Gerb Bayroq Madhiya Muhim sanalar Davlat mukofotlari
2016 yil yanvar-dekabrda ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulotning (YAHM) hajmi 4 906,8 mlrd. so’mni tashkil etdi va 2015 yilning yanvar-dekabriga nisbatan o’sish sur’ati 109,4 foizga teng bo’ldi.
Korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri ma’lumotlariga ko’ra, 2017 yilning 1 yanvar holatiga ro’yxatga olingan yuridik shaxslar soni 11832 tani tashkil qilib, shundan faoliyat ko’rsatayotganlar soni 10693 tasi yoki 90,4 foizi faoliyat ko’rsatmoqda.
2017 yilning 1 yanvar holatiga ro’yxatga olingan jami kichik tadbirkorlik (biznes) sub’yektlarining soni 9 542 tani tashkil qildi.
2016 yil yanvar-dekabrda yalpi hududiy mahsulotning 80,3 foizi (2015 yil yanvar-dekabrda 80,1 foiz) kichik biznes sub’yektlari tomonidan ishlab chiqarildi.
2016 yilning yanvar-dekabrida tashqi savdo aylanmasi 210 678,2 ming. AQSH dollarini, jumladan 135 235,8 ming. AQSH dollarini – eksport operatsiyalari, 75 442,4 ming. AQSH dollarini – import operatsiyalari tashkil etdi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi 59 793,4 ming. AQSH dollarini tashkil qildi.
2016 yil yanvar-dekabrda sanoat mahsuloti hajmi 1 938,1 mlrd.so’mni yoki o’tgan yilning shu davriga nisbatan o’sish sur’ati 117,8 foizni tashkil etdi.
2016 yilning yanvar-dekabrida ishlab chikarilgan (ko’rsatilgan xizmatlar) umumiy hajmi 2 412,0 mlrd. so’mni yoki 2015 yilning shu davriga nisbatan 106,3 foizni, shu jumladan, Dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik va bu sohalarda ko’rsatilgan xizmatlar hajmi 2 340,1 mlrd. so’mni, o’rmonchilik xo’jaliklarida 5,5 mlrd. so’mni (101,4 foiz), baliqchilik xo’jaliklarida 32,4 mlrd. so’mni (101,8 foiz) tashkil qildi.
2016 yil yanvar-dekabr oylarida barcha toifadagi xo’jaliklar tomonidan 420 512 tonna sabzavot (111,3 foizga ko’p), kartoshka 68 149 tonna (111,2 foizga ko’p), poliz 299 675 tonna (112,6) mevalar va rezavorlar 98 899 tonna (110,8 foiz) yetishtirildi.
2017 yilning 1 yanvar holatiga o’tgan yilning shu davriga nisbatan yirik shoxli qoramollar 105,1 foizga (jami 867,1 ming boshni tashkil qildi), shu jumladan sigirlar 100,5 foizga (235,7 ming bosh), qo’y va echkilar 105,5 foizga (1 823,1 ming bosh), otlar 101,3 foizga (22,3 bosh), parrandalar 110,3 foizga (2 641,6 ming. boshga) ko’paydi.
Fermer xo’jaliklari. 2016 yilning yanvar-dekabrida fermer xo’jaliklari tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo’jaligi mahsulotlari hajmi 798,6 mlrd. so’mni yoki 2015 yilning tegishli davriga nisbatan 102,3 foizni tashkil qildi. Qishloq xo’jaligi mahsulotlari umumiy hajmida fermer xo’jaliklarining ulushi 33,1 foizni tashkil etdi.
2016 yil yanvar-dekabrda viloyatning asosiy kapitalini ko’paytirishga 1 252,7 mlrd. so’m miqdorida investitsiyalar kiritildi va o’tgan yilning shu davriga nisbatan o’sish sur’ati 110,2 foizni tashkil qildi.
Qurilish: 22016 yil yanvar-dekabrda umumiy maydoni 638,3 ming kv.m. bo’lgan 4 037 ta (2015 yil yanvar-dekabrga nisbatan 109,4 foiz), shu jumladan qishloq joylarida 431,2 ming kv.m. (104,0 foiz) uy-joy foydalanishga topshirildi. Noishlab chiqarish sohasiga kiritilgan investitsiyalar hajmidan 633,9 mlrd. so’mi yoki 72,5 foizi uy-joy qurilishida o’zlashtirildi.
Qurilish: Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, musiqa va san’at maktablari qurish, qayta ta’mirlash hamda kasb-hunar kollejlariga va umumta’lim maktablariga sport inshoatlari qurilishida 58,3 mlrd. so’mlik investitsiyalar o’zlashtirildi, bu noishlab chiqarish sohasiga yo’naltirilgan investitsiyalarning 9,2 foizini va ta’lim sohasiga kiritilgan investitsiyalarning 3,9 foizini tashkil qildi.
Qurilish: Sog’liqni saqlash ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya ishlarida 37,6 mlrd. so’mlik investitsiyalar o’zlashtirildi, bu noishlab chiqarish sohasiga yo’naltirilgan investitsiyalarning 5,9 foizini va sog’liqni saqlash sohasiga kiritilgan investitsiyalarning 3,0 foizini tashkil qildi.
Qurilish: Kommunal qurilish sohasida 347,5 km. uzunlikdagi ichimlik suvi, 43,0 km. uzunlikdagi gaz tarmoqlari ishga tushirildi, bu 2015 yil yanvar-dekabrga nisbatan mos ravishda 119,7 va 89,0 foizni tashkil qildi.
Qurilish: Ichimlik suvi tarmoqlari qurilishiga aholi mablag’lari hisobiga 1,9 mlrd. so’m, gaz tarmoqlari qurilishiga esa 0,7 mlrd. so’m investitsiyalar o’zlashtirildi.
Qurilish: 2016 yil yanvar-dekabrda 912,7 mlrd. so’mlik qurilish ishlari bajarilib, o’tgan yilning shu davriga nisbatan o’sish sur’ati 111,8 foizni tashkil etdi.
Qurilish: Qurilish ishlari umumiy hajmining 68,2 foizi binolar va inshootlarni qurish bo’yicha qurilish ishlari, 23,1 foizi fuqarolik qurilishi ob’yektlarini qurish bo’yicha qurilish ishlari va 8,7 foizi ixtisoslashtirilgan qurilish ishlariga to’g’ri keldi. SHu jumladan umumiy hajmdan 79,3 foizi yangi qurilish, rekonstruksiya va kengaytirish hamda texnik jihatdan qayta jihozlashga to’g’ri keladi.
Qurilish: Nodavlat mulkchilik shaklidagi tashkilotlar tomonidan 840,6 mlrd. so’mlik qurilish ishlari amalga oshirilib, jami qurilish ishlari hajmidagi ulushi 92,1 foizni (2015 yil yanvar-dekabrga nisbatan o’sish sur’ati 113,3 foizni) tashkil qildi.
Yuk tashish: 2016 yil 1 yanvar holatiga barcha transport turlari tomonidan, 35,5 mln. tonna yuk tashilgan bo’lib, o’tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 foizga ko’paydi.

Tarixi

JIZZAX TARIXIDAN

Jizzax juda qadimiy – o’z tabiati,  iqlim sharoiti, rel’efi, hayvonot va nabotot dunyosi bilan hazrati insonga atalgan ko’rkam go’shalardan biri deyishga arzigulik voha. Uning janubiy, qisman g’arbiy tomonini o’rab turgan Turkiston va Nurota tizma tog’lari, shimoliy hududidagi Arnasoy – Aydar – Tuzkon ko’llari relefiga ham, tabiiy go’zalligiga ham o’zgacha husn bag’ishlash bilan birga, keskin mo’’tadil iqlimni ta’minlab turadi. CHo’qqilar qor, muzliklar bilan qoplangan CHovkar tog’, Usturshona tizimi tog’lari bag’rida qalin archazorlar yastanib yotibdi. Jaziramada ham CHovkar tog’ bag’rida ming bir rangda kamalak jilolari tovlanib yotadi.

Dengiz sathidan 1800 metr balandlikdagi tog’ yonbag’irlaridan archazorlar boshlanib ketadi. Tog’lar balandlagan sayin archazor qalinlashib boraveradi.

Viloyatda 20 dan ortiq g’orlar bor. Garchi ular mutaxassislar tomonidan o’rganilmagan bo’lsa-da, birgina Pishog’or g’orini kuzatgan havaskorlarning xotirlashlaricha, g’or ichida sahni keng va uzun maydon (zal), kuli qizg’ish o’choq, tosh devorlarga ishlangan rasmlar va petroglif yozuvlar bisyor. Bundan tashqari, uzundan uzun cho’zilgan g’or sun’iy to’silib, navbatdagi zal uchun qo’shimcha zinalar qilingani bu joyda qadim – qadimda ibtidoiy odamlar yashaganligidan dalolat beradi.

Molguzar tog’ining janubidagi ulkan g’ordan qachonlardir Budda ibodatxonasi sifatida foydalanilgan. “Suy sulolasi tarixi” kitobida ham SHarqiy TSao (Usturshona) xususida so’z yuritilib, “Bu joyda Yecha shahri bor. Bu shaharda og’zi mustahkam yopilgan g’or bo’lib, yiliga ikki marta qurbonlik qilingan”, deyiladi.

Yoki Molguzar tog’ining yelkasida dengiz sathidan ikki ming olti yuz metr balandlikda joylashgan ma’daniy Tovoqbuloqning o’zini bir mo’jiza deyish mumkin. Baxmal tumanining Oqtosh daryosida tik qoyali tog’lar yelkasidagi ulkan qabristonni, uning yonidagi haybatli “Qon tomdi” darasini aytmaysizmi!

Yoxud Zomin tumanida tog’ tepasidagi Suffa maydonidan chiqadigan buloq, uning yaqinidagi Muzbuloq, Baxmaldagi baland tog’ tepasida barpo etilgan bog’ – bularning barchasi qadim tarixdan so’zlaydi. Tog’larga tutashib ketgan soyliklar, muzliklardan oqib keluvchi buloqlar, soyliklarni qoplagan daraxtzorlar. 100 ga yaqin shifobaxsh o’tlar… . Jizzax tumanidagi Poyimard soyi yoqasida qariyib 20 metrlik toshqatlami o’rtasidan ochilgan mo’ri (tuynukli) o’ngirlar – bari, barchasi ibtidoiy odam yashaganligiga guvohlikka o’tuvchi tabiiy mo’jiza – obidalardir.

Jizzax viloyati mamlakatimizning markazi mintaqasida – sharqdan g’arbga, janubdan shimolga yo’l olgan tarixiy-savdo yo’lining chorrahasida joylashgan, ona Vatanimiz hududidan sharqqa yoki g’arbga yo’l olgan karvonlar, elchilar, qo’shinlar ayni shu manzillardan o’tgan. Viloyat hududining janubiy sarhadi bir-biriga bog’lanib ketgan tog’ tizmalari bilan, g’arbiy tomon Nurota tizma tog’lari Temir darvoza orqali Turkiston tizma tog’lari bilan ulanib ketadi.

Jizzax viloyatida paleolit davriga tegishli boy materiallar topiladi. CHunki viloyat rel’efi, mo’’tadil iqlimi, quyosh haroratining yirik me’yoriy miqdori, tog’lar yonbag’irlaridagi odamzodga boshpana bo’lgan maskanlar, tabiiy oqar suvlar, serunum tuproq bu yerda qadim tsivilizatsiyaning taraqqiy etishi uchun zaruriy shart sharoitlar mavjud.

Jizzax tarixiga tegishlili ma’lumotlar Tabariyning “Tarix Tabariy”, Ibn al-Asirning “Mukammal tarix”, Gardiziyning “Zanul al-axbor”, SHarafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma”, as-Somoniyning “Nasabnoma”, Muhammaddiyor ibn Arab Qatag’onning “Musaxxir al-bilod”, Nasafiyning “Samarqandiya”, Muhammad Solihning “SHayboniynoma”, Mirza Haydarning “Tarixi Rashidiy”, Mirza Abduazimning “Tarixi salotina mang’itiya”, “Mehmonnomai Buxoro”, “Tarixi guzida” kabi asarlarida vohamizdagi ayrim shahar, tuman va qishloqlar haqida muhtasar fikrlar, yo’l-yo’lakay aytilgan habarlar tarzida uchraydi.

Bundan tashqari akademik V.V.Bartol’dning “Turkistonning sug’orilish tarixiga oid”, “Turkiston mo’g’ullar bosqini davrida”, “Turkistonning madaniyati tarixidan”, “Movaraunnahrning geografik ocherki” nomli asarlarida hududga tegishli toponomik atamalar, ularning o’rni, sug’orish inshootlari, shahar, qishloq va rustaklar haqida ma’lumotlar mavjud.

Qadimgi So’g’diyona tarkibida bo’lgan, goho “So’g’d orti saklar o’lkasi” nomi bilan yuritilgan bu hudud miloddan oldingi II asrdan boshlab alohida ma’muriy-xududiy sanalgan.

Tarixiy manbalar bu hududda qadimda so’g’dlar, saklar (skiflar), mimikanlar, daxlar, apasiaklar, abiylar, sakaraukalar, katiarlar kabi qabilalar yashaganligidan xabar beradi.

Manbalarning guvohlik berishicha, bronza davrida Markaziy osiyoda kechgan murakkab etnik-madaniy jarayondan viloyatimiz hududi ham xoli bo’lmagan. Tog’ yon bag’irlari, soylar va adirlarda, xususan tabiiy oqar suv ta’minotimavjud xududlarda sug’orma va lalmi dehqonchilik ho’jaligi ta’sirida aholi o’troqlashgan. Xususan, Sangzor daryosi bo’ylari, Zominsoy Rovotsoy, Sayxon, Xo’ja mushkent, Qorasuv yoqalarida sug’orma dehqonchilik va bog’dorchilik odamlarning turmush tarziga ko’cha boshlagan.

Viloyatning shimoliy va sharqiy hududlaridagi bepoyon dashtu cho’llarda ko’chmanchi chorvador qabilalar istiqomat qilishgan. Takalisoy, Tangatopdi, Zominsoy, Uchma kabi doylardagi qoyatoshlarga bitilgan turli hayvonlar suratlari ham bu jarayondan darak beruvchi o’ziga xos nishonadir.

Antik zamonning tarixchilari Diodor, K.Ruf, Arrian va Yustinlar Kir zamonida (eragacha VI asr) Sirdaryo havzasida 7 ta shahar-qal’a barpo bo’lganidan xabar beradilar. O’zining tabiiy-geografik o’rni, strategik ahamiyati jihatidan qadimdan savdo yo’lida joylashgan Zomin, Jizzax, Sabat, Nujkat, Novkat kabi shaharlar rivojlanib borgan. SHu sababli qadimshunoslar Sabotda eradan oldingi  VI asrga tegishli suv yo’li – yerosti quvurlari bo’lgani, qal’a atrofi devor bilan himoyalanib, atrofida bog’lar bo’lgani haqida yozishgan. Bu esa Kir zamonida Sirdaryo havzasida barpo etilgan yettita qal’a shaharning biri Sabot bo’lgani haqidagi taxminga isbotdir.

Forslar hukmdori Kir miloddan oldingi VI asrning 30-yillarida Sirdaryo bo’ylariga qadar bostirib kelib, 7 ta qal’a shaharga  asos solgan. Ammo milodgacha bo’lgan 500 yilda Doro III ning daxlarga qarshi harbiy  yurish qilgani Sirdaryo bo’ylaridagi daxlar va boshqa mahalliy aholi ahamoniylarga bo’ysunishdan bosh tortganligidan darak beradi.

Bu hududning qadim tarixida A.Makedonskiy istilosi davri bilan bog’liq voqealar saqlanib qolgan. Tarixiy manbalar Makedonskiyning Ustrushonani osonlik bilan istilo qilmaganligidan darak beradi. Arrian va Kvint Kurtsiy Ruflar qoldirgan ma’lumotlarga ko’ra, A.Makedonskiy qo’shini eradan avvalgi 329 yilning yozida Maroqanddan Sirdaryo tomon yurish boshlaganda, bir guruh ozuqa to’plovchi jangchilari asosiy qo’shindan uzoqlashib, tog’lik shaharchaga borishadi, shahar aholisi ularni qirib tashlab, keyin tik qoyali toqqa chiqib ketishgandi. Bundan boxabar bo’lgan A.Makedonskiy saralangan qo’shini bilan ularga qarshi otlanadi. Tik qoyali tog’ ustidagi shiddatli jang dastlab muvaffaqiyatsiz kechadi. Biroq Makedonskiy jangni davom ettiradi. Mahalliy kurashchilardan bir qismi jangda o’ladi, ba’zilari tik qoya ustidan o’zlarini pastga otib nobud bo’ladilar. Jang Baxmal tumani Novqa qishlog’ining janubiy tomonidagi Oqtosh darasida bo’lgan deyish haqiqatga yaqin. Bunga tog’ning ayni yelkasidagi Aymoq qabristoni, qabristonning janubidagi g’or guvoh. Hatto, qoyatoshlar oralig’idagi bir odam sig’adigan qon qotgan yo’lakda A.Makedonskiy qatl etgan odamlar qoni qotib qolgan “Qon tomdi” qoyaligi boshlanadi. Bu A.Makedonskiyning ilk jangi bo’lgan manzil haqida I.G.Droyzen, K.V.Treverlarning Jizzax yaqinidagi tik qoyali tog’larda bo’lishi kerak, degan qarashlari ham hududning tabiiy belgilari bilan tasdiq topadi.

A.Makedonskiy tarixiga bag’ishlangan kitoblarda uning Sirdaryoga qadar istilo qilganidan ko’p o’tmay Ustrushonadagi 7 ta shahar qo’zg’olon ko’targanligi yozilgan.

Bu borada A.Makedonskiyga qarshi katta jasorat ko’rsatgan mimekanlar shahri nomiga oydinlik kiritish kerak. Yunonlar Maroqanddan Sirdaryoga yurishida Ilono’tdi soyi orqali, binoborin, Jizzax orqali o’tganini tadqiqotchilar qayd etishgan. Bunga qadar Kiropol taslim bo’lgan, ya’ni 7 ta qo’zg’olon ko’targan shahardan 6 ta bo’ysundirilgan. Mimekanlar shahrini taslim qilishga esa barcha qo’shinni jalb etilgan. Bu shahar Kripol – O’ratapadan bir muncha uzoq masofada va nisbatan kattagina shahar bo’lgan. SHahar aholisining Spitamen qo’shiniga qardosh bo’lgani va hatto uni qo’llab-quvvatlagani haqida ma’lumotlar ham mavjud. SHaharning tekslikda, So’g’diyonaga yaqin hududda bo’lgani va ma’lum strategik ahamiyatga egaligi ham uni A.Makedonskiyning qaqshatqich zarbasiga duchor etgan. Yuqoridagilarga ko’ra, kuchli mimekanlar qabilasi yashagan yettinchi shahar qadimiy Jizzax bo’lgan deb e’tirof etish mumkin.

Garchi Aleksadr Makedonskiy istilosi viloyatning “Skiflar o’lkasi”ga tegishli shimoliy va sharqiy hududlarida yastanib yotgan dasht va cho’llarga, ko’chmanchi chorvadorlar istiqomat qilib kelayotgan hududlarga yetib bormagan bo’lsa-da  makedoniyaliklar qadami yetgan manzillar vayron bo’ldi, butun-butun shaharlar, qo’rg’onlar, qishloqlar kimsasiz huvullab qolgan edi.

Yunon tarixchisi Yustinning “Salaka I… So’g’d yerlarida qattiq qarshilikka uchradi va og’ir janglar olib borishga to’g’ri keldi”, degan so’zlari viloyat hududining So’g’diyonaga tegishli joylarida ijobiy o’zgarish bo’lish muddati bir muncha uzoqqa cho’zilganligidan dalolat beradi. Tarixiy manbalarda esa salavkiylar zamonida ham Yunon-Baqtriya, Qang’, Kushon davlatlari zamonida ham viloyat hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotga tegishli ma’lumot juda kam.

Millodan oldingi davrlarda Sirdaryoning o’rta oqimi va unga tutush hududlarda yashagan skif (sak) qabilalari haqida antik mualliflar Polibiy, Strabon, Pliniy, Plutarix, K.K.Ruf, Ptolomey, Arrian, Dionsit ma’lumotlar qoldirgan.

Saklar So’g’diyona bilan chegaradosh. Ko’p qabilali saklarning ichida “eng taqvodor va beozorlari yaksartlar”, deb yozadi Ammian Martsellin.

Aholisi sug’orma dehqonchilik uchun qulay hududlarda dehqonchilik bilan, dasht va tog’lar yonbag’irlarida chorvachilik bilan shug’ullangan. SHaharlarda temirchilik, misgarlik, to’qimachilik, kulolchilik ko’proq rivojlangan. Ular quyoshga sig’inishgan. SHuning uchun ham Ko’k Tangri ularning xudosi edi.

Yunonlar, undan keyin Salavkiylar istilosi, Grek-Baqtriya davlati davrida Sirdaryo bo’ylari va unga tutash hududlarda yashab kelgan skiflar (saklar) grek-yunonlarga qarshi  uzluksiz norozilik kurashlari olib borishgan. Ana shu kurashlar evaziga millodan oldingi III asrda Sirdaryoning o’rta oqimi va unga tutash hududlarda aholisi turkiy tilda so’zlashuvchi Qang’ davlati paydo bo’ldi.

Bu davlatning paydo bo’lishida yetakchi rol o’ynagan xalq qonqalar (qang’lilar) edi. Qang’li davlatida Amudaryoning shimolidan Sirdaryo bo’ylarigacha bo’lgan hududlarni qamrab, bir necha ma’muriy-hududiy viloyatlardan iborat edi. Bu viloyatlar tarkibida miloddan oldingi 176 yilda qang’lilar (K.SH.SHoniyozov ularni qang’arlar deb ataydi) egallagan so’g’d yerlari ham bor edi. Turkiston tizma tog’lari va uning shimolidagi dasht yerlar kirgan Ustrushona qadimda “So’g’dorti saklar o’lkasi” hisoblangan.

Milodiy IV asr boshidan xitoylarning Amudaryo va Sirdaryo havzalariga bostirib kirishi, 363 yilda So’g’dga istilochilik yurishlari natijasida Sirdaryo bo’ylaridan to Amudaryoga qadar hududlar xioniylar qo’l ostiga o’tdi. Binobarin, qariyb 500 yil mulku davlat tutib turgan qang’liklar davlatining parchalanishiga, ularning siyosiy hokimiyatdan ketishiga sabab bo’ldi.

Markaziy Osiyo yerlarining eftalitlar qo’li ostiga o’tishi bilan esa Sirdaryo bo’ylari, Mirzacho’l va hozirgi Jizzax viloyati hududlariga IV asrdan e’tiboran bir qancha chorvador turkiy qabilalar – barlos, kaltatoy, musobozori, qang’li, qipchoqlar kelib joylashuviga imkoniyat tug’iladi. V asrga kelib eftalit qabilalar konfederatsiyasi tobora kuchayib, ular egallagan hududlar Eron bilan chegaradosh bo’lib qoldi. Bu o’z navbatida, eftalitlar va Eron o’rtasidagi to’qnashuvni vujudga keltirdi, ammo Sosoniylar hukmdori Peruz 3 marta eftalitlarga qarshi yurish qilib, uch marta ham mag’lubiyatga uchradi. VI asrga kelib eftalitlar O’rta Osiyo, SHarqiy Turkiston, SHimoliy Hindiston, SHarqiy Eron hududlarini birlashtirgan qudratli davlatga aylandi.

Eftalitlar hukmronligi davrida dehqonchilik rivojlangan obod vohalar, savdo va hunarmandchilik taraqqiy etgan shaharlar ko’payib bordi. Tog’ oldi va tabiiy suv havzalari mavjud hududlarda bog’dorchilik, suhorma dehqonchilikda paxta va sholi  yetishtirish kuchaydi. V asrda O’rta Osiyoda yetishtirilgan paxta tolasi Xitoyda xaridorgir bo’ldi. Dasht hududlarda chorvachilik rivojlandi. Farg’ona tulpor otlari izidan viloyat qorabayir otlar ko’payib bordi.

Eftalitlar kelib chiqishiga ko’ra, yue-chji xalqiga mansub, ular bilan qondosh xalq. Ularni Vizantiya manbalarida oq gunnlar (oq xunnlar), Xitoy manbalarida “yeda”, o’rta asr fors, arab manbalarida “xaytal” deb nomlashgan.

Manbalar hukmronlik eftalitlar qo’liga o’tgach, xududga ko’chmanchi turk chorvadorlarning ko’chib kelishi, yaylovlarning katta qismi ular ixtiyoriga o’tganligi, dasht yaylovlarni ham ko’chmanchi turk chorvadorlari suqilib egallay boshlaganligini tasdiqlaydi. Eftallar chorvadorlarning o’rtoqlashuvi tufayli sug’orma dehqonchilik uchun yaroqli yerlarni kengaytirish, ayniqsa, Sangzor va Zominsoy, Ravotsoy hududlarida yuz berdi. SHunga binoan zodagon dehqonlar barpo etgan qo’rg’onlar poydevori xom g’isht va paxsadan supa qilinib, imorat devorlari ham qalin loydan ishlab chiqilgani manbalarda qayd etiladi. Bunday imorat-qo’rg’onlar davrlar o’tishi va turli bosqinchilik harakatlari tufayli tepalarga aylanib, hozirda qadimshunoslar Jizzax, Zomin, Baxmal, G’allaorol, Forish tumanlari hududlaridan 200 tadan ortiqrog’ini ro’yxatga olgan. Vohani tashqi dushmanlardan himoyalash maqsadida Toshkent vohasidan boshlangan “Kampir devor” istehkom devori qoldiqlari esa XX asrning birinchi yarmida Jizzaxning janubiy tomonidan ham mavjud edi.

Eftalitlarning Buyuk ipak savdo yo’lini doimiy nazoratga olish, shu yo’lning tarmoqlari o’tgan Jizzax, Zomin, Xarakana kabi shaharlarda kabi shaharlarda kulolchilik, chilangarlik, zargarlik, qurolsozlik kabi sohalar rivojlanishiga kuchli turtki bo’ldi. Bozorlarda kulolchilik buyumlari, charm va jundan tayyorlangan kiyim-kechak, otlar, qo’ylar, bog’ va poliz mahsulotlari, donlar ko’proq savdoga chiqarilgan.

VI asrning ikkinchi yarmidan boshlab eftalitlar hukmronligiga jiddiy darz ketdi. Bosib olingan joylardagi ichki parchalanish, tarqoqlik hokimiyatning ham zaifligiga ta’sir etgan. Bundan tashqari g’arbda Eron, sharqiy-janubda Hindiston va shimolda Turk xoqonligi bilan janglar olib borish oson kechmadi. Birinchi bo’lib Eron eftalitlarga qarshi urush boshlab, 562 yilda Xurosondan ularni siqib chiqardi. SHimoldan esa hosildor, gullab yashagan zamin, Ipak yo’lining markaziy shaharlari joylashgan So’g’diyonani bosib olish uchun Istemixon boshliq turk qo’shini birin-ketin Toshkent, CHirchiq, Poykand, Samarqandni egallab, Buxoroga yetib keldi. Istemixon qo’mondonligidagi Turk xoqonligi qo’shini 565 yilda Qarshining shimolidagi Qo’ng’irtovda sakkiz kunlik jang qilib, eftalitlar hukmronligiga barham berdi va So’g’diyona Turk xoqonligi ixtiyoriga o’tdi.

Viloyat hududi 565 yildan e’tiboran Turk xoqonligi hukmronligida bo’ldi. Xoqonlik bosib olingan yerlarni qo’ldan chiqarmaslik va boshqaruv tizimini ishonchli qo’llarda saqlash maqsadida taxt vorisligi masalasida bir qator o’zgarishlar qilib, taxt vorisi – shahzodalarga uluslar boshqaruvini topshirdi.

O’z harbiy qo’shiniga ham ega bo’lgan uluslar tarkibida bekliklar tashkil etilgan. Ustrushonada ham yirik shaharlar hisobiga bekliklar yuzaga keldi. Turklar o’zlariga tobe bo’lganlarni olib kelib, bosib olingan hududdagi tog’ oldi maydonlarida chorvachilikni rivojlantirishga jalb qilishdi. CHorvada qo’y va yilqi yetakchi o’rin tutgan. Sug’orma dehkonchilik ham rivojlanib borgan.

Davlat hokimiyatining o’ta zaif va tarqoq tabiati davlatni boshqarishdagi tajribasizlik, davlat funktsiyalarini joriy qilishda nasliy hokmlik organlariga tayanish – chorvadorlar davlatiga xos xususiyatlardir.

Doimiy migratsiya sharoitida yashovchi Markaziy Osiyo mintaqasiga mansub qabilalar og’ir ob-havo sharoitlari bilan uzluksiz kurash olib borar ekan, o’z xonadoni, chorvasi, zaif oilalarni himoya qilishga bardoshli va tadbirkor bo’lib bordi. Bu ham mintaqadagi xonlar va sultonlarning qadimdan o’ziga xos tadbirkorlik salohiyatiga ega bo’lganliklarini tasdiqlaydi.

Birinchi ulkan turkiylar imperiyasi Turk xoqonligi edi. U Manjuriyadan Bosporgacha, Yenisey daryosining yuqori hududlaridan Amudaryoning quyi joylarigacha  cho’zilgan edi uning paydo bo’lishidagi asosiy sabab aholining ko’chishi, iqlimning o’zgarishi, insonlarning beqaror yashash tarzidan qutulish zaruriyati, shuningdek IV asrdayoq jujanlar ta’sirida xunn qabilalarining oltoyda siqilib qolgani bo’ldi.

Gunnlar bilan so’g’diylarning (xullarning) arallashuvi natijasida turkiylar davlatchiligi va madaniyati tez rivojlandi. Oltoyda Ashin qabilasi qabilalarning yirik birlashuvini vujudga keltirdi bu birlashuv Turk nomi bilan ataldi.

Turk xoqonligi davrida ham hozirgi O’zbekiston hududida o’troqlashgan turkiy qabilalar til, madaniyat an’analariga ko’ra o’zaro genetik qondosh mahalliy turkiy xalqlar bilan birlashib, o’z qudratli turkiy davlatini tarixiy rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqishdi.

Xoqonlik davrida Xitoy bilan savdo aloqasi kuchayib Xitoy katta miqdorda shoyi yetkazib turgan, Yevropa bilan to’g’ridan-to’g’ri elchilik munosabatlari o’rnatilgan.

588 yilda xoqon CHo’li Xi Un (qoracho’rin) Eronga qarshi jang boshladi. Afsuski, jang to’qnashuvlari turkiylar uchun foyda keltirmaydi – Hoqonlik tarixida parchalanish, ichki buzilishlar boshlanib ketdi. Eron bilan urush oqibatida xoqonlik ikkiga ajralib markaziy Yettisuv bo’lgan G’arbiy Turk xoqonligi vujudga keldi. G’arbiy Turk xoqonligi tarkibidagi xalqlar kelib chiqishiga ko’ra qarindosh bo’lib, turkiy xalqlardan tarkib topgan. Ularning til jihatidan bir-biriga yaqinligi ham asirlar osha etnik jihatdan bir-biri bilan bog’lanib ketishiga sabab bo’ldi.

VI O’zbekiston hududida yuz bergan tarixiy jarayonlar Ustrushona hayotiga ham jiddiy ta’sir etdi, shaharlar kengaydi, karvonsaroylar gavjumlashdi, bozor uchun mahsulot tayyorlash ko’paydi. Zomin, Jizzax bilan baqamti  Robotda ham tanrga pul zarb qilish boshlandi. Bugungi kunda Robot qo’rg’oni harobalari hududidan ko’plab tanga chaqalar va ularni tayyorlashda asqotadigan qurolchalar topilmoqda. Eng muhimi, Ustrushona hududi ham turkiy (o’zbek) tilli aholi zich yashaydigan vohaga aylandi. Ustrushonada 17 ta ma’muriy rustak (tuman) tashkil bo’ldi. “Buyuk karvon yo’li uchun kurash”shiori ostida ipak tranzit yo’li xoqonlik daromad manbaining katta qismini tashkil etardi.

Turk xoqonligida hali eftalitlar davridayoq so’g’d savdogarlari bilan yaqin munosabatlar o’rnatilgandi. So’g’d savdogarlari turklardan xarid qilingan ipak  matoni Eronga yetkazib, undan Vizantiyaga sotishardi. Natijada Jizzax, G’allaorol, Baxmal Zomin tumanlarida haftaning belgilangan kunlarida bozorlar tashkil qilinardi. Mavzular haftaning qaysi kunida bozor bo’lishiga  qarab Yakshanba, Dushanba, Seshanba, CHorshanba, Payshanba, Juma nomlari bilan yuritilib, hozirda bu nomlar toponomik atamaga aylanib ketdi. Xuddi shu davrda Jizzax shahrining shimoliy – g’arbida Pistalitog’ning sharqiy biqinida, Dashti Qipchoq bilan chegarada tabiiy – geografik qulay manzilda (uch tomoni tik tog’ bilan o’ralgan, sharq tomoni ochiq) har oyning birinchi kunida Mirasmandi ko’tara savdo bozori paydo bo’ldi. O’rta asrdagi barcha arab sayyohlari tilga olgan bu ko’tara savdo bozorining bir kunlik xarid bahosining Abu Rayhon Beruniy 200 ming dinor deb yozgan edi.

Xoqonlik davrida So’g’diyonadigi kabi Ustrushonada ham shaharlar o’sdi, hunarmandchilik ko’chaydi. Birgina Jizzaxda tayyorlangan charm va jun mahsulotlar Iroq bozorlariga yetkazib turildi.

Ustrushona atamasi ilk bor VII asrning boshlarida Li-Yan’-shou tomonidan yozilgan “SHimoliy xonadonlar tarixi” (386-581 yillar)ning “Beyshi” bobida uchraydi. Unda Ustrushona ma’muriy hududi haqida qisqa ma’lumotlar bilan birga, bu joylarda oltin, temir, mis borligi, aholisi otashparastlik diniga sig’inishini bayon qiladi. Ustrushona ma’muriy hududi haqidagi navbatdagimahlumotlar “Suy xonadoni tarixi” (581-518 yillar), “Tan xonadoni tarixi” (618-907 yillar) yilnomalarida ham berilgan.

Tarixiy-geografik manbalarda Ustrushona Samarqandning sharqiy chegarasidan Xo’jandga yaqin xudud oralig’idagi asosiy maydoni Turkiston va Nurota tizma tog’lari tashkil etgan yerlardan iboratligi ko’rsatiladi. Ustrushona hududining kattagina qismi bugungi Jizzax viloyati hududi tashkil etadi. Tarixiy manbalarda Ustrushona alohida ma’muriy viloyat (o’lka, beklik) sifatida bo’lgan.

Ustrushona o’zining juda qulay tabiiy geografik hududda joylashgani, mahalliy boshqaruvning kuchliligi hamda Turk Xoqonligi va Kan podsholigi bilan yaqin munosabatda bo’lgani tufayli uzoq vaqt o’z mustaqilligini saqlab qoldi. Uning g’arbiy hududida Ipak savdo yo’li Farg’ona, Toshkent, O’tror tarmoqlariga ajralgan. VI-VII asrlardayoq Katvonduz, Xasht, Naukat, Usmand, Nujanikas, Burnamad, Minq, Mirasmandi, Sabot singari aholi manzillari kengayib, shahar qiyofasini ola boshlagan. Dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, savdo rivojlangan hudud bo’lgani manbalarda qayd etilgan.

VIII asr boshlariga kelib, Ustrushona aholisi ko’p va boy mamlakat bo’lgan. Movaraunnahr, xususan, so’g’dlar, ularning ortidan ustrushonalik, farg’onaliklar o’zlarini himoya qilishga qodir bo’lmay qoldilar. Arablar istilosi zulm keltirishini bilsalar-da, har bir beklik o’zini himoya qilishga intilar, ayrim hollarda turk qo’shinlari madadi bilan arablarni bir muddat ortga chekintirar edi.

Arablarning Movaraunnahrga bostirib kelishi VII asrning ikkinchi yarmidan boshlangan bo’lsa-da, Ustrushonani bosib olish uchun yurishi VIII asrga to’g’ri keladi. Xuroson hokimi Qutayba ibn Muslim 712 yilda Samarqandni bosib olganidan so’ng 713 yilda Ustrushona, Toshkent, Farg’onaga yurish boshladi. Uning Ustrushonadagi birinchi katta janggi Jizzax yaqinida – Ilono’tti soyida Turk xoqonligi qo’shini bilan bo’ldi. Bu jangda g’alabani qo’lga kiritgan Qutayba Minqdagi “qora kiyimlilar” (daxlar) bimlan jang qiladi. Qutayba qo’shini Jizzaxning himoya devorini vayron qilib, qanchadan qancha odamlarning qonini to’kdi.qutayba qo’shini zarbiga Burnamad, Zomin, SHag’ar, Sabot singari shaharlar ham dosh bera olmadi. Ustrushona taslim bo’ldi. Qimmatbaho zebu ziynatlar, oltin pullar ortilgan karvonlar halifalik markaziga tso’l oldi.

723 yilda Xuroson noibi Said ibn Amir al-Xarashiy Farg’onadan qaytishda Ustrushonada to’xtab, uncha ko’p bo’lmagan mablag’ hisobiga tinchlik bitimini tuzadi. 737 yilda Farg’ona hududida arablarga qarshi Turk xoqonligi qo’shinlari tarkibida So’g’d, SHosh kabi shahar qo’shinlari bilan birga Ustrushona qo’shini ham ishtirok etadi. 738 yilda Xuroson noibligiga Nasr ibn Sayyor tayinlanganidan so’ng u So’g’diyonaga Katan ibn Kutaybani noib qilib tayinlaydi. 739 yilda Nasr ibn Sayyor Movaraunnahrga ikki marta yurish qiladi. Uchinchi yurishi yo’nalishi Marvdan SHoshga qadar belgilangan edi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Nasr ibn Sayyorning Kursul va turklarga qarshi qo’shini tarkibida Buxoro, Samarqand, Kesh va Ustrushona (Ustrusana) aholisidan ham bor edi.

Nasr ibn Sayyor Ustrushonaga kelganida, Ustrushona afshini Abaraxarra unga mablag’ hadya qiladi. Nasr ibn Sayyor Toshkentdan Farg’onaga o’tib, Farg’onaga Muhammad ibn Holid al-Azdini noib etib tayinlagach, qaytishda Farg’onadan olgan ko’p sonli butchalarni Ustrushonada qoldirib ketadi.

VIII-IX asrlarda arablarning boylik, tuhfa, xiroj undirish yo’lidagi urushlari ta’sirida katta yer egalari o’z xonadonlari atrofida himoya devorlari barpo etish, zaruriy himoya kuchlarini saqlash va suvoriy otlar uchunqo’rg’on va rabotlar qurishni biroz tezlashtirishdi.

Arablar siyosatida soliqlar turi va miqdorining ortib borishi, islom diniga o’tkazish niqobi ostida olib borilgan zo’ravonliklar tufayli ularga qarshi xalq xarakatining ommaviy ko’tarilishi yuz berdi. SHunday qo’zg’olonlardan biri Rofe ibn Lays boshchiligidagi 806-810 yillarda bo’lib o’tdi, unda Ustrushonaliklar ham faol qatnashdi. Ularni ko’chmanchi turklar ham qo’llab-quvvatlashdi. Xalifa Ma’mun qo’zg’olonchi Rofe ibn Lays bilan muzokaralar olib borib, mahalliy yer egalariga ma’lum imtiyozlar berish orqali tinchitishga erishdi. Bu jarayon Somoniylarga mansub yer egalari mahalliy hokimiyatni qo’lga olishini, o’z navbatida hokimiyatga arab halifaligi o’rniga Somoniylar sulolasini kelishini (819-999 yillar) tezlashtirdi.

VII-VIII asrlarda O’zbekiston hududida dehqonchilik va u bilan bog’liq sug’orish tizimi, savdoni rivojlantirish uchun Buyuk Ipak yo’lida bir kunlik masofa o’lchamida karvonsaroylar barpo etish rivojlandi. SHaharlarda hunarmadchilik kuchaydi. Ayniqsa, kulolchilik, dehqon xo’jaligi uchun zarur asbob-uskunalar hunarmandchiligi o’sdi. SHahar va qo’rg’onlarda mudofaa devorlari barpo etildi. Xususan, qo’rg’onlar kurash avj oldi. Jumladan, Buxoro shahri va uning chegarasida to’rt mingta, Ustrushonada 400 ta, Xorazmda 1200 ta qo’rg’on barpo etilgan.

VIII-IX asrlarda butun O’zbekiston hududida kichik tuman darajasidagi ma’muriy-hududiy bo’linmalarning tashkil bo’lgani hisobiga qabilaviy hududiy birliklar barxam topdi. Mazkur ma’muriy-hududiy bo’linmalarning shakllantirilishi xalqning tinchligi, xavfsizligi va boshqaruv manfaati birinchi o’ringa ko’tarilganidan dalolat beradi. Manbalarda Buxoro shahri atrofida 22 ta, Kesh viloyatida 16 ta volost, Ustrushonada 17 ta, Samarqand shahri atrofida 14 ta rustak bo’lganligi qayd etilgan. Ma’muriy-hududiy viloyat, shahar, volost, rustak, mahalla, qishloqlarga bo’linish va bu toponimik nomlarni qabilalar kesimida emas, umumaholi hajmida belgilanishi o’zbeklarning xalq sifatida shakllanganligining ma’muriy-tarixiy asosidir.

Joylarda, xususan, shaharlarda, yirik qishloqlarda masjid-madrasalar qoshida tashkil bo’lgan o’quv-tarbiya muassasalariga bolalarni jalb etishda umumiy aholi manfaati birinchi rejada bo’ldi. Hudud shu VIII-IX asrlarda voyaga yetgan o’nlab, hattoki yuzlab ilmiy salohiyat sohiblari, garchi an’anaviy  til – arab va fors tillarida turli fanlar bo’yicha ko’proq ilmiy yo’nalishdagi asarlar yaratdilar.

Somoniylar Movaraunnahr boshqaruvini qo’lga olgach, Somonxudotning nabirasi Yahyo ibn Asad (859-893 yillar) Toshkent, keyinroq Samarqandni boshqarish bilan birga Ustrushonaga ham hokimlik qildi. 893 yilda Ismoil ibn Ahmad Usturshonani qo’lga kiritdi. Ana shu urush natijasida Bunjikatda hayot to’xtadi. SHu davrda qoraxoniy Bo’g’roxon Raboti Malikdagi jangda g’olib kelib, Somoniylarga katta zarba berib ulgurgan edi. Uning Qashqarga qaytayotganda vafot etgani Nuh ibn Mansurning Buxoro taxtini qayta egallashiga  imkon beradi.

996 yil qoraxoniy Nasr Buxoroni qaytarib oldi. SHu yili viloyatning Samarqand viloyati bilan chegara hududiy Katvon (Bulung’ur) dashtida tuzimlgan sulhga muvofiq Katvon dashtining sharqiy tomonidagi o’lkalar qoraxoniy Ilekxon Nasr ibn Ali ixtiyoriga o’tdi. SHunga qaramasdan, 1004 yilda Somoniy Ismoil Muntasir Burnamadda (Jizzax tumanidagi Ravot qishlog’i) Ilekxon Nasrni mag’lubiyatga uchratdi. Oradan ko’p vaqt o’tmay shu yili qoraxoniy Nasr qayta qo’shin to’plab,Zarbdor tumanidagi Oqbuloq qishlog’i o’rnida bo’lgan jangda Muntasir qo’shinini mag’lubiyatga uchratadi.

Garchi Ustrushona VIII asr va IX asrning birinchi choragida arab halifaligiga, so’ngra somoniylarga qaram bo’lgan bo’lsada, vohaning shimoliy tarafidagi dashtda yashayotgan qo’chmanchi chorvadorlarning chorva ozuqasi uchun har yili fevral-mart, oktyabr-noyabr oylarida Ustrushonaga talonchilik hujumlari uyushtirishi odatiy holga aylanib qolgan edi. SHuning uchun ham Usturushona afshini Haydar ibn Kovus IX asrning boshlarida Jizzaxning shimoliy chegara hududidagi Xudisar qishlog’ida butun Movaraunnahrda ulkan hisoblangan harbiy istehkom qo’rg’oni barpo qiladi.

Ustrushonaliklarning islom dinini qabul qilishi juda uzoq cho’zildi. Tarixiy manbalarda arablar VIII-IX asrlarda Ustrushonaga bir necha bor kelishgan bo’lsa-da, mahalliy hukmdorning ularni tantanali kutib olishlari, sovg’alar sifatida pul, otlar taqdim qilishlari zoe ketmadi. Uddaburon afshinlar Ustrushonani arablarga tamomila tobe bo’lishdan saqlab, arab hukmdorlarini o’lja, sovg’a va yillik xiroj qanoatlantirganidan foydalanishdi. Bu vaqtda din targ’ibotining yagona mafkuraga o’sib chiqmagani, yirik yer egalari va yirik savdogarlarning vohadagi katta ta’sirchan nufuzi islom dining  nisbatan kechrok qabul qilinishiga sabab bo’ldi.

IX asrning 20-yillarida Ustrushona afshini  xalifalikka xiroj to’lashni to’xtatib qo’ygani uchun xalifa Ma’mun Movaraunnahr valiyligiga Talxa ibn Tohir va Xusayinni tayinlab, Ustrushonani qayta taslim qilishga Ahmad ibn Abu Holid qo’mondonligida qo’shin yuboradi.

821 yilda Haydar Ustrushonaga Ahmad ibn Abu Holid qo’mondlonligidagi qo’shin bilan qaytadi. Afshinlar taslim bo’lgach, Kovus ibn Saxir va  Fadl ibn Kovuslar Bag’dodga borib, islomni qabul qilishadi, Haydar ibn Kovus esa 822 yildan boshlab xalifalik xizmatiga o’tadi.

835 yilda xalifa Mu’tasim uni Bosh qo’mondonlikka tayinlab, Ozarbayjonga Bobakka qarshi jangga yuboradi. 837 yilda Bobak qo’lga olingach, Haydarni Rumga Feofilni taslim qilishga jo’natdi. 839 yilda Rum taslim bo’lgach, Haydar xalifalikda ikkinchi shaxs darajasiga  ko’tarildi.

Ammo Haydar ibn Kovusning Ustrushona mustaqilligi uchun olib borgan xatti-xarakatlari fosh bo’lib, 840 yilda qo’lga olinadi va 841 yilda zindonda vafot etadi. Haydar ibn Kovus izidan borgan Abu Saj Devdastiy xalifalikda bir necha lavozimlarda xizmat qilib, IX asrning ikkinchi yarmida Ozarboyjonda Sajlar davlatiga asos soladi. Abu Saj Devdastiy tug’ilgan Janki qishlog’i hozirda ham Jizzaxning g’arbiy chekkasi Qorasoy qishlog’i yonida o’z nomini asrab kelmoqda.

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, IX-XIII asrlardayoq bu hududdan o’nlab juda salohiyatli olimu fuzalolar, faqihlaru elchilar, jahon kezgan savdogarlar yetishib chiqqan. Binobarin, IX-XIII asrlarda shu hududda tug’ilib, ilm fanda, ijodda yorqin iz qoldirganlar ju salmoqli ro’yxatni tashkil etadi. Jumladan, zominlik Ahmad ibn Husayn Burhoniddin al-Ustrushoniy. Mahmud Husayn ibn Ahmad Jaloliddin al-Ustrushoniy, Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushoniy, Muhammad ibn Asad az-Zominiy, Abul Hasan Ali ibn Abu Sahl Zominiy, Abu Muhammad ibn Ali ad-Dijakiy, Abdulaziz ibn Muhammad ad-Dizakiy, Usmon ibn Umar al-Katavoniy, Abu Ahmad ibn Mahmud al-Katavoniy, Mahmud ibn al-Hasan al-G’ubdiniy, Mo’min ibn Abdulloh ibn Yunus Ali al-Bunjikasiy, Mahmud ibn Abdulhamid al-Usmandiy, Abu Ali Muhammad ibn Husayn ash-SHibliy, Muhammad ibn Yusuf an-Nujanikasiy, Abdulloh ibn Abdurahmon al-Burnamaziy, Ahmad ibn al-Husayn al-Xarakoniy, Bark ibn Abdulloh al-Xarakoniy, Abu Ishoq an-Novqadiy, Bakr ibn Muhammad Abduraxmon as-Sabotiy kabi ilmu fozillar o’tgan.

Saljuqiylar davrida viloyat hududi katta qonli voqeaning maydoni bo’ldi.

1138 yil sentyabr oyida Sin sultoni Go’rxon katta qo’shin bilan yurish qilganda  uning qo’shiniga Xitoylik turklar (qoraxoniylar) qo’shiladi. 1139 yil Xo’jandda bo’lgan jangda Samarqand hokimi Mahmudxon mag’lubiyatga uchragach, otasi Arslonxon so’ragan yordamga ko’ra Sulton Sanjar 100 mingdan ortiq qo’shin to’plab Go’rxonga qarshi chiqadi. Ikkala qo’shin G’allaorol tumanining g’arbda G’ubdin tog’ining sharqiy biqinidagi Katvon qal’asida to’qnashadi. Ushbu jangda saljuqiy Sulton Sanjar yengilib, Xurosonga o’tib ketadi va shu tufayli Katvon qal’asi ham, Siyrakas qishlog’i ham ochiq qabristonga aylanadi.

CHingizxon Movaraunnahr markaziga xujum qilishdan oldin O’tror yaqinida qo’shinni 4 qismga bo’ladi. Uloq no’yon va Suketu no’yonlar boshliq besh ming chog’li qo’shinga Binokat va Xo’jandni bosib olib, Samarqand tarafga yurish qilish topshiriladi. Keyinroq ularga 20 ming qo’shin bilan Jo’chi qo’shiladi.

Jo’chi qo’shini Temur Malik izidan Jand tomon kelganidan so’ng Uloq no’yon va Suketu no’yonlar boshliq qo’shin Ustrushonaga, 1220 yilning martida Uloq no’yon va Suketu no’yon qo’shinlari Jizzaxga hujum qiladi. Urush oldidan “kim qurol-aslahani tashlab, mol-mulkini topshirsa, ularning tirik qolishini ato etamiz”, – deb jar solgan mo’g’ullar chorloviga ishonganlar, ikkilanganlar bo’ldi. Tirik qolish umidi bilan qurol-aslahasini topshirganlar ko’paygandan ko’payib ketdi. CHingizxon o’rgatgan bu usulga ko’ra, qurolini talab qurolsiz qolgan xalq ustiga xujum qilishdi. Dahshatli qirg’in, dahshatli qiyqiriqlar shahar ichida qolganlarni ham vahimaga soladi. O’lim sharpasi tobora yaqinlashgani sayin shaharni himoya qilishning ham iloji bo’lmadi. Mo’g’ullar shaharga bostirib kirib, barcha tirik jonni qilichdan o’tkazishdi. Faqatgina shahar ostida qilingan yo’llarga kirib jon saqlaganlar omon qoldi.

Jizzax shahri yer bilan yakson qilingandan so’ng Abu Hasan Karvon saroyi, Hudoysar qishlog’i va qishloqdagi harbiy istehkom qo’rg’oni tekislab tashlandi. Uning yonginasida temir etitish korxonasi bo’lgan Mirasmandi shahrida ham hayot butunlay to’xtadi. Hozirgi G’allaorol tumanidagi Ko’kliobod g’orat qilindi. Butun-butun qishloqlar huvullab, qabristonga aylanib qoldi.

VIII-XII asrlarda Ustrushonada mo’g’ullar istilosi juda katta vayronagarchilik, shafqatsizlik keltirgani bilan tarixda qolgan. Binobarin, XII asrga oid manbalarda tilga olingan Mirasmandi, Xarakana, SHag’ar, Bulsan, Xasht, Minq, Yorkas kabi manzillarning nomi XIII-XIV asrlarga oid manbalarda  uchmaydi. Mo’g’ul istilochilari uchun biron-bir shahar yoki qishloqni qayta tiklash, obod qilishdan ko’ra yangi-yangi yaylovlarga ega bo’lish asosiy e’tiborda bo’lgani tarixiy haqiqatdir. Zotan, mo’g’ullar istilosi tarixiga oid manbalarda Ustrushona nomi ham viloyat sifatida uchramaydi.

Mo’g’ullar zulmi yurtni zulmat kabi qoplay olgani, vayrongarchilik va zulm kuchaygan bir davrda tarix sahnasiga Sohibqiron Amir Temurning kirib kelishi yangi bir davrning boshlanishi bo’ldi. Viloyat xududida yashagan xalq Amir Temurni xaloskor sifatida tan olganida, u zot hali Movaraunnahr taxtiga o’tirib ulgurmagan edi.

Amir Husayn bilan o’rtadagi ziddiyat tufayli Toshkentda bo’lib, atigi 500 ta otliq bilan qaytayotganida Amir Xusayinning sohibqironga qarshi 20 ming qo’shini Bulung’urda turardi. Bu qo’shindan Jahonshohbek qo’mondonligida 1500 suvoriy Ravotda (Jizzax tumani), Xirmon boshliq 1000 kishi Yettiquduq yo’lida (Xozirgi Jizzax tumanidagi Uchtepa qo’rg’onida), Malik Bahodir boshchiligida 3000 sipoh So’zangaron mavzei (hozirgi G’allaorol tumani Ko’kgumbaz qishlog’i hududi) da edi.

Amir Temur 500 otliq yigitlarini ajratib Xovos orqali Ravotga yetib keladi. Avval Jahonshohbekni, so’ng Xirmonni yengadi. Endi Malik Baxodirga qarshi 200 suvoriyni ajratib ulardan 3 tasini ilg’or qism sifatida belgilaydi. 4 ta suvoriy Ilono’tdi darasining ikki tomonidan tog’ usti orqali qorovul sifatida yurishini tayin etadi. O’zi esa 166 otliq bilan ortidan saf tortadi.

Malik Baxodirning soqchilari soy ichida bamaylixotir kelayotgan 30 otliqni va balanddagi kuzatuvchilarni ko’rib, bu juda katta qo’shinning ilg’or qismi bo’lishi kerak deb qo’mondonga xabar qiladi. Sarosimaga tushgan Malik Baxodir va uning 3 ming otliq qo’shini orqaga qocha boshlaydi. Qochib qutulganlar Bulung’ur arig’i hududidagi asosiy qo’shinga yetib boradi. Amir Husayinning butun qo’shini vahima ichida Qashqadaryoga o’tib ketadi. Bu paytda Amir Temur Jizzaxga qaytgan edi.

1368 yil Amir Xusayn bilan tuzilgan bitimga muvofiq Qashqadaryo, Buxoro, Samarqand, Jizzax, Xo’jand hududlari Amir Temur ixtiyoriga o’tdi. Amir Temurning bunga qadar 1364 yilda Movaraunnahrni jetelardan ozod qilish uchun Amir Xusayn bilan olib borgan janglarini mahalliy aholi bilar edi. Jetelar 1365 yilda yana Samarqandni bosib olish harakatini boshlaganida may oyida qo’shin bilan Zominning Oqar mavzeida bir necha kun bo’ladi.

Sohibqiron bir necha marta Amir Qamariddin, Anqo To’ra Xizrxo’ja, To’xtamishxon kabi xonlarning viloyat hududiga bostirib kelganlarida ularning xujumlarini qaytardi. Juda ko’p sonli qo’shin bilan To’xtamishxonga qarshi xarbiy yurish oldidan Zominning oqar mavzeida bir yarim oy turib, harbiy tayyorgarlik olib boradi, kengash o’tkazdi. Xitoyga qarshi yurishida 1404 yil noyabr-dekabr oylarida Oqsulotda to’xtadi. Dushmanga qarshi yurish oldidan Oqsulot nomini Xuroson deb o’zgartiradi. SHu-shu Jizzax tumanida Xuroson nomi hozirgacha ham saqlanib qoldi.

Pishog’ardagi Qo’shintepa, Baxmaldagi Bog’imozor, Jizzax tumanidagi Oltihovuz manzillari Sohibqironni eslatib turadi. Butun bir soyni egallagan yong’oq, qartayib qolgan terak va qarag’aylar Amir Temur siymosidan jonli xotira. CHunki Amir Temur davrida kelib yurtda tinchlik, farovonlik boshlandi. Mo’g’ullar davrida vayron bo’lgan rabotu karvonsaroylar qayta tiklandi. Xonimqo’rg’on, Bozorxonim, Qizilqo’rg’on qo’rg’onlari, xonaqoh va masjidlar barpo qilindi. Mo’g’ullar davrida faoliyati to’xtagan Mirasmandidagi Jahon bozori o’rnida G’allaorol tumani hududida Yangi bozor (Sarbozor) ishga tushdi. Sohibqiron Amir Temurning Jizzax viloyati bilan bog’liq tarixi juda boy.

Amir Temur vafotidan so’ng Xuroson taxtiga o’tirgan SHohuh Mirzo 1409 yil Movaraunnahrni Xalil Sultondan tortib olish uchun otlanadi. Ammo bunga qadar amir Xudoydod SHeroz qishlog’idagi (Baxmal tumani) jangda Xalil Sultonni asirga oladi. SHohruh Mirzo Samarqandga kelgach, Amir Xudoydod izidan katta qo’shin yuboradi. Qo’shin Dashti Qipchoqda Amir Xudoydod ustidan g’alaba qozonib, Xalil Sultonning qaytarilishini talab qiladi. SHu sababli Xalil Sulton Jizzaxning shimol tomonidagi Uzun Hasan ota (Qulfisar ota) xonaqohida turgan SHohruh Mirzo qoshiga kelib taslim bo’ladi. SHunday qilib Xalil Sultonning SHohruh Mirzoga taslim bo’lishi ham Jizzaxda yuz bergan edi.

SHu kabi Mirzo Ulug’bek hayotida ham Jizzax bilan bog’liq bir qancha voqealar sodir bo’lgan. Mirzo Ulug’bek Samarqand taxtiga o’tirgan dastlabki yillarda viloyat hududiga mo’g’ul qo’chmanchi chorvadorlarning ozuqa ilinjidagi talonchilik harakatlari tez-tez yuz berib turar edi. Nihoyat, 1425 yilda Mirzo Ulug’bek jetelar va mo’g’ullar yurtiga qarshi jangga otlanib, jangni g’alaba bilan yakunlab, Jizzaxda to’xtaydi. Podshohning zafar qozongani sharafiga bayram va sayl tashkil qilinadi. Turli bellashuvlar uyushtirilgan manzil Sayiljoyi atalib, bugun Jizzax shahrida shu nomdagi mahalla hvam mavjud.

Mirzo Ulug’bek Jizzaxda bo’lgan tantanali uchrashuvlardan so’ng Samarqandga otlanadi. Hozirgi Temur darvozasida to’xtab, Jetelar va mo’g’ullarga qarshi olib borgan janglar bayonida shimol tarafdagi qoyaga zarhal harflar bilan xotira yozuvi qoldiradi: “Qudratli Tangrining beadad madadi bilan Ulug’ Sulton, shohlar shohi, Tangrining yerdagi soyasi, islom dinining tug’dori, din homiysi, podshoh Ulug’bek Ko’ragoniy (Tangri uning saltanatini poydor qilsin) jetelar va mo’g’ullar yurtiga yurish qildi va bu eldan beshikast qaytdi. Hijriy 828 sana”

Viloyat tarixida temuriylardan Z.M.Bobur bilan bog’liq voqealar ham anchagina. Otasi Umarshayx vafotidan so’ng Andijon taxtiga o’tirgan Mirzo Bobur bir necha bor Andijondan Samarqandga, Samarqanddan Andijonga otlanganida Zomin, Pishog’ar, Jizzax, Sangzor, SHeroz kabi shahar qishloqlarda, ko’pincha Baxmal va Jizzax tumanining tog’li hududlari hisoblangan Yor yayloq tumani qishlog’i-yu qo’rg’onlarida bo’ldi. Bir safar istimaga chalinganida tuzalguncha Pishog’orda to’htab qoldi.

Samarqandni SHayboniyxonga qoldirib, mag’lubiyat alamidan bosh olib chiqqanida Jizzaxda rohat topganligini esa “Boburnoma”da ichki qoniqish bilan xotirlaydi: “Xaliliyadan Dizakka kelindi. U fursatda Dizakda Hofiz Muhammadbek do’ldoyning o’g’li Tohir do’ldoy qo’rg’onbegi edi. Semiz go’shtlar va non arzon, chuchuk qovun va yaxshi uzumlar farovon. Unday mashaqatdin, bunday arzonchilik va unday falokatlardan bunday omonlikka keldik. O’lim vahimasi ko’ngilda ko’tarilib, ochlik shiddati eldan daf bo’ldi. Umr bo’yi omonlik va arzonchilik qadrini bunday bilmagandik”.

Sohibqiron Amir Temur vafotidan keyin boshlanib ketgan taxt talashishlar ayniqsa, SHohruh Mirzo, Mirzo Ulug’beklar o’limidan keyin kuchayganidan kuchayib bordi. Bu o’z navbatida Dashti Qipchoqdagi o’zbek xonlarining Movarounnahr va  Xurosonga egalik qilishga qaratilgan xarbiy yurishlar uchun bir muncha qulay vaziyatni vujudga keltiradi.

Toshkent va Samarqand, Dashti Qipchoq va Buxoro o’rtasida qo’plab jangu jadallarda viloyat hududi ma’lum ma’noda strategik ahamiyatga egaligini saqlab qoldi. Bu shayboniylar sulolasi hukmronlik qilgan davrga ham tegishli. Samarqandni egallagan SHayboniyxonning 1501 yilda Toshkentga yurishida Jizzax, Sabot uning qo’shinlari to’xtagan manzillar bo’ldi.

1503 yilda O’ratepani bosib olgach, Toshkent hokimi Sulton Mahmud Mirzo bilan tuzilgan sulhga binoan O’ratepa va Jizzax xududlari Samarqand hokimi qo’l ostiga o’tdi. Movaraunnahr SHayboniylar qo’l ostida bo’lgan davrda viloyat hududi qo’p bora bosqinlarni ko’rdi. Xalqdan undirilagan soliqlarning turi ko’payib keidi. Dehqonchilik uchun qulay joylar yaylov sifatida saqlab qolindi.

SHayboniyxon vafotidan so’ng Ko’chkinchixon, Abu Sayidxonlar hukmronlik qilgan yillarda viloyat hududida bosqinlar nisbatan kamaygan bo’lsada, Abdullaxon II taxt tepasiga chiqqan yillarda bu hududda bir necha bor qirg’inbarot janglar yuz berdi. 1557 yil aprel oyida Ilono’tti soyida Turkiston, Toshkent, Andijon, Xo’janddan to’plangan qo’shinlar boshliq Darvishxon va Samarqand xoni Bobosultonning ko’p sonli qo’shiniga qarshi bo’lib o’tgan jangda Abdullaxon II g’olib keldi. Darveshxon Toshkentga, Bobo Sulton Dashti Qipchoqqa chekindi. 1572 yilda yana Bobo Sulton va Darveshxonlar ko’p sonli qo’shin bilan yana Samarqandni bosib olish uchun bostirib kelishganida Abdullaxon qo’shini hozirgi G’allaorol tumani Ko’kgumbaz qishlog’i yonidagi Kunbay Do’ldi degan joyda ularni mag’lubiyatga uchratadi. Ushbu jang Dashti Qipchoq xonlariga katta talofat, Abdullaxon II ga zafar keltirgan-ki, Ilono’ttidagi Mirzo Ulug’bek xotira yozuvi yoniga u ham xotira bitadi. Uning mazmuni shunday: “Bu joyda o’tgan barcha sayyohlar bilsinlarki, 979 yilda Xalifalikning suyanchig’i, Ollohning soyasi, Sohibqiron Abdullaxon Iskandarxon o’g’li shu joyda o’ttiz ming kishilish dangavor qo’shini bilan darvishxon, Boboxon va Sultonning boshqa o’g’illariga tegishli qo’shinlar o’rtasida jang bo’lib o’tdi. Bu jangda Sohibqiron Sulton o’g’illarining  ellik mingga yaqin qo’shini hamda Turkiston, Toshkent, Farg’ona va Dashti Qipchoqdan kelgan to’rt yuz mingga yaqin askarlar ustidan zafar quchdi. Ularning qo’shiniga shunchalik ko’p o’lim keltirdiki, jangda va o’lgan odamlar qoni Jizzax daryosi (Ilono’tdi daryosi) ustida bir oy mobaynida oqib yotdi. Ushbu jang barchaga ma’lum bo’lsin”.

Mamlakat boshqaruvini qo’lga olgan Ashtarxoniylar, aniqrog’i hokimiyatda Imomqulixon o’tirgan davr(1611-1642 yillar)da o’zaro ichki urushlarga barham berish siyosati tufayli mahalliy zadagonlarning davlat boshqaruvidagi ta’sir doirasi tobora ortib bordi. Natijada turli hududlarni egallagan urug’lar boshliqlari mustaqillikka intilishdi – mamlakatda ichki parokandalik kuchayib bordi. Buxoro, Samarqand, SHahrisabz, Toshkent, Qo’qon xonliklari bilan yonma-yon bekliklar ko’payib bordi. Masalan, Samarqand amiri, yirik yer egasi Yalangto’shbiy to’la mustaqil faoliyat yuritdi. To’g’ri, Yalangto’shbiy zamonida Samarqand shahrida  o’lkan binokorlik ishlari amalga oshirildi. SHu davrda Imomqulixon davlatining bosh qozisi mavlono Soqiy Zominiy o’z mablag’i hisobidan Samarqandda madrasa qurdirib, bepul o’qitishni tashkil etadi. Soqiy Zominiy madrasasi XIX asr ruslar istilosida yo’q qilingan.

Ashtarxoniylar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayotda e’tiborli o’zgarishlar yuz bermagan, balki ko’pgina suv inshootlari vayron bo’lgan, o’zaro ichki kurash, boshboshdoqlik kuchaygan. SHuning uchun ham Jizzaxda tug’ilgan, bir necha yil Hisorda soliq yig’uvchilar boshlig’i, so’ngra turli adolatsizliklardan bezor bo’lib, qolgan umrini o’z tug’ilgan yurtida nochor o’tkazgan shoir Turdi Farog’iy hayoti va ijodida bunga yorqin misollar bor (“Tor ko’ngullik beklar” g’azali).

1753 yilda ashtarxoniylar hukmronligi tugab, Movaraunnahr uch xonlikka ajralib ketdi. Viloyat hududi Buxoro amirligi va Qo’qon xonligi o’rtasida jang maydoniga aylanib qoldi.

XVIII asrning 30-yillarida Qo’qon xoni Muhammad Abdurahimbiy Jizzaxni xonlik tarkibiga qo’shib oldi. 1840 yilga kelib amir Nasrullo viloyat hududini Buxoro amirligi tarkibiga oldi. Buxoro amirligi va Qo’qon xonligi o’rtasidagi yer va mulk talashishlarda ko’pincha Jizzax asosiy tortishuv markaziga aylandi. Aslida, Jizzax tarixi ko’p jihatdan Qo’qon honligi bilan bog’liq. Qachonki Jizzax Buxoro xonligi ixtiyoriga o’tganda, Qo’qon xonlari uni o’z qo’li ostiga olish uchun kurash olib borgan.

XIX asrning birinchi yarmidan boshlab, tez-tez yuz berib turgan o’zaro urushlarning butun og’irligi Jizzax xalqini xonavayron qildi. Oqibat bunday mulk tashlashlar 1842 yilda Qo’qon xoni Muhammadalixonga, uning ukasi, oilasi va qarindoshu ulamolariga bevaqt o’lim keltirdi. Amir Nasrullo katta qo’shin bilan kelib, Pishog’ordagi Qo’qon xoni qo’shinini qirib tashlab, avval O’ratepani, keyin Xo’jandni bosib oldi, Qo’qon bo’ysundirilib  , xon va uning atrofidagilar, jumladan Nodirabegim o’ldirildi, xonlik esa Buxoro amirligi ixtiyoriga o’tgan deb e’lon qilindi. 1859 yilda Qo’qon xoni Mallaxonning qo’shini Jizzaxga keldi-yu qaytib ketdi. 1863 yilda Buxoro amiri Muzaffarxon Qo’qon xoni Xudoyorxonni Jizzaxga yubordi. Ana shunday beadad jangu jadallarda Jizzax, Zomin, Yangiqo’rg’on (G’allaorol) hududlari juda katta zarar ko’rdi. Iqtisodiy hayot inqirozga yuz tutdi. Dehqonchilikda sug’orish tarmoqlari izdan chiqdi. Aholining turmush sharoiti juda nochor xolatga tushub qoldi.

Buxoro amirligi va Qo’qon xonligi o’rtasidagi uzluksiz janglar va ichki taxt talashishlar ularning nainki iqtisodiy, balki harbiy qudratini zaiflashtirib yubordi. Bundan foydalangan ruslar Toshkent, Xo’jand, O’ratepa, Jizzax va Yangiqo’rg’onni osonlikcha bosib olishga erishdi. Amir Muzaffarning 1867 yilda Jizzax va Yangiqo’rg’onni qaytarib olish yo’lidagi harakatlari hech qanday foyda keltirmadi. Hudud Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga o’tdi.

Mahalliy aholi ustidan nazoratni uzluksiz ta’minlab turishda general-gubernatorlik cheksiz huquqlarga ega edi. Boshqaruvda viloyat, uezd, volost tizimlari amalga oshdi. XIX asrning 70 yillarida Jizzax uezdi va uning tarkibida O’smat, Qatortol, Yangiqo’rg’on (G’allaorol), Bog’don, Zomin kabi volostlar paydo bo’ldi. Hudud paxtachilikni rivojlantirish uchun butun chora-tadbirlar ishga solindi. CHetdan keltirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari qayta narxlandi. Xomashyo yetishtiruvchi dehqonlar hayoti tobora og’irlashib bordi. Mustamlaka siyosati tufayli 1916 yilda Jizzaxda boshlangan mardikor olishga qarshi qo’zg’olon butun o’lkaga yoyildi. Qo’zg’olon ko’targan mahalliy aholi qirg’inga uchradi, ayovsiz tahqirlandi.

XX asrning 20-30 yillarida aholining siyosiy tafakkurini sindirishga qaratilgan bir qator qatag’onlar odamlarga SHo’ro saltanati haqidagi tushunchani kuchaytirib bordi. Kollektivlashtirish niqobi ostida odamlar yerdan, mulkdan benasb bo’lishdi. SHunga qaramasdan, Ikkinchi jahon urushida katta shijoatlar va jasoratlar ko’rsatgan ming-minglab o’zbekistonliklar safida viloyatimiz vakillari ham bor edi.

Urushdan keyingi yillarda dastlab milliy madaniyatimiz, tarixiy qadriyatlarimizdan yuz o’girishga qaratilgan yetaklovchi xujjetlar qabul qilindi. Zo’ravon komfirqa mafkurasi odamlar ongini milliy o’zlikni anglashdan benasib qilishning quroliga aylandi Respublikada bo’lgani kabi viloyatda ham paxta yakkahokimligiga erishish asosiy ish bo’lib qolgan edi.

SHo’rolar zamonida butun boshqaruv mashinasi markazga batamom bo’ysindirilgan, milliy mentalitet, milliy tuyg’u, milliy tarix, milliy madaniyat tanazzul yo’liga burib yuborilgan bo’lsada, viloyatdan H.Olimjon, N.Safarov, SH.Sa’dulla, SH.Rashidov O.Husanov kabi ijodkorlar yetishib chiqdi.

Viloyat o’tmishidan qisqa so’z aytdigu biz mansub ajdodlar, ota-bobolar qanchalik og’ir, sitamli ko’rguliklarga yelka tutib, mustaqillik, erk va ozodlikka tashna bo’lib o’tganliklarining guvohi bo’ldik.

SHu sababli Mustaqillik ajdodlarimiz asrlar osha orziqib kutgan, viloyat hayotida yangilanishlar, bunyodkorliklar boshlangan, odamlar mulkka ega bo’lib, tadbirkor va ishbilarmonlikka bel bog’lagan yangi davr bo’ldi.

Professor O’.Nosirovning “Jizzaxdan aytar so’zim” kitobidan olindi

(T., “Extremum Press”, 2011y.)

 

 
  • Chop etish
  • Ko'rganlar soni: (4242)
  • Pdf ko'rish
Tweet about this on TwitterShare on Google+Share on Facebook

© 2010-2017 Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. Sayt materiallaridan foydalanganda www.jizzax.uz manba sifatida ko`rsatilishi shart. Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing