Gerb Bayroq Madhiya Muhim sanalar Davlat mukofotlari
2016 yil yanvar-dekabrda ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulotning (YAHM) hajmi 4 906,8 mlrd. so’mni tashkil etdi va 2015 yilning yanvar-dekabriga nisbatan o’sish sur’ati 109,4 foizga teng bo’ldi.
Korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri ma’lumotlariga ko’ra, 2017 yilning 1 yanvar holatiga ro’yxatga olingan yuridik shaxslar soni 11832 tani tashkil qilib, shundan faoliyat ko’rsatayotganlar soni 10693 tasi yoki 90,4 foizi faoliyat ko’rsatmoqda.
2017 yilning 1 yanvar holatiga ro’yxatga olingan jami kichik tadbirkorlik (biznes) sub’yektlarining soni 9 542 tani tashkil qildi.
2016 yil yanvar-dekabrda yalpi hududiy mahsulotning 80,3 foizi (2015 yil yanvar-dekabrda 80,1 foiz) kichik biznes sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarildi.
2016 yilning yanvar-dekabrida tashqi savdo aylanmasi 210 678,2 ming. AQSH dollarini, jumladan 135 235,8 ming. AQSH dollarini – eksport operatsiyalari, 75 442,4 ming. AQSH dollarini – import operatsiyalari tashkil etdi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi 59 793,4 ming. AQSH dollarini tashkil qildi.
2016 yil yanvar-dekabrda sanoat mahsuloti hajmi 1 938,1 mlrd.so’mni yoki o’tgan yilning shu davriga nisbatan o’sish sur’ati 117,8 foizni tashkil etdi.
2016 yilning yanvar-dekabrida ishlab chikarilgan (ko’rsatilgan xizmatlar) umumiy hajmi 2 412,0 mlrd. so’mni yoki 2015 yilning shu davriga nisbatan 106,3 foizni, shu jumladan, Dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik va bu sohalarda ko’rsatilgan xizmatlar hajmi 2 340,1 mlrd. so’mni, o’rmonchilik xo’jaliklarida 5,5 mlrd. so’mni (101,4 foiz), baliqchilik xo’jaliklarida 32,4 mlrd. so’mni (101,8 foiz) tashkil qildi.
2016 yil yanvar-dekabr oylarida barcha toifadagi xo’jaliklar tomonidan 420 512 tonna sabzavot (111,3 foizga ko’p), kartoshka 68 149 tonna (111,2 foizga ko’p), poliz 299 675 tonna (112,6) mevalar va rezavorlar 98 899 tonna (110,8 foiz) yetishtirildi.
2017 yilning 1 yanvar holatiga o’tgan yilning shu davriga nisbatan yirik shoxli qoramollar 105,1 foizga (jami 867,1 ming boshni tashkil qildi), shu jumladan sigirlar 100,5 foizga (235,7 ming bosh), qo’y va echkilar 105,5 foizga (1 823,1 ming bosh), otlar 101,3 foizga (22,3 bosh), parrandalar 110,3 foizga (2 641,6 ming. boshga) ko’paydi.
Fermer xo’jaliklari. 2016 yilning yanvar-dekabrida fermer xo’jaliklari tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo’jaligi mahsulotlari hajmi 798,6 mlrd. so’mni yoki 2015 yilning tegishli davriga nisbatan 102,3 foizni tashkil qildi. Qishloq xo’jaligi mahsulotlari umumiy hajmida fermer xo’jaliklarining ulushi 33,1 foizni tashkil etdi.
2016 yil yanvar-dekabrda viloyatning asosiy kapitalini ko’paytirishga 1 252,7 mlrd. so’m miqdorida investitsiyalar kiritildi va o’tgan yilning shu davriga nisbatan o’sish sur’ati 110,2 foizni tashkil qildi.
Qurilish: 22016 yil yanvar-dekabrda umumiy maydoni 638,3 ming kv.m. bo’lgan 4 037 ta (2015 yil yanvar-dekabrga nisbatan 109,4 foiz), shu jumladan qishloq joylarida 431,2 ming kv.m. (104,0 foiz) uy-joy foydalanishga topshirildi. Noishlab chiqarish sohasiga kiritilgan investitsiyalar hajmidan 633,9 mlrd. so’mi yoki 72,5 foizi uy-joy qurilishida o’zlashtirildi.
Qurilish: Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, musiqa va san’at maktablari qurish, qayta ta’mirlash hamda kasb-hunar kollejlariga va umumta’lim maktablariga sport inshoatlari qurilishida 58,3 mlrd. so’mlik investitsiyalar o’zlashtirildi, bu noishlab chiqarish sohasiga yo’naltirilgan investitsiyalarning 9,2 foizini va ta’lim sohasiga kiritilgan investitsiyalarning 3,9 foizini tashkil qildi.
Qurilish: Sog’liqni saqlash ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya ishlarida 37,6 mlrd. so’mlik investitsiyalar o’zlashtirildi, bu noishlab chiqarish sohasiga yo’naltirilgan investitsiyalarning 5,9 foizini va sog’liqni saqlash sohasiga kiritilgan investitsiyalarning 3,0 foizini tashkil qildi.
Qurilish: Kommunal qurilish sohasida 347,5 km. uzunlikdagi ichimlik suvi, 43,0 km. uzunlikdagi gaz tarmoqlari ishga tushirildi, bu 2015 yil yanvar-dekabrga nisbatan mos ravishda 119,7 va 89,0 foizni tashkil qildi.
Qurilish: Ichimlik suvi tarmoqlari qurilishiga aholi mablag’lari hisobiga 1,9 mlrd. so’m, gaz tarmoqlari qurilishiga esa 0,7 mlrd. so’m investitsiyalar o’zlashtirildi.
Qurilish: 2016 yil yanvar-dekabrda 912,7 mlrd. so’mlik qurilish ishlari bajarilib, o’tgan yilning shu davriga nisbatan o’sish sur’ati 111,8 foizni tashkil etdi.
Qurilish: Qurilish ishlari umumiy hajmining 68,2 foizi binolar va inshootlarni qurish bo’yicha qurilish ishlari, 23,1 foizi fuqarolik qurilishi ob’yektlarini qurish bo’yicha qurilish ishlari va 8,7 foizi ixtisoslashtirilgan qurilish ishlariga to’g’ri keldi. SHu jumladan umumiy hajmdan 79,3 foizi yangi qurilish, rekonstruksiya va kengaytirish hamda texnik jihatdan qayta jihozlashga to’g’ri keladi.
Qurilish: Nodavlat mulkchilik shaklidagi tashkilotlar tomonidan 840,6 mlrd. so’mlik qurilish ishlari amalga oshirilib, jami qurilish ishlari hajmidagi ulushi 92,1 foizni (2015 yil yanvar-dekabrga nisbatan o’sish sur’ati 113,3 foizni) tashkil qildi.
Yuk tashish: 2016 yil 1 yanvar holatiga barcha transport turlari tomonidan, 35,5 mln. tonna yuk tashilgan bo’lib, o’tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 foizga ko’paydi.

Viloyat haqida

Jizzax viloyatining ma`muriy-hududiy tashkil bo`lgan vaqti – 1973 yil 29 dekabr. Markazi Jizzax shahri. Viloyat tarkibida 12 tuman (Arnasoy, Baxmal, Do`stlik, Jizzax, Zarbdor, Zafarobod, Zomin, Mirzacho`l, Paxtakor, Yangiobod, Forish, G`allaorol), 1 ta viloyatga  (Jizzax sh.), 7 ta tumanga bo`ysunuvchi shahar-lar, 8 ta shahar tipidagi qo`rg`on, 561 ta qishloq mavjud.

Jizzax shahar

Viloyat O`zbekistonning markaziy mintaqasida joylashgan. Uzunligi sharqdan g`arbga 180 km, janubdan shimolga 175 km.ni tashkil etadi. Maydoni 21,1 ming kv.km. Qishloq xo`jaligida foydalaniladigan jami yer maydoni 4,8 ming kv.km. O`rmon va o`rmonchilik bilan bog`liq ekinlar ekiladigan maydon 1,8 ming kv.km. ni tashkil etadi. Maydonining katta qismini sharqdan g`arbga va qisman shimoli-g`arb tomonga cho`zilgan Chimqo`rtog` va Molguzar, g`arbdan sharqqa, sharqi-janubga tomon cho`zilgan Nurota tizma tog`lari, shimol tomondan Qozog`istondagi Chordara to`g`onidan Navoiy viloyati hududiga qadar cho`zilgan Aydarko`l tashkil etadi.

Bu qadimiy yurtda ajdodlarimiz zakovati, salohiyatidan darak beruvchi – qadimiy turkiylarning quyosh yili timsoli – “Quyosh taqvimi”, (“Saklar taqvimi“), har yili 19 fevraldan 21 martga qadar quyosh nuri tushadigan Huttosh, shuningdek, Qantartosh, Hamaltoshlar sirli bir dunyo. Viloyat hududida Sa`d ibn Vaqqos, Usmand ota, Novqa ota, Xo`jamushkent ota, Parpi ota, Sayfin ota, Savrik ota, Qulfisar ota kabi ziyoratgoxlar mavjud.

Viloyat rel`efi Turkiston va Nurota tizma tog`lari, katta hududlarni egallagan tog` yonbag`irlari, ko`pdan-ko`p qirlar va soylar, dasht va pastliklar, umumiy sathi 3,1 ming kv.km. dan ortiqroq Aydar-Arnasoy-Tuzkon ko`llarining qo`shilib ketgani hamda janubdagi balandligi 2600 metr bo`lgan Molguzar tog`idan shimoliy hududdagi Aydarko`lgacha (240 metr) pasayib borishi bilan ajralib turadi. Baxmal va G`allaorol tumanlari esa Turkiston va Nurota tizma tog`lari botig`ida o`rinlashgan. Viloyat hududidagi tog`larning eng balandi 3401 metr.

Viloyat janubi-sharqda Tojikiston, janubi-g`arbda Samarqand, g`arbda Navoiy viloyatlari, shimoli-sharqda Qozog`iston va Sirdaryo viloyati bilan chegaradosh. CHegarasining umumiy uzunligi 850 kilometrdan ortiq.

Viloyatda uzunligi 143 km. bo`lgan Sangzor daryosi bor. Viloyatda jami suv yuzasi 100 kv.km.ni va umumiy hajmi 205,0 mln. kubometrni tashkil etuvchi Jizzax, Zomin, Qorovultepa suv omborlari barpo etilgan. 220 dan ortiq artezian quduq orqali yiliga kamida 125 mln. kubometr yer osti suvi olinadi. Yerosti suvlaridan foydalanish jami sug`orishning 20 foizi atrofida. Uzunligi 94 km. bo`lgan Tuyatorlar kanali Zarafshon daryosi suvini Sangzorga quyadi. Bu suvlar bilan Baxmal, G`allaorol va Jizzax tumanlarida 37,5 ming gektar ekinzorlar sug`oriladi. Viloyat qishloq xo`jaligining asosiy zonasi Sirdaryodan suv oladi. SHu maqsadda 127 km. uzunlikdagi va sekundiga 300 kubometr suv berish darajasidagi Janubiy Mirzacho`l kanali ishlab turibdi. 3 ta nasos stantsiyasi suvni 176 metr balandlikka ko`tarib beradi. SHu bilan birga, 2-Janubiy Mirzacho`l kanali ham barpo qilingan. Bu kanallar orqali jami 232 ming gektar ekinzor yer suv bilan ta`minlanadi. Tabiiy buloqlardan yiliga o`rtacha 16-20 mln. kubometr suv olish imkoniyati mavjud.

Sug`oriladigan yer maydonlari hududidan sizot suvlarni olib chiqish, tuproqning sho`rlanish darajasini pasaytirish uchun jami 250 ming gektar maydonda drenaj barpo etilgan. Aholini ichimlik suvi bilan ta`minlash uchun sutkasiga 68,5 ming kubometr suv bera oladigan 75 ta suv manbaidan foydalanilmoqda.

Baxmal, Zomin, G`allaorol tumanlari hamda Jizzax va Forish tumanlarining tog`li hududlarida yog`ingarchilik nisbatan mo`l bo`ladi. Haroratning mo«tadilligi sababli Baxmal, G`allaorol va Forish botiqlarida, Zominsoy, Yettikechuv va Ko`rpasoyda suvning parlanishi nisbatan kam.

Viloyat tabiatining o`ziga xos xususiyatlaridan biri tog`lar va tog` yonbag`irlari tarkibida temir, oltingugurt, vodorod, radiy, kremniy kislotasi, karbon gazi, ishqorli termo-minerallar bo`lgan bir qator shifobaxsh suv manbalarining mavjudligidir. G`allaorol, Forish, Mirzacho`l tumanlarida ana shunday balьneologik suvlar bilan davolovchi “Marjonsuv”, “Birlashgan”, “Gagarin” nomli sanatoriylar va bir necha profilaktoriylar ishlab turibdi. SHuningdek, Zomin, Jizzax, Baxmal tumanlarida ham ma`danga boy suv manbalari bor. Viloyatdagi barcha ma`danli suvlar kimyoviy va balьneologik tarkibiga ko`ra eng mashhur mineral manbalaridan qolishmaydi. Umumiy hajmi 177,5 kub.km.ni tashkil etuvchi sulьfat-xlorid-natriyli, odamlardagi turli xil kasalliklarni davolashda ta`sirchan quvvatga ega bo`lgan Chimqo`rg`on balchig`i mavjud. Hozirgi paytda bu balchiqdan viloyatdagi fizioterapiya shifoxonalarida, sanatoriylarda, shu yo`nalishdagi respublika davolash muassasalarida keng foydalanilmoqda.

O`tgan asrning 70-yillaridan boshlab Qozog`iston hududidagi Chordara suv omborida to`planayotgan suvning miqdori keskin ko`payib borishi umumiy maydoni 3100 kv.km. dan ortiq, uzunligi 200 km, kengligi 40 km. dan ziyodroq va chuqurligi 40 metrgacha bo`lgan Aydar-Arnasoy-Tuzkon ko`llar tizimining paydo bo`lishiga olib keldi.Viloyat tabiati juda rang-barang. Qishloq xo`jaligi mahsulotlarining ko`pgina turlarini ishlab chiqarish imkoniyatlari yetarli. Tog` yonbig`irlaridagi adirlar lalmikor dehqonchilik, bog`dorchilik, uzumchilik va chorvachilikni yanada rivojlantirishga juda qulay. Hudud rang-barang tabiiy manzaralari, noyob va ekzotik rel`efi, o`ziga xos mo«tadil iqlimi bilan ajralib turadi. Bu tabiiy o`ziga xoslik bevosita xududning ancha qismini egallagan tog`lik zona bilan bog`liq. Tog` yonbag`irlaridagi bir-biridan go`zal tabiat go`shalari, archazorlar, bodomzorlar, yong`oqzorlar, shifobafsh o`tloqlar, soyliklar, zilol suvlar, hatto musaffo havo qatlamining o`zi bir olam. Tog` yonbag`irlari, ulkan daralarda, qirlar va soyliklarda kamyob o`simliklar va hayvonlar, parrandalarning turfa xillari mavjud.

Baxmal qirlarida ulkan bog`, dengiz satxidan 2600 metr balandlikdagi ma`danli suv, Xalq bog`i va qo`riqxonalar, ajoyib sharsharalar qirlar bag`ridagi o`nlab chashmalar saxiy tabiatning o`ziga xos ne`matidir. 1976 yili tashkil qilingan 48 ming gektarli Zomin Xalq bog`ining tabiati o`ta go`zal. Balandligi dengiz sathidan 4 ming metrgacha cho`zilgan tog` yonbag`rida havo qatlami bahor va yozda kamalak rangida tovlanadi. Qalin archazorlar va bahaybat daralar, soyliklardagi toshqin suvlar go`yo tabiatning haqiqiy ko`rgazmasini eslatadi. SHuning uchun ham bu yerdan dam oluvchilar, sayyohlarning keti uzilmaydi. Xalq bog`i yonida Zomin qo`riqxonasi tashkil etilgan. Xalq bog`i va qo`riqxonaning umumiy maydoni 78 ming gektar. Bu qo`riqxonada 100 dan ortiq shifobaxsh va dorivor o`simliklar, oq tirnoqli ayiq, yovvoyi cho`chqa, bo`rsiq, olqor (tog` qo`yi), jayra kabi hayvonlar, kemiruvchilar, kalxat, qora turna, bulduruq, tuvaloq, kaklik, tustovuq kabi parrandalarning 150 dan ortiq turlari uchraydi. Ushbu tabiat maskanida “Zomin” sanatoriysi, “O`riklisoy” dam olish maskani, o`ndan ortiq bolalar oromgohlari, dam olish uylari ishlab turibdi. SHuningdek, Baxmal tumanidagi tog` yonbag`irlaridagi tabiiy ajoyibotlar, salqin va toza havoli soyliklar, o`rmonzorlar bahor, yoz va kuz mavsumlarida dam oluvchilar uchun sevimli maskanga aylangan.

Viloyat hududi dengiz sathidan ancha balandda joylashgani, tuproq hosil qiluvchi jinslarning turfa xilligi, iqlim sharoiti, o`simlik qoplami hamda yerdagi xo`jalik faoliyatining turliligi sababli cho`l, cho`l-dasht, quruq dasht, o`rmon-dasht va baland tog`lar yonbag`irlarida o`tloq zonalar bilan farqlanadi. Hududda tog`lardan uzoqlashgan sari tuproqning gips qatlami yer yuzasiga yaqinlashib, sho`rlanish darajasi nisbatan ortib borishini kuzatish mumkin.

Sug`oriladigan yerlarda madaniy voha tuproqlari, tog` yonbag`irlarida to`q tusli bo`z yoki oq tusli jigarrang tuproq mavjud. Dengiz sathidan 1800 metrgacha baland bo`lgan tog` yonbag`irlarida to`q tusli bo`z tuproq, jigarrang va o`rmon qo`ng`ir tuproqlari mavjud. Dengiz sathidan 2000 metr va undan baland hududlar tuproqlari esa och qo`ng`ir tusda.

Viloyat hududida o`simliklarning jami 3000 dan ortiq turlari o`sadi. Ular asosan tuproq tarkibidagi sho`rning kamayib borishiga bog`liq xolda ko`payib boradi. Namgarchilik nisbatan kam va quruq bo`lgan cho`l va cho`lga tutash yerlarda efemir va efemeroid o`simliklar o`sadi. Tog` yonbag`irlarida gulxayri, arslonquyruq, chayir, chalov, bug`doyiq, shuvoq, tog` yalpizi ko`proq uchraydi. Tog`lardagi katta-katta maydonlarda turli tusdagi archazorlar, ular tagida har xil o`tlar, butalar, archazorlardan quyiroqda bodom, yong`oq, zaran, do`lana, tog` olchasi, yovvoyi olma keng tarqalgan. Tog`lar va tog` yonbag`irlarida na`matak, erbo`ta, zirk, irg`ay, tog` piyozi, kiyiko`t, rovoch, gulqoqi, yeryong`oq, arpabodiyon, zira kabi yuzdan ortiq dorivor o`simliklar ajralib turadi.

Viloyat rel`efi shimol, shimoli-g`arb tomondagi pasttekisliklar, cho`l va dashtlardan qirlar, tog`lar sari balandlab borishi bilan bog`liq ravishda xayvonlarturlari xam ko`payib boradi.

Baliqchilikning rivojlanishida eng muxim manbaga aylangan Aydar- Arnasoy-Tuzkon ko`llarida baliqning yigirmadan ortiq turlari, xususan, zog`ora baliq, laqqa, sudak, ilon baliq kabi turlari bor.

Viloyat boy tabiiy resurslarga ega. Ko`pgina foydali qazilma zahiralari aniqlangan. Forish tumanida qo`rg`oshin, rux, va ohaktosh, G`allaorol tumanida oltin va mis, volьfram va volostanit, Baxmal tumanidagi marmar konlari shular jumlasidan. Viloyat qurilish mahsulotlari zahirasiga boyligi bilan ajralib turadi. Baxmal tumanida 3,5 million kubometr qoplanuvchi tosh, 4,5 million kubometr g`isht-agloporit xomashyosi, marmar, ohaktosh, G`allaorol tumanida 42,6 million tonna tsement xomashyosi, 14 million kubometr g`isht-agloporit, 1,8 million tonna volostanit, marmar, Jizzax tumanida 2,5 million kubometr marmar, 9,5 million kubometr silikat mahsulotlari xomashyosi, 21 million tonna abraziv, korund, Zomin tumanida 1,6 million kubometr g`isht-agloporit xomashyosi, Forish tumanida 13,6 million tonna tsement xomashyosi, 2,3 million kubometr qum-shag`al zahirasi mavjud.Viloyatda juda katta ohaktosh manbalari mavjud. Ayni paytda yiliga 100 ming tonna ohak tayyorlovchi zavod ishlab turibdi. Bevosita Forish tumanidagi ohak koni qoshida yiliga 260 ming tonna ohak va 2500 ming kubometr ohaktosh tayyorlovchi yangi – Jizzax ohak zavodi qurilgan. Viloyatda 22 ta o`rta va kichik g`isht korxonalari faoliyat ko`rsatmoqda. G`isht-agloporit zahirasi yana 20 ta g`isht zavodi qurish imkonini beradi.

Katta hajmli zahiraga ega ganch, korund, granit, marmar, bazalt ishlab chiqarish mo`ljallangan. Umuman, viloyat hududi qoplama, pardozlash va qimmatbaho toshlar, marmar, korund, bazalьt zahiralariga boyligi yuqori texnologiyaga asoslangan korxonalar qurish imkoniyatining yuqoriligini ko`rsatadi. Viloyatning tabiiy iqlim sharoiti keskin mo«tadil. Yozi quruq va issiq, qishi nisbatan yumshoq. Baxmal, qisman Zomin, Forish tumanlarining tog`li xududlarida yoz fasli biroz salqin o`tadi.

Yilning eng issiq oyi cho`l zonalarida iyunь-iyulь, tog` zonasida iyulь-avgust. Kunduz yozda 15 soat, qishda 9 soat davom etadi.Yanvarь oyida harorat +1, +4 daraja, iyulь oyida esa +26, +28 daraja. Bir yillik yog`in miqdori 400-500 mm. Vegetatsiya davri 240-260 kun. Havoning namlik darajasi qishda 70-80%. Bir yilda quyoshli kunlar 2800-3000 soat atrofida. Birinchi qorning yog`ishi asosan oktyabrь oyiga to`g`ri keladi. Viloyat hududining nisbatan yaxlitligi va subtropik kengliklarga yaqinligi harorat rejimining birxilligini ta`minlaydi. Yil davomida o`rtacha 250-270 kun havo ochiq, osmon beg`ubor bo`ladi. Fevraldan noyabrgacha quyosh energiyasi nisbatan ko`proq bo`ladi. Havoning harorat yig`indisi janubiy pasttekisliklarda 5,5 ming daraja, shimoliy pasttekisliklarda 4,3 – 4,5 ming darajaga yetadi. Viloyat hududida yog`ingarchilik asosan qish va baxor fasllariga to`g`ri keladi. SHimoldan janubga tomon yog`ingarchilik ko`payib boradi. Yillik yog`in miqdori balandligi 276 metr bo`lgan Mirzacho`lda 295 mm, balandligi 392 metr bo`lgan Jizzaxda 336 mm, balandligi 1313 metr bo`lgan Sangzorda 400 mm. dan oshadi. Qor turib qoladigan kunlar bir yilda tekisliklarda 20-22 kun, tog`li hududlarda 60-70 kunni tashkil etadi.

Hududning tekislik qismida yillik yog`in miqdori 200 mm atrofida. Bug`lanish darajasi 100-120 mm. ga teng. Viloyat hududida shimoli-g`arbda vaqti-vaqti bilan kuchli shamollar bo`lib turadi. Aprel va may oylarida kuchli shamol, do`l va jala yog`ish xolatlari uchraydi.

Aholisi 1166,7 ming kishi (2012 yil 1 yanvarь holatiga). 1990 yilda viloyatda shahar aholisi 225,8, qishloq aholisi 534,0 ming kishi edi. Mustaqillik yillarida shahar aholisi salkam 100 ming kishiga ko`paygan bo`lsa, qishloq aholisi 220 ming kishiga ko`paydi.

Tarkibiga ko`ra 70 dan ortiq millat vakillari bor. Umumiy aholining 83%ini o`zbeklar tashkil etadi. O`rtacha zichligi bir kv. km. ga 50,2 kishi.Umumiy aholi sonining qariyb 45,5 foizini bolalar, o`smirlar, nafaqadagilar, 54,5 foizini mehnatga layoqatli kishilar tashkil etadi.

Viloyatda aholi soni 1985 yildan 1995 yilgacha 246500 kishiga ko`paygan bo`lsa, 1996-2008 yillarda 300 mingdan ortiq kishigi ko`paydi.Viloyatda shahar axolisi sonining umumiy aholi sonidagi salmog`i keyingi yillarda tobora ko`payib bormoqda. Bunga sabab yangi shaharlar va shahar tipidagi qo`rg`onlarning ko`payib, ularda aholi sonining tez sur`atlar bilan o`sayotganligidir. Viloyat markazi Jizzax shahrida aholi soni keyingi 30 yilda qariyb 3 barobar ko`paydi. Urbanizatsiya jarayonida G`allaorol, Jizzax, Do`stlik, Mirzacho`l, Paxtakor shaxarlari katta o`rin tutmoqda.

Viloyatda mehnat resurslari yil osha o`sib bormoqda. Agar 2004 yili ularning soni 533,6 ming kishini tashkil yetgan bo`lsa, 2008 yilga kelib bu ko`rsatgich 598,6 ming kishiga yetdi. Natijada o`tgan 4 yil mobaynida jami 65 ming kishiga ko`paydi. SHu bois viloyatda yangi ish o`rinlari yaratish masalasiga alohida ahamiyat qaratilib, birgina 2008 yili 29,2 mingta yangi ish o`rni yaratildi.

Viloyatda asosiy ishlab chiqarish sohasi bu – paxta va g`alla yetishtirishdir.

“2004-2009 yillarda Maktab ta`limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi” asosida birgina 2004-2008 yillarda 21 ta yangi maktab qurildi. 165 ta maktab kapital rekonstruktsiya qilindi, 196 maktab kapital va 25 ta maktab joriy ta`minlandi. Viloyatda maktablar soni 549 taga yetkazildi. Shu asno 146,1 ming o`quvchi o`rni ishga tushirildi. Kollej va litseylar soni 52 taga yetdi.

Aholi sog`lig`ini saqlash va yanada mustaxkamlash uchun 48 ta shifoxona, 2 ta “Tez yordam” markazi, 174 ta qishloq vrachlik punktlari, 17 ta dispanser, 14 ta poliklinika (xususiy tabobat markazlari bundan mustasno), diagnostika markazi, “Saxovat” sog`lomlashtirish markazlari ishlab turibdi. Viloyatda sport bilan shug`ullanuvchilar soni 300 mingdan oshib ketdi. Bular safida 149 mingga yaqin xotin-qizlar bor. 2008 yilda viloyatning sportchi yoshlari xalqaro va respublika musobaqalarida 80 dan ortiq oltin, 75 ta kumush, 95 ta bronza medallarini qo`lga kiritdilar.Viloyatda xorijiy sarmoyalarni jalb etish asosida 34 ta qo`shma korxona ro`yxatga olinib, shundan 25 tasi faoliyat yuritmoqda. Birgina, 2008 yilda 5 ta qo`shma korxona ishga tushirildi.

Viloyatda zamonaviy kommunikattsiya tarmoqlari, elektr, gaz, ichimlik suv xizmati, madaniy-maishiy, savdo va boshqa hizmat ko`rsatuvchi ob`ektlar, qator firmalar, 160 dan ortiq yo`nalishlarda yo`lovchi transport xizmati, qator ko`rkam to`yxonalar, Jizzax viloyat teleradiokompaniyasi, shahar televideniesi, “Jizzax” radiokanali, 30ga yaqin nomda gazeta va jurnallar, 4 ta axborot – resurs markazlari ishlabturibdi.

Viloyatlararo va xorijiy davlatlarni bog`lovchi magistral yo`l viloyat hududidan o`tgan.

 
  • Chop etish
  • Ko'rganlar soni: (5302)
  • Pdf ko'rish
Tweet about this on TwitterShare on Google+Share on Facebook

© 2010-2017 Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. Sayt materiallaridan foydalanganda www.jizzax.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart. Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing