» » Tamaddun tildan boshlanadi

Tamaddun tildan boshlanadi

21 октябрь 2022 г 792 Комментарии: 0

Til borki, millat bor, til borki, hayot bor. Zero, murg‘ak qalb til vositasida ma’naviyatga oshno bo‘ladi, ongi rivojlanadi, shaxs sifatida shakllanadi yoki aksincha. Har bir millatning ma’naviy qiyofasi til orqali shakllanadi va shu til orqali keyinchalik dunyo tamaddunida o‘z qiyofasini aks ettiradi.

Hammamizga yaxshi ma’lumki, 1989- yil 21- oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish to‘g‘risida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilindi. Bu o‘z davrida tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lgan edi. Chunki, Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarning merosxo‘rlari bo‘lgan o‘zbek xalqi tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi o‘z davrida sobiq SSSR tasarrufida bo‘lgan O‘zbekistonning mustaqillik sari qo‘ygan dastlabki dadil qadamlaridan biri bo‘ldi. Buning natijasida davlat va jamiyat boshqaruvining barcha sohalarida o‘zbek tilida ish yuritish hamda o‘zbek hujjatchiligini takomillashtirishga katta imkoniyat yaratildi. Qonun milliy ongning rivojlanishida, mamlakat mustaqilligining mustahkamlanishida, madaniy merosning tiklanishida muhim ahamiyat kasb etdi va uning qoidalari O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham mustahkamlab qo‘yildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan 2019-yilning 21- oktabrida “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e‘lon qilinishi mamlaktimizda til siyosati sohasida yangi renessansni boshlab berdi desak, aslo xato qilmaymiz. Chunki 2019 -yildan shu kunga qadar mamlaktimizda til siyosati sohasida 1 ta qonun, 2 ta Prezident Farmoni, 1 ta Prezident Qarori, 15 dan ortiq hukumat qarorlari qabul qilindi. “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining takomillashtirilgan yangi tahriri qabul qilinish arafasida.

Buyuk bobolarimizning tilga bo‘lgan munosabatiga nazar soladigan bo‘lsak, buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy 150 dan ortiq tilni bilgan. Shulardan 20 tasi “unutilgan tillar” sanalgan. Abu Nasr Farobiy o‘zlashtirgan tillarning miqdori 100 dan ortiq bo‘lgan va ularning 10 ga yaqini “unutilgan tillar” qatoriga kirgan. O‘zbek tili jahondagi eng boy va rivojlangan tillardan biri. Bu tilning shakllanishida Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyos. Chunki, o‘z davrida fors tilida ijod qilish avj olgan bir paytda Navoiy bobomiz turkiy tilda “Hamsa” va “Muhokamatul-lug‘atayn” nomli asarlarini bitib, turkiy tilning ifoda ko‘lami forsiy tildan bir necha bor ustun ekanligini isbotlab beradi. Navoiyning: “Tilga ixtiyorsiz – elga e‘tiborsiz” degan hikmatli so‘zlari chinakam millatsevarlik, vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgandir. Zero, ona tilini hurmat qilmagan kishi nafaqat o‘zini, balki elini hurmat qilmaydi. Tajribalardan ayonki, ko‘p til bilish – rivojlanishning ilg‘or qonuniyati, muvaffaqiyat garovi. Ammo o‘z milliy tilingni unutish, o‘zga tillar bilan chog‘ishtirish, qorishtirish evaziga emas!

O‘zga tillarni o‘rganish orqali taraqqiyotga erishishni yoqlab chiqqan ma’rifatparvar jadidlar ham bu borada ehtiyotkor va mas’uliyatli bo‘lishgan. Xususan, Abdulla Avloniy o‘z qayg‘usini “Milliy tilni yo‘qotmak millat ruhini yo‘qotmakdur. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan-kun unutmak va yo‘qotmakdadurmiz. Tilimizning yarmiga arab, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz... Zig‘ir yog‘i solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur”, - degan o‘tli fikrlarida ta’sirchan oshkor qilgan. Bu fikrlar ayni kunda yana ham dolzarblashmoqda.

Shuningdek, Atoqli adibimiz Abdulla Qahhor “Nega ko‘chada qoida buzgan kishiga hushtak chalinadi-yu, til buzganga hech kim indamaydi” deya, xitob urganini eslash o‘rinli. Ha, haqiqatdan ham tilimizga arab, fors, rus tillari bir paytlar majburan singdirilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib tilimizga bo‘lgan e’tiborsizligimiz, hurmatsizligimiz, vatanparvarlik tuyg‘ularimizning yetishmasligi sababli ingliz, rus va boshqa tillarning hech qiyinchiliklarsiz singishiga imkoniyatlar yaratib bermoqdamiz. Bu esa bugun ko‘chalarida o‘zbek tilidagi yozuvlardan ko‘ra ajnabiy tillardagi yozuvlarning ko‘payib ketishiga olib kelmoqda. Agar biz bu kabi holatlarga o‘z vaqtida munosabatimizni bildirib, chek qo‘yishga erishmasak, bilmadim yana bir qancha vaqtlardan keyin ona tilimizning taqdiri nima bo'lar ekan? Meros tushunchasi haqida barchamiz yetarlicha ma’lumotga egamiz, bu ajdoddan avlodga qoldiriladigan moddiy yoki ma’naviy boylik. Ona tilimiz esa asrlar silsilasidan, ne-ne taloto‘plardan bizgacha yetib kelgan beqiyos boylikdir. Unda millatning orzu-umidlari, fe’l-atvori, an’ana va udumlari, qisqacha qilib aytganda, millat qiyofasi jamlangan. Demak, shu muqaddas merosni avlodlarga yetkazishga qanchalar burchli bo‘lsak, avlodlarimiz bu merosga egalik qilishga shunchalar haqlidirlar.

Bahodir MAVLYANOV,

Jizzax viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligni oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya  etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!