Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » O‘zbekiston va Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojida tarixiy voqea
09 август 2024 г 99 Комментарии: 0
Ostona shahridagi Oqo‘rda qarorgohida 8 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi. Ikki mamlakat yetakchilari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekani, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganini ta’kidladi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar, qo‘shma korxonalar soni besh barobar ko‘paydi, yuk tashish hajmi ortmoqda, yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yoshlar siyosati va axborot maydonini shakllantirish sohasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda kompleks hamkorlik dasturini tayyorlashga kelishib olindi.
Ikki mamlakat parlamentlari palatalari ishtirokida Parlamentlararo forum tashkil etilishi qo‘llab-quvvatlandi.
Tovar ayirboshlash hajmini, eng avvalo, o‘zaro bozorlarni shakllantirish va uchinchi mamlakatlardan importning o‘rnini bosish hisobiga yanada oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu ma’noda, hukumatlarga oy yakuniga qadar tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish topshirildi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida joriy sammitga qadar umumiy qiymati 7 milliard dollarlik yangi bitim va shartnomalar portfeli ishlab chiqildi.
Ular orasida energetika, transport va logistika, metallurgiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi loyihalar bor.
Sirdaryo viloyatida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilishini jadallashtirish va u yerda korxonalarni joylashtirishga kelishib olindi.
Yirik loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish masalasi o‘rganiladi.
Tranzit yuk tashish uchun qulay sharoitlarni ta’minlash, qo‘shma logistika majmualarini qurish, ikki mamlakat o‘rtasida avtomobil va temir yo‘l yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Shundan so‘ng Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Qozog‘iston rahbari va xalqiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda bu kun O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligi tarixida alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
– Bugun biz Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazmoqdamiz. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojida tarixiy voqea hisoblanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari yuqori sur’atda rivojlangani alohida qayd etildi.
Tashrif doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, biznes forumi, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy markazlar forumi, intellektual o‘yinlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Kino kunlari, ko‘rgazmalar, konsertlar va boshqa ko‘plab tadbirlar davom etmoqda.
Ikki mamlakat rahbarlari 2024-2034 yillarga mo‘ljallangan strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Bu dastur O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarida yangi sifat bosqichi boshlanganini anglatadi.
Majlis davomida davlatimiz rahbari bir qator ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Avvalo, xalqaro tuzilmalar doirasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va umumiy manfaatlarni samarali ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
Muloqotlar natijadorligini oshirish, Parlamentlararo forumni ta’sis etish, Ekspertlar kengashining qizg‘in ishini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Shu maqsadda oy oxirigacha alohida dastur qabul qilinadi. Bunda bozorlarni o‘zaro shakllantirish, mavjud cheklovlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mamlakatimiz yetakchisi sanoat kooperatsiyasining yangi strategiyasini qabul qilish zarurligini ta’kidladi.
Tomonlar kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi va ishbilarmonlik uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha 7 milliard dollarlik salmoqli kelishuvlar imzolanganini ijobiy baholadilar.
Gap energetika, logistika, qurilish, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa sohalardagi hamkorlik haqida bormoqda.
Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirishni jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma jamg‘arma tashkil etish masalasini o‘rganishga kelishib olindi.
Iqtisodiy hamkorlikning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan hududlar o‘rtasidagi aloqalar strategik sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Forumni barcha viloyatlar va markaziy shaharlarni qamrab olgan holda Hududlar kengashiga aylantirish va uning birinchi yig‘ilishini kuzda Samarqandda o‘tkazishga qaror qilindi. Hukumatlarga aniq kelishuvlarga erishish uchun hududlarga o‘zaro tashriflar jadvalini tasdiqlash topshirildi.
Energetika quvvatlari va infratuzilmasini qurish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorlik bildirildi. Yirik mintaqaviy loyihalarni, eng avvalo, Qambarota GES qurilishini tayyorlash ishlari jadallashtiriladi.
Transport va tranzit sohasida ishbilarmon doiralarni jalb etgan holda ikki mamlakat o‘rtasida yangi transport yo‘laklarini qurish loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi. Bundan tashqari, zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish ishlarini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqada suvdan foydalanish masalalariga yagona yondashuv mavjudligi qayd etildi. Ishonchli huquqiy bazani shakllantirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish ishlari davom ettiriladi.
Madaniyat, ta’lim, yoshlar va turizm sohalaridagi almashinuvlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
– Shu kunlarda Ostonada O‘zbek kinosi kunlari, ko‘rgazmalar, festivallar, konsertlar o‘tkazilmoqda. "Zakovat" intellektual o‘yini muvaffaqiyatli o‘tdi. Bunday tadbirlar yoshlarimizni yanada yaqinlashtiradi, ularni umumiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishtiradi, – dedi davlatimiz rahbari.
Madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ham bunga xizmat qiladi.
Tomonlar Markaziy Osiyoda integratsiya va hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanliklarini tasdiqladi. Ta’kidlanganidek, Maslahat uchrashuvi mintaqa oldida turgan vazifalarni birgalikda hal etish va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan mintaqaviy kun tartibini ishlab chiqishning samarali mexanizmiga aylandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa tuzilmalar doirasida yaqin va ochiq muloqotni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart Toqayevni Davlatlararo oliy kengashning ikkinchi majlisini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Tashrif dasturi doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘iston Respublikasining "Oltin Qiron" (“Oltin burgut”) ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qardosh mamlakatning oliy davlat mukofotini O‘zbekiston yetakchisiga Prezident Qosim-Jomart Toqayev tantanali ravishda topshirdi.
Davlatimiz rahbari ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirib, bunday yuksak mukofot ikki xalqning ko‘p asrlik chinakam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga berilgan baho, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga olib chiqish sari mushtarak intilishlarning e’tirofi ekanini ta’kidladi.
"Oltin Qiron" oliy ordeni bilan davlat arboblari Qozog‘iston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun taqdirlanadi.
Ikki tomonlama muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Olmaota shahrida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiq shahrida M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetining filiallarini tantanali ravishda ochdilar.
O‘zbek va qozoq oliygohlari filiallarining o‘zaro ochilishi ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning jadal rivojlanayotganidan yana bir dalolat bo‘ldi.
Mazkur ta’lim muassasalarida talab yuqori bo‘lgan texnik yo‘nalishlar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari "Sian – Xorg‘os – Olmaota –Sariyog‘och – Toshkent" yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk poyezdining yetib kelishiga bag‘ishlangan marosimda ham ishtirok etdilar.
Yuk poyezdi Sian shahridagi Qozog‘iston – Xitoy terminalidan "Xorg‘os" quruq portiga yo‘l oldi. U yerda konteynerlar qayta ortildi va Qozog‘iston temir yo‘llari bo‘ylab "Sariyog‘och" stansiyasi orqali so‘nggi manzilga – "Toshkent" stansiyasiga jo‘natildi.
Ushbu yo‘nalish yuk tashish vaqtini qisqartirib, savdo hajmini oshirishga kuchli turtki beradi.
Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Qo‘shma bayonot hamda Davlatlararo oliy kengashning 2024-2034 yillarda strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturini tasdiqlash va Tashqi ishlar vazirlari kengashini tuzish to‘g‘risidagi qarorlarini imzoladilar.
Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini qamrab olgan hujjatlar to‘plami qabul qilindi. Bular, jumladan:
– Davlat chegarasi rejimi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim;
– Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari va xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlarga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomalar;
– 2024-2025 yillarda madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo tadbirlar rejasi;
– Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Iqtisodiyot vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– Tabiiy monopoliyalarni tartibga solish va raqobat siyosati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnomalar;
– O‘zbekiston – Qozog‘iston Ekspertlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risida memorandum;
– O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va Qozog‘iston Respublikasi Otandastar jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida bitim;
– 2024-2026 yillarda Toshkent shahar hokimligi va Ostona shahar hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga izoh berdilar.
O‘zbekiston rahbari birgalikdagi tizimli va amaliy sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligini ittifoqchilik munosabatlaridek eng yuqori bosqichga olib chiqishga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
– Biz ko‘p qirrali munosabatlarimizda yangi sahifa ochdik – Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdik. Ushbu format davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasi ifodasi bo‘lib, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning yaqin aloqalari, ularning barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashga qat’iy intilishini yaqqol namoyon etadi.
Muzokaralar chog‘ida parlamentlarning ikki palatasi ishtirokida Parlamentlararo forum tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Hamkorlikning yana bir yangi shakli – Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Qo‘shma bayonot imzolandi hamda har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 2024-2034 yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilindi.
Muzokaralarda hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yetakchilar ikki mamlakatning barcha viloyatlarini jalb qilgan holda Hududlararo hamkorlik forumini Hududlar rahbarlari kengashiga aylantirish tashabbusini ilgari surdilar.
Oy yakuniga qadar tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirishga qaratilgan kompleks dastur qabul qilinadi. Tomonlar, shuningdek, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilishini tezlashtirishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston – Qozog‘iston investitsiya fondini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Muzokaralar kun tartibidan transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhim o‘rin egalladi. Yuk tashish hajmini oshirish uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlarni yaratish, avtomobil va temir yo‘llarni qurish va modernizatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Yana bir strategik yo‘nalish – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. Ikki mamlakat hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalarida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Madaniyat, yoshlar, turizm, fan, ta’lim va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro platformalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, "Markaziy Osiyo plyus" formatlari doirasidagi tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradilar.
9 avgust kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi iqtisodiy integratsiya va butun mintaqaning jadal rivojlanishiga kuchli sur’at bag‘ishlashi alohida ta’kidlandi.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi yakunlari va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Ostona shahrida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini tantanali ravishda ochdilar.
Davlatimiz rahbari Qosim-Jomart Toqayevning Alisher Navoiyga haykal o‘rnatish tashabbusi uchun samimiy minnatdorlik bildirib, Qozog‘iston poytaxti markazida muhtasham yodgorlik bunyod etilgani qozoq xalqining qardosh O‘zbekistonga bo‘lgan chuqur hurmatining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi.
– Buyuk faylasuf va insonparvar shoir Alisher Navoiyning ijodiy merosi nafaqat o‘zbek xalqiga, balki butun dunyoga tegishli noyob boylikdir. Navoiy asarlari XVI asrdayoq italyan va nemis tillariga tarjima qilingan bo‘lsa, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha tillarida yangramoqda. Asrlar davomida hayotning o‘ziga xos ensiklopediyasi bo‘lgan uning ijodi millionlab insonlarni hayratga solib, ruhlantirib kelmoqda, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Hazrat Alisher Navoiyning ulkan xizmati shundaki, u o‘zbek adabiyotining va o‘zbek adabiy tilining asoschisidir.
Haykali Toshkentning markaziy maydonlaridan birini bezab turgan qozoq xalqining buyuk farzandi, qozoq adabiyotining mumtoz namoyandasi Abay Qo‘nonboyev Sharqning boshqa buyuk shoirlari qatori Alisher Navoiyni ham o‘zining ustozi deb bilgan.
Navoiy va Abay ijodi abadiyat, do‘stlik, muhabbat va sadoqat she’riyatidir. Ularning falsafiy qarashlari millatning ma’naviy yuksalishida bebaho manba hisoblanadi.
2020 yilda marhum qozoq shoiri Nesipbek Aytuli Alisher Navoiyning eng muhim asari – "Xamsa"ni qozoq tiliga tarjima qilib, nashr etdi va ushbu kitobga so‘zboshi shaxsan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tomonidan yozildi.
– Ishonchim komilki, Alisher Navoiy haykali ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarining yana bir yorqin ramziga aylanadi, uning merosi esa yana ko‘plab avlodlarni buyuk yutuqlarga ilhomlantiradi, – dedi so‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahriga tashrifi doirasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon san’at ustalarining "Do‘stlik kechasi" tantanali konsertida ishtirok etdi.
Tadbirda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, sammitning faxriy mehmoni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham qatnashdi.
Folklor-etnografik ansambllar va estrada san’atkorlarining rang-barang chiqishlari, milliy qo‘shiq va raqslar xalqlarimizning mushtarakligi va madaniy yaqinligini yaqqol namoyon etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!