» » Yangi agrologistika markazining eksport rejalari ulkan

Yangi agrologistika markazining eksport rejalari ulkan

08 апрель 2024 г 129 Комментарии: 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev “BMB Holding” kompaniyasining Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi agrologistika majmuasini borib ko‘rdi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi eksportining salohiyati yuqori. Bunda mahsulotlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va sotishning barcha bosqichlarini qamrab olgan agrologistika markazlari juda muhim.

“BMB Holding” kompaniyasining o‘tgan yil dekabrda ishga tushgan majmuasi ham shulardan biri. Bu loyihaning umumiy qiymati 57 million dollardan ziyod. Majmuada yiliga 10 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash hamda 8 ming tonnani birlamchi qayta ishlash imkoni mavjud. 180 kishi doimiy ish bilan ta’minlagan.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini va eksportga tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.

Logistika markaziga meva-sabzavot mahsulotlari Jizzax viloyati va qo‘shni hududlardan olib kelinadi. O‘tgan yili “BMB Holding” tizimidagi agroklaster tomonidan 1 ming 200 dan ortiq fermerdan shartnoma asosida 16 turdagi 52 ming tonnadan ortiq hosil olindi. 

Joriy yilda Sayxunobod tajribasi asosida 2 ming 485 nafar aholi tomorqalari bilan kooperatsiya asosida shartnoma qilinadi. Shuningdek, 4 mingga yaqin fermer xo‘jaligining 14 ming 500 gektar maydonida qishloq xo‘jaligi mahsulot yetishtiriladi. Buning natijasida klaster negizida qo‘shimcha 32 mingtadan ortiq mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi.

Majmuada fitosanitar va sanitar-epidemiologik sertifikatlash laboratoriyasi, bojxona hamda bank filiallari, hostel tashkil etilgan. Laboratoriya Rossiya, Xitoy, AQSH va Germaniya davlatlaridan keltirilgan 34 ta eng zamonaviy uskuna bilan jihozlangan. 

Karantin xodimlari shu yerning o‘zida mahsulotlarni ko‘rikdan o‘tkazadi. Muhimi, ular tomonidan rasmiylashtirilgan fitosanitar sertifikat 119 ta davlat tomonidan tan olinadi.

Bu kabi imkoniyatlarning mavjudligi korxonaning eksport salohiyati va geografiyasini oshirmoqda. Bugungacha Qozog‘iston, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi va Xitoyga qariyb 43 million dollarlik mahsulot yuborildi. Joriy yil yakuni bo‘yicha eksport hajmini 58 million dollarga chiqarish reja qilingan.

Prezidentimiz bunday agrologistika markazlarini boshqa hududlarda ham ko‘proq tashkil etib, ularga muayyan dalalarni va mahallalarni biriktirish zarurligini ta’kidladi. Bu tadbirkor uchun yetarli mahsulot, aholi uchun kafolatli xarid imkoniyatini beradi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim, 2017-yilda tashkil topgan kompaniya tarkibida bugun 4 ta qo‘shma va 26 ta sho‘ba korxona mavjud. Iqtisodiyotning turli jabhalarida qariyb 1 milliard 500 million dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi BMB Opera Zafferano qo‘shma korxonasi tomonidan 400 gektarlik za’faron plantatsiyasi yaratildi. Yetishtirilgan mahsulotlar USDA ORGANIC sertifikatiga ega bo‘lib, Italiya, Avstriya, Gollandiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. AQSH bozoriga kirish uchun ham FDA ruxsatnomasi berilgan.

Kelgusi uch yilda bu loyihaning qiymati 80 million yevroga yetkazilib, za’faron yetishtirish hajmi 1,8 tonnadan 20 tonnaga oshiriladi. Davlatimiz rahbari bu rejalarni ma’qullab, za’faron maydonlari va eksportini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!