» » “Yashil” energetika ham iqtisodiyot drayverlaridan biriga, ham chinakam umummilliy harakatga aylanmoqda

“Yashil” energetika ham iqtisodiyot drayverlaridan biriga, ham chinakam umummilliy harakatga aylanmoqda

29 февраль 2024 г 122 Комментарии: 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-fevral kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Tahlillarga ko‘ra, yurtimizda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga bo‘lgan hozirgi ehtiyojni 10-12 barobar ortig‘i bilan qoplashga yetadi. Lekin shunday ulkan imkoniyat ancha yillar davomida ishga solinmagan edi.

So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan bu sohaga katta e’tibor qaratilib, huquqiy zamin yaratildi. “Yashil energiya” manbalarini barpo qilish bo‘yicha katta dasturlar boshlandi. Investorlar uchun jozibador muhit tashkil etildi.

Bugungi kunga qadar, sohaga 2,1 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi, yana 13 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilayapti. Deyarli barcha viloyatlarda zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda.

Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushdi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatida 183 megavattli 6 ta yirik va kichik GESlar foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlarga tegishli binolar va aholi xonadonlarida umumiy quvvati 457 megavattli quyosh panellari o‘rnatildi. Bu ishlarga banklar tomonidan qariyb 2 trillion so‘m resurs ajratildi.

Natijada qo‘shimcha 5 milliard kilovatt-soat ekologik toza elektr ishlab chiqarish va 1,5 milliard kub metr gaz tejash imkoniyati yaratildi.

Bu sohadagi keng qamrovli ishlar mahalliy korxonalarda transformator, har xil turdagi kabellar, isitish kollektorlari, quyosh paneli, izolyator, metall ustunlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga ham katta turtki berdi.

Bir so‘z bilan aytganda, “yashil” energetika – ham iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga, ham chinakam umummilliy harakatga aylanmoqda.

2024-yilda “yashil energiya” hajmi 13 milliard kilovatt-soatga, uning mamlakatimizdagi jami ulushi 15 foizga yetadi. Qisqa davr uchun bu juda katta ko‘rsatkich, albatta.

Lekin bu borada hali imkoniyatlar ko‘p, ular hamma hududlarda ham to‘liq ishga solinmayapti.

Shu bois yig‘ilishda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish va shunga yarasha infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha yangi rejalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari sohadagi tajribaga tayanib, bu yildan yirik “yashil energiya” quvvatlarini yaratish bo‘yicha uch yillik dasturga o‘tish zarurligini ta’kidladi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, kelgusi uch yilda 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiya quriladi. Jami 2,2 gigavatt bo‘lgan 18 ta elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi.

Energetika tizimining barqarorligini ta’minlash uchun ushbu quvvatlarga mos tarmoqlarni qurishni hamda zarur materiallar ishlab chiqarishni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.

Energetika vaziri uch yillik dasturdan o‘rin olgan 2,6 gigavattli 14 ta stansiya bu yil ishga tushirilishi, ularni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya quvvati kengaytirilib, 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari qurilishi haqida axborot berdi.

Umuman, yangi quvvatlar hisobiga bu yil kamida 85 milliard kilovatt-soat, shundan quyosh va shamol stansiyalarida 6 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilishi aytildi.

Joylarda quyosh panellarini o‘rnatish holati ham ko‘rib chiqildi.

Aholining bundan manfaatdorligini oshirish maqsadida “Quyoshli xonadon” dasturi joriy qilingan. Unga ko‘ra, quyosh paneli o‘rnatgan aholidan har 1 kilovatt elektrni 1 ming so‘mdan sotib olish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda 11 mingga yaqin xonadon egalari bu imkoniyatdan samarali foydalanayapti.

Bu ishlarni kengaytirish uchun uning jozibadorligini oshirish, quyosh paneli o‘rnatuvchilarga ko‘maklashish kerakligi aytildi. Buning uchun qo‘shimcha 50 million dollar resurs ajratilishi, xorijiy investorlar ishtirokida yana 100 million dollar jalb qilinishi belgilandi.

Quyosh energiyasidan foydalanishda tadbirkorlarga ham qo‘shimcha yengilliklar yaratiladi. Jumladan, quyosh paneli, invertor va akkumulyatorlarni import qilishda bojxona imtiyozlari yana besh yilga uzaytiriladi.

Mutasaddilarga qishloq va suv xo‘jaligi, ichimlik suvi ta’minoti kabi energiya sarfi yuqori bo‘lgan sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bu soha rivojlanayotgani boshqa turdosh tarmoqlarga ham ijobiy ta’sir etmoqda. Xususan, yirik quyosh va shamol stansiyalarini qurish, ularni tarmoqqa ulash, ta’mir va servis xizmati ko‘rsatish jarayonlarida mahalliy korxonalarimiz uchun kamida 1 milliard dollarlik bozor paydo bo‘lmoqda.

Shu bois bu yil Qarshi shahridagi “Solar klaster”da quyosh paneli, akkumulyator, invertor, suv isitkich, Ohangaron sanoat zonasida kabel va transformator, Nukus shahri va Andijon tumanida quyosh panellari ishlab chiqarish loyihalashtirilgan.

Prezidentimiz mahalliy korxonalarga xalqaro sertifikatlarni olishda va ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga moslashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Energetika vaziri va hokimlar yig‘ilishda belgilangan vazifalar bo‘yicha ishni tashkil qilish rejalari yuzasidan axborot berdi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!