Работы по техническому обслуживанию сайта осуществляется

Gerb Bayroq Madhiya Muhim sanalar Davlat mukofotlari

Vatan ravnaqi va xalq saodatiga baxshida umr

Ikkinchi maqola

 Tahlikali kunlardagi jasorat

1989 yil… O’sha vaqtlari millat har jihatdan qiynalgan, ezilgan ruhiyat bilan yashardi. “Paxta ishi”, “O’zbek ishi” deb nomlangan qiynoqlar davom etardi.

Xalqimizni kamsitish, g’ururini poymol qilish, haqoratlash siyosati shu darajaga borib yetdiki, o’zbek xalqi poraxo’rlikda, qo’shib yozishda ayblanib, ming-minglab odamlar boshiga tuhmat va bo’htonlar yog’dirildi. Markazdan Gdlyan va Ivanovlar boshchiligidagi maxsus tergovchilar guruhi  millionlab tonna paxta yetishtirib, qo’llari qadoq bo’lgan xalqimizga tuhmat va malomat toshlarini yog’dirib, tergov jarayonlarida jismoniy tazyiqlar o’tkazib, ularning insoniy huquqlarini haqoratladilar. “Gdlyan guruhi tomonidan hammasi bo’lib, 800 ko’proq jinoiy ish tergov qilindi. Shularga ko’ra, 5 mingdan ko’proq kishi sudlandi. Ulardan 600 nafari rahbar xodimlar, 10 nafari Sotsialistik mehnat qahramoni edi. Jumladan, O’zbekiston SSR KP MKning 4 nafar kotibi, 8 nafar viloyat partiya qo’mitasi kotibi, O’zbekiston SSR Ministerlar Soveti raisi, O’zbekiston SSR Paxtachilik vaziri, IIVning 20 nafar rahbari bo’lgan”.

Bu jarayonga umrini dalada, mehnatda o’tkazgan oddiy brigadir, zvenochilar, mexanizatorlar ham tortilib, qamalgan edilar. Bularga ham pora olish, pora berish va paxtani qo’shib yozish kabi ayblovlar qo’yilgan edi-ki, axir bu insonlarga bunday ayblovlarni qo’yishning o’zi nohaqlik edi. Ko’pgina rahbarlarning ayollari, farzandlari va yaqin qarindoshlari ham qamoqqa olingan edi. Ayrimlari qiynoq va tazyiqlaridan qo’rqib, o’z jonlariga qasd qilishga majbur bo’ldi. Respublika aholisi qo’rquv va vahima ichida, ertangi kunga ishonchsiz bir ahvolda qoldi.

Tergovga tortilgan “aybdorlar”ning yaqinlari, farzandlarini qiynash, ularga xalq dushmanidek munosabatda bo’lish, butun bir oilalar boshiga qora kunlarni solish eng yomon tahqirlash emasmi? Farzandini qamoqqa olinishi tufayli qaddi bukilgan ota-onalar, turmush o’rtog’ini g’amlariga sherik bo’lgan ma’suma ayollar, og’ir kunlarda ko’z-yoshiga ko’milgan bolalarning aybi nima edi?

Bu ham yetmaganidek, sobiq Ittifoqdagi ayrim buzg’unchi kuchlar ta’sirida Farg’ona vodiysida 1989 yilning may oyining oxirlari – iyun’ oyining boshlarida milliy nizolar boshlanib, butun Farg’ona viloyati aholisi to’polonlar alangasi ichida qoldi va oqibatida begunoh insonlar halok bo’ldi, mingga yaqin kishi og’ir jarohatlandi. O’sha paytlari O’zbekistonning amaldagi rahbariyati bu voqeaga oddiy qulupnay voqeasi sababli yuza kelgan kelishmovchilik sifatida qaradi. Aslida vaziyat o’ta murakkab – boshi berk ko’chaga kirib qolgan edi.

Ana shunday sharoitda 1989 yil 23 iyunda Islom Karimov O’zbekiston rahbari sifatida ish boshladi. Siyosatshunos olim L.Levitin aytganidek, Islom Karimov hokimiyat boshqaruvini qo’lga olgan paytda O’zbekiston halokat yoqasiga kelib qolgan edi. Endi hech kim fojiali voqealar oqimini orqaga qaytara olmaydiganga o’xshardi. U hokimiyat tepasiga mamlakatni balo-qazolardan saqlab qoladigan kishi sifatida keldi.

Respublika rahbari sifatida ish boshlaganining ikkinchi kuni O’zbekiston Ministrlar Sovetida bo’lib o’tgan yig’ilishda Islom Karimov Farg’ona vodiysi vioyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish haqida nutq so’zlab, har qaysi viloyatdagi mas’ul shaxslardan aholining ijtimoiy yashash sharoitlari haqida hisobot berishni talab qiladi. Mazkur nutqida respublikada vujudga kelgan juda murakkab og’ir vaziyatni tahlil qilib, majlis ishtirokchilariga qarata: “Biz bundan buyon eskicha yashay olmaymiz va bunday yashashga zamonning o’zi yo’l qo’ymaydi” – deya masalani uzil-kesil qo’ydi.

1989 yilning 25 iyunida Islom Karimov janjal va to’polonlar avj olib, alanga ichida qolgan Farg’onaga yo’l oldi. Buyuk jasorat sohibi Islom Karimov g’azab otiga mingan odamlarning ichiga o’z hayotini xavf-xatarga qo’yib, hech qanday qo’riqchilarsiz bir o’zi kirib bordi va ular bilan chin dildan gaplashdi. Shu vaqtgacha qadar birorta rahbar ularning arzlariga quloq solmagan edi. Har bir vaziyat davlat rahbari tomonidan chuqur o’rganildi. Lovullab yonib turgan vaziyat ijobiy tomonga siljidi. Islom Karimovning aholi bilan yuzma-yuz so’zlashuvidan so’ng Farg’onadagi holat barqarorlashdi.

Ha, Farg’ona voqealari yangi tayinlangan rahbar uchun eng muhim sinov bo’ldi. Buni Islom Karimov shunday izohlagan edi: “O’zbek xalqining vijdoni pok, Farg’ona voqealari o’zbek xalqining irodasi bilan sodir bo’lmadi. Bu voqealarga tuturuqsiz va g’arazli maqsadlarni ko’zlab, kim qanday bo’yoq bermasin, tarix albatta o’zining adolatli hukmini chiqaradi”.

Bugun hamma yaxshi biladi – sho’rolarning so’nggi talvasasi, ya’ni Ittifoqni saqlab qolishga bo’lgan razil intilishlari milliy adovatlarni kuchaytirdi, mamlakat alanga ichida qoldi. Agarda o’shanda Islom Karimov tomonidan mohirlik bilan yo’l tutilmaganida vaziyat o’nglab bo’lmas darajaga kelib qolar edi. Buni keyinroq sodir bo’lgan O’sh voqealari ham isbotladi.

1990 yilning iyun oyida Qirg’izistonning O’sh viloyatida ham o’zbeklar va qirg’izlar o’rtasida millatlararo nizolar boshlanib, ikki tarafdan ham qurbonlar bo’ldi. Mana shunday tang vaziyatda Islom Karimov: “Toki men Prezident ekanman, biror o’zbek Qirg’iziston chegarasini yomon niyat bilan bosib o’tmaydi, qanday sabab bo’lishdan qat’iy nazar, qasos olishga yo’l qo’ymayman”.

Xullas, mo’’jiza tufayli respublika ikkinchi Qoraboqqa aylanishidan saqlab qolindi. Bunga Islom Karimov o’zining aniq siyosiy pozitsiyasiga ega ekanligi, dono va zukkoligi, uzoqni ko’ra oladigan strateg ekanligi tufayli erishilgan edi.

Islom Karimov jasorati va ibrati avloddan-avlodga mardlik namunasi bo’lib ming yillar davomida yashashiga shubha yo’q. Bir eslaylik 1991 yilning 9 dekabrida Namangan shahrida bir guruh qo’poruvchi kuchlar viloyat ijroiya qo’mitasi binosini egallab olib, O’zbekistonni islom davlatiga aylantirish bilan da’vosi bilan chiqqan edi. O’shanda bir guruh ekstremistlar respublika rahbari bilan uchrashishni talab qildi. Shu paytlari Islom Karimov Prezidenlikka nomzod edi. Shunday bo’lsa-da, o’z yurti va xalqi uchun hayotini, butun borlig’ini berishga tayyor bo’lgan buyuk Yurtboshimiz Toshkentdan Namanganga yo’l olib, jazavaga tushgan, johil olomon orasiga bir o’zi shiddat bilan kirib bordi va ular qo’ygan 75 talabni eshitib, bu yo’l mutlaqo qonunga zid ekanini va hech qachon yaxshilikka olib bormasligini ularga uqtirdi. Islom Karimov o’zining donishmandligi, mustahkam irodasi, salobati bilan lovullab yong’inni so’ndirdi va qon to’kilishini oldini oldi.

Istiqlolga endi erishgan, ammo siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni barqarorlashtirish uchun muhim vazifalarga hal etilishi zarur bo’lib turgan paytda ana shunday jasorat bilan tinchlik va osoyishtalikni saqlab qolishni o’zi bo’lmaganligi kundek ravshan.

     Raya Nurqulova,

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan xalq ta’limi xodimi.

 

 

  • Chop etish
  • Ko'rganlar soni:

    (10)

  • Pdf ko'rish
Tweet about this on TwitterShare on Google+Share on Facebook

© 2010-2017 Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. Sayt materiallaridan foydalanganda www.jizzax.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart. Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing