» » Jizzaxda harbiylarga yangi xonadon kalitlari topshirildi

Jizzaxda harbiylarga yangi xonadon kalitlari topshirildi

26 сентябрь 2024 г 82 Комментарии: 0

Harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor masalalaridan biri hisoblanadi.

Ana shu islohotlarning davomi sifatida Jizzax viloyatining qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh hududda joylashgan DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism bo‘linmasi kapital ta’mirlanib, harbiy oilalar uchun yangi xizmat uyi qurib foydalanishga topshirildi.

Jizzax viloyat va Forish tuman hokimligi mas’ullari, sektor rahbarlari, harbiy qism qo‘mondonligi hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘z olganlar yangi xonadonlar sohiblarini muborakbod etib, harbiy xizmatchilarning yashashi va xizmat vazifalarini olib borishlari uchun yaratib berilayotgan munosib sharoitlar xususida to‘htaldilar.
Shundan so‘ng, zamonaviy tipda bunyod etilgan 2 qavatli shinam va ko‘rkam 16 ta xonadondan iborat bo‘lgan xonadonlarning kalitlari tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi.

-Hozirgi kunda biz harbiy xizmatchilarga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan shart-sharoitlardan juda mumnunmiz. Bu albatta biz harbiy xizmatchilarning sharafli burchimizni bekamu-ko‘st ado etishimizda muhim ahamiyat kasb etadi, deydi DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi, oddiy askar Bekzod Mo‘minov. –Yashash xonadonlarimiz xizmat joyimizga yaqin bo‘lgani uchun oilamizdan ko‘nglimiz to‘q. Mana shunday sharoit va imkoniyatlarni yaratib berganligi uchun avvalo davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlarimiz Oliy bosh qo‘mondoniga hamda DXX rahbariyati va yuqori qo‘mondonligimizga o‘zimizning cheksiz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Bunga javoban biz chegarachilar bundan ham keyin Davlat chegaralarini mustahkamlash va sarhadlarimizni ko‘z qorachig‘imizdek asrashga bor kuch-g‘ayratimizni sarflaymiz.

Xizmat uyiga qo‘shimcha ravishda mayishiy qurilmalar, dam olish o‘rindiqlari va bolalar maydonchalari, sun’iy qoplamali mini stadionning qurib berilishi ham muhim qulayliklardan hisoblanadi. Qolaversa, uy atrofi obodonlashtirilib, cho‘l tuproq iqlim sharoitiga mos manzarali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazildi. Shuningdek, harbiy qism bo‘linmasida qisqa muddatli 20 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilib, harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlarini ish bilan band etish va ularni foydali mehnatga jalb etish maqsadida mo‘jazgina tikuv sexi ish boshladi. Natijada 7 nafar harbiy xizmatchining oilasi bandligi ta’minlandi.

Tadbir ishtirokchilari xonadonlar va hududda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun yaratib berilgan sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishishdi.

Ana shu qurilish, bunyodkorlik ishlari doirasida harbiy qism bo‘linmasining bino va inshootlari kapital ta’mirdan chiqarilib, buning samarasi o‘laroq bo‘linma - avvalgisidan tubdan farq qiladigan go‘zal qiyofaga ega bo‘ldi. Endilikda, harbiy shaharchadagi zamonaviy tipda ta’mirlangan ma’muriy bino, serjant va askarlar yotoqxonasi, yuvinish xonalari, oshxona, savdo do‘koni, kutubxona, o‘quv va sport zallari harbiylar ixtiyorida bo‘ladi.

Bundan tashqari, xizmat hayvonlari, harbiy texnika va transport vositalarini saqlash joylari ham talab darajasida ta’mirdan chiqarildi. Hattoki, harbiy shaharchani barpo etishda yashil energiyani yaratish ishlariga alohida e’tibor qaratilib, hududda quyosh batareyalari o‘rnatildi.

Xulosa o‘rnida, bunday sharoitlar mamlakatimiz suvereniteti, uning hududiy yaxlitligi va xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!