Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » “O‘zatom”: Jizzaxda kam quvvatli AES qurilishi shu yil yozdayoq boshlanadi
28 май 2024 г 188 Комментарии: 0
27 may kuni, RF prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Jizzaxda atom elektr stansiyasi qurishdagi hamkorlikka oid hukumatlararo bitimga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.
Shuningdek, “O‘zatom” agentligi huzuridagi “AES qurilishi direksiyasi” DUK va “Rosatom” tuzilmasidagi “Atomstroyeksport” AJ injiniring kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha shartnoma tuzildi.
“O‘zatom” xabariga ko‘ra, imzolangan kelishuvlarga asosan, Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi asosida 330 MW quvvatga ega (har biri 55 MW quvvatli 6 ta reaktordan iborat) AES quriladi.
Stansiya qurilishida “Rosatom” bosh pudratchi bo‘ladi, qurilishga mahalliy kompaniyalar ham jalb etiladi.
“O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayevning aytishicha, O‘zbekistonda energiya resurslariga bo‘lgan talab 2050 yilga borib deyarli 2 barobarga oshishi taxmin qilinyapti.
“Energetika tizimining barqaror ishlashi va iqtisodiyot o‘sishi uchun mamlakatimiz o‘zini qayta tiklanadigan energiya manbalaridan tashqari, bazaviy energiya manbalari bilan ham ta’minlashi kerak. Butun dunyoda biz yangi yadro quvvatlarini yaratishga – ham yuqori quvvatli atom elektr stansiyalari, ham kichik modulli reaktorlar loyihalariga qiziqish ortib borayotganini ko‘rmoqdamiz. “Rosatom” bilan hamkorlikni kengaytirish esa energetika kompleksimizni atom energetikasi sohasidagi ilg‘or texnologiyalar bilan mustahkamlash imkonini beradi, deb hisoblaymiz”, – dedi Ahmadxo‘jayev.
“Rosatom” direktori Aleksey Lixachevning so‘zlariga ko‘ra, uning rahbarligidagi korporatsiya kam quvvatli AES loyihasini qurish bo‘yicha ekport shartnomasini tuzgan jahondagi birinchi kompaniya bo‘lgan.
“Va bu shunchaki dastlabki kelishuv emas, biz zudlik bilan shu yozda qurilishni boshlaymiz”, – dedi Lixachev.
Rasmiy xabarda aytilishicha, AES uchun tanlangan maydonda tekshiruv ishlari o‘tkazib bo‘lingan, joyning maqsadga muvofiqligi va xavfsizligi tasdiqlangan, bu esa loyihani amalga oshirish vaqtini sezilarli qisqartiradi.
“Tanlangan maydonda qurilish ishlari joriy yilning yozidayoq boshlanadi”, – deyiladi “O‘zatom” axborotida.
Qayd etilishicha, qurilajak AES loyihasining asosini Rossiyaning eng so‘nggi ishlanmasi – RITM-200N nomli suvsuvli atom reaktori tashkil etadi. Bu reaktor kemalarda foydalanish uchun mo‘ljallangan texnologiyani quruqlikda foydalanishga moslashtirish natijasida kashf etilgan.
RITM-200Nning issiqlik quvvati – 190 MW, elektr quvvati 55 MW, xizmat muddati 60 yilgacha. RITM-200N reaktori Arktikaning og‘ir sharoitida Rossiyaning eng yangi muzyorar kemalarida sinovdan o‘tkazilgan.
“Kam quvvatli AESlar bir qator afzalliklarga ega. Avvalo, ixchamligi tufayli yirik atom elektr stansiyalariga nisbatan qurilish muddati qisqaroq bo‘ladi. Bugungi kunda kam quvvatli AESlar – jahon atom energetikasi sanoati rivojida kuzatilayotgan yaqqol tendensiyadir. MAGATE ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda butun dunyo bo‘ylab ishlab chiqilishi turli bosqichlarda bo‘lgan taxminan 50 ga yaqin kam quvvatli AES loyihalari va konsepsiyalari mavjud”, – deyiladi “O‘zatom” axborotida.
Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan muzokaralardan keyin bergan bayonotida kam quvvatli AES qurilishi haqida to‘xtalib o‘tgan edi.
“Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlamoqda. Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, – dedi Mirziyoyev.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!