Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Shavkat Mirziyoyev tomorqadagi omilkorlikni ko‘zdan kechirdi
08 апрель 2024 г 124 Комментарии: 0
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumanidagi Tuyoqli mahallasida bo‘lib, aholi turmush sharoiti va daromadlari bilan qiziqdi.
Mahallalardagi imkoniyatlarni ishga solib, aholi bandligini ta’minlash bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bunda eng qulay va hammabop imkoniyatlardan biri tomorqadan foydalanishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5-martdagi “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida katta imkoniyatlar belgilandi.
Bunday omilkorlikni Tuyoqli mahallasida ham ko‘rish mumkin. 678 ta xonadonning deyarli hammasida tomorqa bor. Ularning jami maydoni 36 gektar. Mevali daraxtlar, tok va sabzavotlar yaxshi hosil beradi. 314 ta xonadondagi issiqxonalarda poliz ekinlari va gul ko‘chatlari yetishtiriladi.
Davlatimiz rahbari shu yerlik Abdumo‘min Karimov xonadonini kirib ko‘rdi.
Uyning tomorqasi 12 sotix, shundan 7 sotixida issiqxona barpo etilgan. Bundan tashqari, chorva, tovuq, asalari boqiladi. Xonadon egasi ro‘zg‘orbop ekinlar yetishtirib, yiliga 200 million so‘mdan ziyod daromad olayotganini so‘zlab berdi.
- O‘rtacha mahalladagi shu oddiy xonadon misolida ko‘rayapmizki, oilaning o‘zida harakat bo‘lsa, yaxshi daromad topsa bo‘ladi. Aholi ixtiyorida tomorqalar, undan foydalanaman degan insonlar ham ko‘p. Faqat ularga yordam berish kerak. Masalan, mahalliy korxonalarni jalb etib, issiqxona qurilmalari, voish, asalari uyasi, ko‘chat, urug‘lik va ozuqalarni yaxlit to‘plam qilib, arzon narxda yetkazib berish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident shu yerda «mahalla yettiligi» bilan suhbatlashdi. Joylardagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali oilalarning daromadini, xarid qobiliyatini oshirish haqida so‘z yuritildi. Bu ularning hayot sifatida, salomatligida, farzandlari kamolida aks etib, jamiyat rivojiga hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!