqari, o’z tomorqalarida ham kichik – kichik issiqxonalar bunyod etishayotgan hamshaharlarimiz soni yildan yilga oshayotgani quvonarli holat.

– Bizning mahallamizda ham aksariyat aholi o’z tomorqalaridan unumli foydalanib kelmoqda, – deydi «Ravalliq» mahalla fuqarolar yig’ini raisi Ubaydulla Xidirov. – Kimlardir daraxt ekib, bog’ barpo etgan bo’lishsa, boshqalari dehqonchilik qilishadi. So’nggi yillarda ba’zi xonadonlar o’z tomorqalarida issiqxonalar bunyod etishib, sitrus mevalar yetishtirishmoqda.

– Ularning mehnatlari evaziga qishda ham pomidor, bodring, ko’katlarni yangiligicha iste’mol qilmoqdamiz. Ana shunday mahalladoshlarimga qiziqib, farzandlarimiz bilan xonadonimizda issiqxona tashkil etganimizga 18 yil bo’ldi. 4 sotix maydondagi issiqxonada hozirda 40 tup limon ko’chatlari parvarishlanmoqda, – deydi Qahhor ota.

Xonadondagi issiqxonada limondan tashqari, limon ko’chatlari ham yetishtirilmoqda. Ekologik toza, nisbatan arzon bu ne’matlarga bozorlarimizda talab katta. Har yili xonadon egalari 200 dan ziyod limon ko’chatlari yetishtirish bilan mashg’ul.

– Issiqxona mashaqqatli mehnat talab etmaydi, – deydi Q.Jabborov. – Faqat agrotexnik tadbirlarni o’z vaqtida amalga oshirib borish lozim. Turli mineral ozuqalarini o’z vaqtida berib borish orqali yaxshigina hosilga ega bo’lasiz. Chorvaning go’ngini suyuq «sharbat» qilib ko’chatning tagiga solish hosilning ortishiga yordam beradi.

Qahhor ota xonadoni har yili 1,5-2 tonnaga yaqin limon hosili olib, oilasiga qo’shimcha daromad keltirmoqda. Olingan daromad evaziga to’ylar qilib, oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotgan nevara-chevaralarining sharoitlarini yaratib bermoqda. Jumladan, joriy yilda otaxonning nevaralari – Jamshid Haydarov, Shahzod Qahhorov AQSH va Koriya davlatlarining oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotgan bo’lsa, Mushtariy Murodjonova Rossiya davlatida jahon tillarini o’rganmoqda.

Yaqin kunlarda oila a’zolari o’z mablag’lari hisobidan mahalla, qolaversa, shahrimizda istiqomat qilayotgan onalarning og’irini yengil qilish maqsadida oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish niyatida. Hozirda ushbu bog’cha binosida qurilish va montaj ishlari yakuniga yetay deb qoldi.

Piru-badavlat otaxonning kelgusi avlod vakillarining turmush darajasini yaxshilash borasida qilayotgan mehnatlari tahsinga loyiq.

 

Laziz MAMATQULOV

 

  • Chop etish
  • Ko'rganlar soni:

    (10)

  • Pdf ko'rish
Tweet about this on TwitterShare on Google+Share on Facebook

 

© 2010-2017 Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. Sayt materiallaridan foydalanganda www.jizzax.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart. Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing