Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Yashil iqtisodiyot - inson hayoti va sog‘lig‘i uchun zarur bo‘lgan muhim masala
22 ноябрь 2024 г 18 Комментарии: 0
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi nutqida ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalariga alohida urg‘u berib, havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelayotgani, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazayotganligini ta’kidladi.
Shu jihatlarni inobatga olib Shavkat Mirziyoyev 2025-yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilish taklifini bildirdi. Bu taklifning bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanishi esa yurtimizda mavjud ekologik muammolarni bartaraf etishda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalarga ijobiy yechim topilishiga bildirilgan ishonch bo‘ldi desam yanglishmayman.
Shu o‘rinda “yashil iqtisodiyot” tushunchasiga qisqacha to‘xtalib o‘tsam. Yashil iqtisodiyot deganda, inson hayoti va sog‘lig‘i uchun zarur bo‘lgan resurslarni, atrof-muhit va ekologiyani bir butun holda saqlab qolib ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan bog‘liq iqtisodiyotni yanada rivojlantirishni amalga oshirishga asoslangan iqtisodiy faoliyatning yangi yo‘nalishi tushuniladi. Aniqroq aytganda esa yashil iqtisodiyotda inson, tabiat va iqtisodiyotning bir-biri bilan uyg‘un va barqaror rivojlanishini ta’minlagan holda harakati tushuniladi.
Bunda tabiiy resurslardan barqaror va samarali foydalanish, milliy iqtisodiyot, xususan sanoatning "yashil" va kam uglerodli rivojlanishini ta’minlash, barqaror “yashil” urbanizatsiyani rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etish va samarali “yashil” investisiyalarni jalb qilish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish davrida katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan aholi va ularning yashash joylarini qo‘llab-quvvatlashda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish uchun qulay siyosiy muhit yaratish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish maqsad qilinadi.
Muxtasar aytganda, atrof-muhitni asrash nafaqat Vatanimiz obodligi va chiroyini ta’minlaydi, balki “Yashil makon” loyihasining amalga oshirilishi salomatligimizni saqlashda ham asosiy omil vazifasini bajaradi.
Erkin Xolmatov, Jizzax viloyati Ekologiya,
atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim
o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!