» » Avtomobilsozlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

Avtomobilsozlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

15 декабрь 2023 г 257 Комментарии: 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida bu sanoat tarmoqlari izchil modernizatsiya qilinmoqda. Logistikadagi qiyinchiliklarga qaramasdan, so‘nggi yillarda avtomobil ishlab chiqarish 3 barobar ko‘payib, joriy yil yakunida 415 ming donaga yetishi kutilmoqda. Sohada davlat monopoliyasini yo‘q qilish va raqobatni rivojlantirish maqsadida 3 ta yangi xususiy korxona va nufuzli xorijiy brendlar jalb etildi. Bugun yurtimizdagi 8 ta zavodda o‘nlab turdagi avtomobillar, yuk va yo‘lovchi tashish transportlari, qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalar ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, bu sohada 2 mingdan ziyod korxona yaxlit kooperatsiya tarmog‘iga bog‘landi va 50 foiz mahalliylashtirish ta’minlandi.

Shu bilan birga, bozorda talab hali ham yuqori. Ham tashqi, ham ichki bozorda avtozavodlar o‘rtasida raqobat kuchaymoqda. Endi “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati ham mahsulotlar modelini kengaytirib, sifatini yaxshilash, tannarxni kamaytirib, raqobat muhitida ishlashga o‘tishi zarur.

Taqdimotda shu boradagi chora-tadbirlar, tarmoq oldidagi vazifalar muhokama qilindi. 

Xususan, mamlakatimizda yengil avtomobil ishlab chiqarishni 2030 yilgacha 1 million donaga yetkazish maqsad qilingan. Yig‘ilishda bu borada 2024 yilda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi. 

Davlatimiz rahbari “O‘zavtosanoat”ni transformatsiya qilishni jadallashtirish, xarajatlarni kamaytirish lozimligini ta’kidladi.

Ma’lumki, bugungi kunda jahondagi yetakchi avtozavodlar elektromobil ishlab chiqarishga o‘tmoqda. Mamlakatimiz sanoatchilari ham tezroq bu yo‘nalishni o‘zlashtirib, zamon talabiga moslashmasa, kelgusida bozorda o‘rin topishi yanada qiyin bo‘ladi.

Bu borada ilk loyihalar boshlangan. Kelgusi yilda shunday zavod ishga tushirilib, 10 mingta elektromobil ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratish muhimligini ta’kidlab, tarmoq korxonalarida elektromobillar uchun butlovchi qismlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ida bu yil 3 ming 500 donadan ortiq texnika ishlab chiqarilgan. 2030 yilgacha bu miqdorni yiliga 16 ming donaga yetkazish mo‘ljallangan.

Bu yil Chirchiqda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasteri tashkil etildi. U yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Lekin, ularni sotish tizimi zamon talablariga mos kelmayapti.

Shu bois mahalliy texnika xaridini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, klaster va fermerlarni jalb etib, bu borada buyurtmalar shakllantirish zarurligi ta’kidlandi va qo‘shimcha choralar belgilandi. Milliy traktorni mahalliylashtirish darajasini 35 foizga, osma texnika va tirkamalarni o‘rtacha 60 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!