Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Prezident Xalq qabulxonasi hisobidan ehtiyojmand 500 oila tomorqasiga bepul quduq qazib beriladi
23 апрель 2024 г 121 Комментарии: 0
Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlari yaratish davlatimiz rahbarining qatʼiy topshirigʻi va bugungi kunning oʻtkir talabidir.
Prezident Xalq qabulxonasi ayni shu topshiriq ijrosi boʻyicha oʻziga biriktirilgan Jizzax viloyati tumanlarida ish olib borib, qisqa muddatda murojaatchilar bandligi taʼminlanmoqda.
Xususan, Prezident Xalq qabulxonasi hisobidan Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi 80 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari va pishiriq pishirish pechlari olib berildi. Bu esa Prezident virtual qabulxonasiga asosan moddiy yordam masalasida murojaat qilgan shu ayollarning ishlab daromad topishi, biri ikki, roʻzgʻori but boʻlishi uchun yana bir qoʻshimcha imkoniyatdir.
Zulayho Yoʻldosheva toʻrt yildan beri Baxmalning Navroʻz qishlogʻidan Toshkent bozorlariga kiyim-kechak yetkazib beradi. Buyurtmasi kundan kun koʻpayib borayotgan bu oilaviy korxona bilan shu qishloqlik yana 9 nafar tikuvchi kooperatsiya tashkil qilgach, sexning ishchilari soni 22 nafarga yetdi.
Xuddi shunday kamida besh yillik tajribaga ega baxmallik Marhabo Nazarova va Mehriniso Rahmonova kabi yosh tadbirkorlar ham 3-4 nafardan yangi chevarlarni yoniga olib, faoliyatini yanada kengaytirdi. Ularning aytishicha, ishlagan chevar Baxmalning shu chekka qishlogʻida turib ham oyiga 3-4 million soʻm bemalol daromad qila oladi.
Prezident Xalq qabulxonasining aholi qoʻshimcha daromad qilishi uchun sharoit-u imkoniyat yaratishga oid navbatdagi loyihasi lokatsiyasi bizni ikki karra ogʻir choʻl hudud boʻlmish Arnasoyga yetakladi. Maqsad – oqar suv taqchil mahalda tomorqalardagi ekinlarni saqlab qolish uchun sizot suvlaridan foydalanishni tashkil qilishdan iborat. Buning uchun tez orada ogʻir sharoitdagi 500 ta xonadon tomorqasida ichki imkoniyatlar hisobidan quduq qaziladi. Ichishga yaroqsiz bu sizot suvlariga mahalliy oʻgʻit aralashtirilib, asosan yoz chillasida ekinlarni sugʻorish mumkin. “Chinobod” mahallasida yashovchi Oʻlmasjon Xudoyberdiyev bir necha yildirki shu usuldan foydalanib, daromad qiladi.
“Gʻafur Gʻulom” mahallasida yashovchi Olim Shomilov oʻtgan yil dekabrda kredit olib, Arnasoyda birinchi boʻlib tomorqasida kichik gidroponika qurdi. Tomchilatib sugʻorish orqali qulupnay yetishtirdi. Daromad yaxshi boʻlganini koʻrgan qoʻni-qoʻshnilar ham bunga qiziqib boshladi.
Bularning barchasi qishloq aholisiga oyogʻi ostidagi xazina kalitini topib berishga xizmat qiladi. Tomorqasidan unumli foydalanib, qoʻshimcha daromad topadigan inson esa hech qachon kambagʻal boʻlmaydi.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!