Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Samarqand BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasini o‘tkazishga tayyor
16 октябрь 2023 г 192 Комментарии: 0
Nufuzli tadbirda 130 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. UNWTO Bosh assambleyasining yubiley 25-sessiyasi dunyo hamjamiyatining O‘zbekistonga bo‘lgan e’tiborini kuchaytiradi deyiladi Uzbektourism rasmiy xabarida.
16–20 oktabr kunlari Samarqanddagi «Silk Road Samarkand» sayyohlik majmuasida BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tadi.
Bosh assambleyaning O‘zbekistonda tashkillashtirilgan bu galgi sessiyasida dunyoning barcha qit’alaridan 130 dan ortiq davlat ishtirok etadi. Bu Bosh assambleyaning avvalgi sessiyalariga nisbatan yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
UNWTO Bosh assambleyasi doirasida Samarqandda Xalqaro Investitsiya forumi, Xalqaro ta’lim forumi, «Eng yaxshi turizm qishloqlari»ni taqdirlash marosimi, shuningdek, qator yalpi sessiyalar va madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Ushbu nufuzli tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi dunyo hamjamiyatining mamlakatimizga bo‘lgan e’tiborini yanada kuchaytiradi. Bosh assambleya tadbirlariga Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo barcha davlatlarning ommaviy axborot vositalari, investorlar tashrif buyuradi va barcha uchun muhim hisoblanadi.
Tadbirga raislik quiluvchi BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili Samarqandga keldi. Yuqori martabali mehmonni UNWTO Bosh Assambleyasini Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tashkiliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev kutib oldi.
Global investitsiya forumi
UNWTO Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi doirasida Global investitsiya forumi va ko‘rgazma tashkil etiladi. 17–18 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan forumda vazirlar va xalqaro moliya institutlari rahbarlari darajasida muhokamalar, 5 ta panel sessiyasi hamda 22 ta taqdimot o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum davomida O‘zbekistonning 14 ta hududi mavjud turistik-investitsion salohiyati, 3 ta turistik-rekreatsion zona (Zomin, Chorvoq, Chimyon), Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, 4 ta startap loyihalari (Yaponiya, Chexiya, Fransiya va Braziliya) namoyish etiladi. Bundan tashqari, Turizm qo‘mitasi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «Uzbekistan airports» AJ va «Uzbekistan helicopters» MChJlarning stendlari tashkil qilinadi.
Qolaversa, umumiy qiymati 2 mlrd dollarlik istiqbolli loyihalar manzilli ro‘yxati shakllantirilib, investorlarga taqdim etiladi.
UNWTO Bosh Assambleyasi sessiyasida 120 dan ortiq yirik xorijiy investorlar hamda 500 dan ortiq yirik mahalliy kompaniyalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Xalqaro ta’lim forumida
19 oktyabr kuni 25-Bosh Assambleya doirasida «Global forum on Education: The Foundation of Building Torism» Xalqaro ta’lim forumi o‘tkaziladi.
Forum davomida tashkillashtiriladigan va dunyoning 10 mamlakatidan ta’lim va turizm sohasi rahbarlari ishtirok etadigan vazirlar yalpi sessiyasida rahbarlar munozaralar davomida hozirgi va kelajak avlodlar uchun ta’lim sohasida innovatsiyalarni joriy etish masalalarini batafsil ko‘rib chiqishadi. Sessiyada IE universitetining iqtisodiy masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti, tadbirkorlik va innovatsiyalar markazi raisi Janob Xuan Xose Guemes moderatorlik qiladi.
Ta’lim sohasidagi yetakchi ekspertlarning «Ta’lim sohasidagi UNWTO faoliyati», «Ertangi kunning investitsiyalari: cheksiz kelajak uchun transformatsiya, texnologiya, innovatsiya va ta’lim» mavzularidagi ma’ruza va taqdimotlari bo‘lib o‘tadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston, AQSh, Shveytsariya, Singapur, Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Ispaniya, Gretsiyadan 7 nafar spiker, shu jumladan, turizm sohasida O‘zbekiston yoshlar yetakchilari ishtirok etadigan yalpi majlis o‘tkaziladi. Majlisda o‘rta maktabdan oliy va ijro etuvchi ta’limgacha bo‘lgan turli bosqichlarda talabalarning turli ehtiyojlarini hisobga olgan holda yaxlit yondashuv taqdim etiladi, bu turizm sanoatining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Yana bir diqqatga sazovor tadbir O‘zbekistondagi UNWTO Turizm akademiyasining taqdimotiga bag‘ishlanadi.
Bundan tashqari, Turizm va ta’lim sohasidagi ulkan yutuqlar va tashabbuslar uchun «Ulysses Awards UNWTO» mukofoti taqdimotining tantanali marosimi ham rejalashtirilgan.
Turizm sohasida milliy va xorijiy ta’lim muassasalari o‘rtasida memorandumlar imzolash marosimi kutilmoqda.
Forumga turizm sohasidagi yetakchi ta’lim tashkilotlari, shuningdek, 30 mamlakatdan yetakchi xalqaro tashkilotlar vakillari kelishi kutilmoqda.
«Eng yaxshi turizm qishloqlari»ni taqdirlash
Yubiley sessiya doirasida «Eng yaxshi turizm qishloqlari» nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tadi.
UNWTO tomonidan har yili iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan barqaror rivojlanayotgan, shuningdek, mahalliy qadriyatlar va an’analarni saqlab qolib, targ‘ib qilib kelayotgan eng yaxshi qishloq turizm qishlog‘ini aniqlaydi.
«Eng yaxshi turizm qishloqlari» nominatsiyasi UNWTO tomonidan 2021 yilda nafaqat rivojlangan hududlarga, balki o‘z qadriyatlarini saqlagan va an’analarini targ‘ib qilayotgan qishloqlarga sayyohlar e’tiborini jalb qilish maqsadida ta’sis etilgan, — deydi Turizm qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Mansur Melikov. — Bu galgi nomzodlar ro‘yxatida O‘zbekistonning 5 ta manzili — Samarqand viloyatidagi Konigil, Navoiy viloyatidagi Sentob, Surxondaryo viloyatidagi Sangardak, Jizzax viloyatidagi Uxum va Farg‘ona viloyatidagi Avval turizm qishloqlari ham bor».
Ta’kidlash joizki, «Eng yaxshi turizm qishloqlari" taqdirlash marosimi bu yil uchinchi bor o‘tkaziladi. Marosim oldingi yillardagi kabi a’zo davlatlarning yuqori darajali a’zolari, shuningdek, qishloq jamoalari vakillarini birlashtiradi.
Ma’lumot uchun: Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) turizm sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilot bo‘lib, BMT tizimining ixtisoslashgan hukumatlararo muassasasi sifatida faoliyat yuritadi. Tashkilot 158 ta ishtirokchi davlatni, 6 ta assotsiatsiyalashgan mintaqani, kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan ikkita mintaqani va 500 dan ortiq bo‘linmali tashkilotlarni birlashtiradi. UNWTO 1975 yildan beri BMT Nizomi asosida faoliyat yuritib keladi va barqaror hamda qulay turizmni rivojlantirishga asoslangan.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!