» » Baxmalning qirmizi olmalari

Baxmalning qirmizi olmalari

17 октябрь 2024 г 75 Комментарии: 0

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida boʻlganmisiz?

Qir-adirlar, purviqor togʻlar, ayniqsa, bahorda oʻz nomiga monand baxmaldek maysalar bilan qoplanadi. Musaffo havosi, zilol buloqlari bilan doimo oʻziga maftun qilib kelgan ushbu maskan kuzda ham boshqacha goʻzallikka burkanadi...

Baxmal tumanining tabiati, iqlimi, ayniqsa, olma yetishtirishga juda mos. Buni shu yerlik aholi juda yaxshi biladi. Koʻplab baxmalliklar aynan, bogʻdorchilik bilan shugʻullanadi. Shugʻullanganda ham astoydil mehnat qiladi. Yerga chin maʼnoda mehr beradi. Balki shu sababli bugun Baxmal olmalarining dongʻi yurtimiz boʻylab ketgan. Uning taʼrifini soʻz bilan ifodalash qiyin. Buning uchun Baxmalga kelib, olmalar taʼmini totib koʻrish lozim.

Xoliqul aka dastlab 40 gektar maydonda bogʻdorchilik qildi. Asta-sekin bu maydonlarni koʻpaytirib, hozirda 100 gektarga yetkazdi. Otasi choʻpon, oʻzi esa bogʻbon!

– Oʻn ikki yildan beri bogʻdorchilik bilan shugʻullanamiz, – deydi “Oy jilosi” fermer xoʻjaligi rahbari Xoliqul Ergashev. – Bogʻimizda asosan olmaning uch xil navi – “Golden”, “Jeromin” va “Fudji” navlarini yetishtiramiz. Hozircha daraxtlarimizning ellik foizi hosilga kirgan. Qolgan qismi ikki yilda toʻliq meva beradi. Suv muammosini asosan tomchilatib sugʻorish orqali hal qilganmiz. Shu sababli hosildorlik moʻl.

Hozir fermer xoʻjaligida jami ellik nafar doimiy ishchi bor. Mavsumga qarab ular soni 300-350 nafargacha yetadi. Ishchilarning har biriga oʻz vazifalari aniq yuklatilgan.

Olmani shunchaki ekib qoʻygan bilan koʻzlangan hosilni olib boʻlmaydi. Unga ham oʻziga xos eʼtibor kerak. Suvini, ozuqasini vaqtida berish talab etiladi.

– Har bir daraxt, jumladan olma ham aslida “tirik jon”. U ham bogʻbondan mehr kutadi. Faqat u insonlarga oʻxshab “chanqadim, menga suv, ozuqa kerak”, deb aytolmaydi. Asl bogʻbon har bir daraxtning tanasiga, bargiga qarab oʻzi buni anglashi lozim, – deya fikrini davom ettiradi suhbatdoshimiz.

Baxmalning olmazor bogʻlarini oralar ekansiz, beixtiyor koʻzingiz quvnaydi. Qizil, sariq, yashil olmalar... Ularning har biri oʻziga xos xushtaʼm, shirinlikka va albatta oʻziga xos koʻngilga yoqar boʻyga — hidga ega. Bu olmalarning koʻpi nafaqat ichki bozorda, balki eksport qilinib, boshqa mamlakatlarda ham katta talabga ega.

Tumanda bu yil 150 000 tonna olma, 20 000 tonna boshqa bogʻdorchilik, poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda. Biroq, hozircha Baxmalda mevalarni saqlash omborlari yetishmaydi. Mahsulot koʻproq ichki bozorga yetkazilib berilmoqda. Narxlar unchalik qimmat emas. Eng yuqori sifatli olmalarning har bir kilogramm sakkiz – oʻn ming soʻmga toʻgʻri keladi. Kelajakda bu yerda konserva zavodi va eksport uchun logistika markazi qurilsa, ayni muddao boʻlardi.

Xoliqul aka har bogʻ oralaganda albatta, farzandlari, nabiralarini yoniga oladi, bogʻbonlik kasbni kelajakda meros qoldirishni koʻp oʻylab, ularga bogʻdorchilikning sir-asrorlarini oʻrgatadi. Niyati ham shunga monand — yurt farovonligi, el dasturxonining toʻkinligiyu, barakasini oʻylaydi. Qanchalab insonlarning turish-turmushi, oilalar obodligiga hissa qoʻshayotganligidan xursand. Shunday insonlar bor ekan, hali bu bogʻlar bir goʻzal bogʻlar boʻladi. Sizu bizni oʻz bagʻriga chorlayveradi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!