Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Tanlagan kasbimdan roziman
02 октябрь 2024 г 60 Комментарии: 0
Madaniyat va sanʼat sohasida 63 yildan beri mehnat qilaman.
Xalqimiz farzandlarini ilmli, salohiyatli, yetuk insonlar qilib tarbiyalashdek sharafli, savobli ishga qaysidir darajada hissa qoʻshganimdan xursandman. Viloyatdagi musiqa va sanʼat maktablari oʻquvchilarini musiqa sanʼatiga qiziqtirish maqsadida shahar va tumanlarda koʻplab musiqiy uchrashuvlar va konsertlar tashkil qildim. Xalq cholgʻulari yoʻnalishiga oid bir qancha uslubiy qoʻllanmalar yaratdim. Jumladan, “Oʻzbek xalq cholgʻulari orkestri toʻgʻrisida”, “Uslubiyot fanidan” va “Sharq xalqlari mumtoz musiqa madaniyati va shashmaqom” mavzularidagi uslubiy qoʻllanmalarim hozirda mutaxassislik sohasida oʻqituvchi va oʻquvchilar tomonidan samarali foydalanilmoqda.
Keyingi yillarda yurtimizda Davlatimiz rahbari tomonidan maqom sanʼatini asrab-avaylash, kelgusi avlodga yetkazish borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Maqom sanʼatini ilmiy oʻrganish, xalqaro miqyosda targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilayotgani har qancha tahsinga loyiq. Shu yili Zomin tumanida boʻlib oʻtgan II Xalqaro maqom sanʼati anjumanida bunga yana bir karra guvoh boʻldik.
Bugun tanlagan kasbimdan roziman. Qilgan mehnatlarim, chekkan zahmatlarim besamar ketmadi. Mamlakatimiz Prezidentining Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida bir guruh soha fidoyilarini Davlat mukofotlari bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi Farmonga imzo chekdilar. Taqdirlanganlar orasida ism-sharifimni koʻrib quvondim. Hali xalqimiz oldida, ularning farzandlarini madaniyatli, ilmli, fozil insonlar qilib tarbiyalash borasida fidoyilik bilan xizmat qilaman.
Rustam IBRAGIMOV,
II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi,
Jizzax ixtisoslashtirilgan sanʼat
maktabining chang sinfi oʻqituvchisi.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!