Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Prezident chorvachilik klasterini ko‘zdan kechirdi
09 апрель 2024 г 165 Комментарии: 0
Prezident Shavkat Mirziyoyev Zomin tumanidagi “Jizzax Organis” chorvachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.
Umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan bu loyiha besh yil oldin ishga tushirilgan. Yirik majmuada ochiq va yopiq inshootlar barpo etilgan.
Birinchi bosqichda Yevropa davlatlari va AQSHdan “Angus”, “Gereford” naslli 4 ming bosh qoramol, Avstraliyadan “Dorper” zotli 2 ming bosh naslli qo‘y keltirilgan.
Mamlakatimizda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari – go‘sht va sut mo‘l hamda arzon bo‘lishida mana shunday majmualarning ahamiyati katta. “Jizzax Organis” klasteri o‘n ming bosh qoramol, to‘rt ming bosh qo‘y yetishtirish quvvatiga ega. Yiliga besh ming tonnagacha go‘sht yetishtiriladi. Bu yerda 750 kishi doimiy ishlaydi.
Korxonada barcha ish jarayonlari raqamlashtirilgan. Ekin yerlarining 1 ming 300 gektariga suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Bu ishlar uchun Avstraliya, Germaniya va AQSHdan zamonaviy uskunalar keltirilgan. Umuman, klasterda qiymati o‘n million dollarlik 200 ga yaqin texnika bor. Yana bir muhim jihati, bu yerda seleksiya va genetik ishlar uchun ham imkoniyatlar bor.
Ozuqa yetishtirish uchun 12 ming gektar yer ajratilgan.
Oxirgi o‘n yillar mobaynida foydalanilmagan yerlarning unumdorligini tiklash bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Buning uchun organik o‘g‘itlar berish, almashlab ekish tadbirlariga ahamiyat qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbariga klasterning yangi loyiha va rejalari haqida axborot berildi.
Qayd etilganidek, 28 million dollar sarmoya evaziga yiliga 20 ming tonna sut va 5 ming tonna go‘shtni qayta ishlash ko‘zda tutilgan. Yana 2 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish orqali ozuqa yetishtiriladi.
Chorvachilikda nasl masalasi dolzarb ahamiyatga ega. Lekin aholi boqayotgan chorvaning zotdorligi 10 foiz atrofida. Shuning uchun sun’iy urug‘lantirishni kengaytirish, mahalliy nasllarni yaxshilash zarur. Shuni hisobga olib, klaster tomonidan Zomin, Zarbdor va Yangioboddagi 15 ta mahallada “Angus” zotli qoramolni ko‘paytirib, sotib olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Banklar orqali mahallalarga beriladigan moliyaviy xizmatlar to‘plamida chorvachilikni ham nazarda tutish, ozuqa yemni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuning bilan davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!