Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Jizzaxdagi yangi aholi massivlarida bir kun
29 сентябрь 2023 г 258 Комментарии: 0
Qurilish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qurilish jarayonlarining barcha bosqichlarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, sifat va samaradorlikni oshirish muhim jihatlardan biri. Ana shu jarayonlar bilan bevosita tanishish maqsadida viloyat hokimligi axborot xizmati tashabussi bilan press-tur tashkil etildi.
Respublikamiz va viloyatimizda faoliyat olib borayotgan 20 nafardan ortiq OAV xodimlari hamda blogerlarning dastlabki manzili Sharof Rashidov tumanidagi “Oqtosh ota” mahallasi hududida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi boʻldi. Kechagina qir-adir, past-baland, murakkab relyefdan iborat 400 gektarlik ulkan hudud huvillab yotardi. Bugun shahar ichidagi shaharchada hayot qaynaydi.
Yuzdan ortiq texnikalar, 1000 dan ortiq qurilish va obodonlashtirish sohasining zahmatkash xodimlarining jasorati va mehnatiga har qancha tasannolar aytingiz keladi. Qisqa fursat ichida 3 ta 16 qavatli, 17 ta 9 qavatli uy-joylar qad koʻtarilgani fikrimizni isbotlaydi. “Yangi Oʻzbekiston” massividagi qator loyihalar va amalga oshirilayotgan ishlarni joyiga borib tanishish maqsadida bizga shu yerda viloyat hokimining qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Hamid Xasanov hamrohlik qildi.
Ayni paytda “Yangi Oʻzbekiston” massividagi bunyodkorlik ishlarida 24 ta qurilish kompaniyalari va masʼuliyati cheklangan jamiyatlar faoliyat koʻrsatmoqda. Loyihaga koʻra massivda jami 105 ta uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 4500 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladigan hududda va ijtimoiy obyektlarda elektr energiyasi, tabiiy gaz, oqova suv va toza ichimlik suvi kabi kommunal xizmatlar bilan bogʻliq masalalar hal etib boʻlingan.
Yangi massivda dastlabki bosqichda 64 ta koʻp qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Massivda 1680 oʻrinli maktab, 300 qatnovga moʻljallangan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, 2 ta mini oʻyingoh, yoshlar uchun akfa park, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shahobchalari, gipermarket, mehmonxona, ekobozor, avtoturargoh, bekat, AYOQSH kabi 30 ta obyektlar barpo etiladi. 50 gektarlik “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” ham kelajakda hudud aholisi va mehmonlari uchun madaniy hordiq maskaniga aylanadi. Kuz-qish mavsumi uchun isitish tizimining bir meʼyorda ishlashi muhim jihat. “Yangi Oʻzbekiston” massivini toʻliq isitish tizimi bilan taʼminlaydigan qozonxonaga press-tur ishtirokchilari tashrif buyurishdi.
Qiymati 50 milliard soʻmni tashkil qilgan qozonxona Turkiyaning “MIMSAN GROUP” kompaniyasining energo-tejamkor texnologiyasi asosida ishlaydi. Kuz-qish mavsumida koʻmir yoqilgʻisida ishlaydigan yagona markazlashgan qozonxona oyiga 50000 tonna koʻmirni sarflaydi. Eng asosiysi, yangi innovatsion texnologiya usulida ishlaydigan qozonxonada koʻmir uchta bosqichda filtrdan oʻtadi. Bu esa ortiqcha koʻmirni tejash imkonini beradi. Qolgan mavsumlarda esa tarmoq kundalik rejim tizimida ishlaydi. Yana bir yangilik. Massivga qadar tortilgan 600 metrlik isitish tarmogʻi toʻliq tunnel qazish usulida tortilgan.
Bu esa tizimdagi uzilishlarni favqulodda aniqlash, infratuzilmaga ortiqcha shikast yetkazmaslik uchun qulaylik tugʻdiradi. Press-tur ishtirokchilari loyiha boʻyicha barpo etilayotgan test markazi, innovatsion texnopark, 16-qavatli turar joy, shourum (“Yangi Oʻzbekiston” massivining maketi joylashtirilgan tomosha zali kabi qator qurilish obyektlarida olib borilayotgan ishlarga guvoh boʻldilar. Navbatdagi manzil Sharof Rashidov tumanining Toqchilik MFYdagi Otchopar massiviga tashrif buyurgan jurnalistlar bu yerda ham keng koʻlamli bunyodkorlik ishlariga guvoh boʻlishdi. Ayni paytda bu joyda 11 ta besh qavatli, 32 ta 4-qavatli uy-joylar qurib bitkazildi. Qurilish loyihasiga koʻra massivda maktab, maktabgacha taʼlim tashkiloti, savdo va koʻngilochar, servis xizmati koʻrsatuvchi qator shahobchalar bunyod etiladi. Tuman qurilish boʻlimi bosh mutaxassisi Nodir Imomqulovning aytishicha, massivda jami 80 ta uy qurilishi rejalashtirilgan. 6000 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladigan massivda mahalla binosi, oilaviy poliklinika, bolalar maydonchalari bunyod etiladi. Barcha uylar kanalizatsiya tizimiga ulanadi. Toza ichimlik suvi tarmogʻi massivga “Nargiza” suv inshootidan keltirilmoqda.
Yopiq drenaj tarmoqlari oʻrnatilib, atrof obodonlashtirilmoqda. Yil yakuniga qadar 8 ta besh qavatli uy qurib bitkazilsa, aholi taklif va talablaridan kelib chiqib, kelgusi yili yana 12 ta shunday tipdagi uy-joylar barpo etiladi. Press-tur ishtirokchilari shuningdek, Olmazor mahallasidagi yangi foydalanishga topshirilgan koʻp qavatli turar joylar, ijtimoiy soha obyektlari va bu yerda aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!