» » Odamlar islohotlar samarasini amalda ko‘rmoqda (+video)

Odamlar islohotlar samarasini amalda ko‘rmoqda (+video)

04 январь 2024 г 165 Комментарии: 0

Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev bilan suhbat

                       

Mamlakatimizda keyingi yillarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilib, ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida ham “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan yirik loyihalarning ijrosi ta’minlanmoqda.  

O‘zA muxbirining  tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev bilan suhbatida o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar va 2024 yildagi rejalar haqida so‘z boradi.  

– Prezidentimiz boshchiligidagi amalga oshirilayotgan islohotlar butun mamlakatimiz bo‘ylab barcha sohalarda o‘zining yorqin samaralarini bermoqda. Shu jumladan, Jizzax viloyatining Zomin tumanida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. 2023 yilda zominliklar uchun qanday esda qolarli voqealar bo‘ldi?

– Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar, olib borilayotgan oqilona va xalqparvar siyosat samarasida yurtimizning barcha hududlarida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda, yangi-yangi ish o‘rinlari ochilayapti, – deydi Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev. – Jumladan, bizning Zomin tumanimizda ham bir qator esda qolarli bunyodkorlik ishlari bajarildi. 2023 yil davomida tumanimizda 2 trillion 300 milliard so‘mlik 86 ta loyiha amalga oshirildi. Yil boshida jami 13 ming 429 ta yangi ish o‘rni yaratishni maqsad qilib qo‘ygan edik. Bu ko‘rsatkichni 14 ming 493 taga yetkazdik yoki rejaga nisbatan 108 foizga bajarildi.  

Tashqi investitsiya, savdo va mahalliy sanoatni rivojlantirish sohasida 879 ta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan edik, bu borada 912 ta yangi ish o‘rni yaratdik yoki rejani 104 foizga, qishloq xo‘jaligida esa 6 ming 400 o‘rniga 6 ming 940 ta yoki rejaga nisbatan salkam 110 foiz ish o‘rni yaratdik.

Prezidentimizning 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2021 yil 28 apreldagi “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Zomin aeroporti” qurib bitkazildi va bugungi kunda “Toshkent – Zomin – Samarqand” va “Samarqand – Zomin – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha bir kunda 4 ta reys amalga oshirilmoqda. “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishidagi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi tumanimizdagi Dashtobod shaharchasida to‘xtab o‘tayapti. Bu ishlar nafaqat sayyohlarga, balki aholimizga ham qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilganini ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.  

Barcha manbalar hisobidan 2023 yilda 3 trillion 574 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.

Investitsiya dasturi doirasida ijtimoiy ob’ektlarda 48 milliard 600 million so‘mlik qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari bajarilgan bo‘lsa, “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” va “Qishloq  joylarni barqaror rivojlantirish” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 17 ta aholi punktida 52 milliard so‘mlik  ichimlik suvi tarmoqlari tortish, elektr tarmoqlarini yaxshilash va ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari bajarildi.  

Shuningdek, tumanda 11 ta aholi punkti va 12 ta umumta’lim maktabida artezian qudug‘i qazilib, 103,4 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, natijada tuman aholisining markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti darajasi 49,3 foizdan salkam 60 foizga yetkazildi. 150 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 60 kilometr yo‘llarga asfalt qoplamasi, 80 kilometr yo‘llarga shag‘al yotqizildi.  

Bulardan tashqari, mahalliy byudjet va homiylar mablag‘lari hisobidan 30 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarga shag‘al yotqizildi, aholi punktlariga 5 ta artezian qudug‘i qazib berildi, 6 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi.  

Aholini uy- joy bilan ta’minlash maqsadida 14 ta ko‘p qavatli uy-joy qurib bitkazilishi hisobiga 310 ta oila uy-joy bilan ta’minlandi.

Barcha xizmatlar mujassamlashgan savdo xizmati ko‘rsatish majmuasi barpo etildi. Stadion qayta ta’mirlandi. Sog‘lom turmush tarzini amalga oshirish maqsadida tungi yoritgichlar o‘rnatilgan holda 45 kilometrlik salomatlik yo‘lakchalari barpo etildi.

“Osiyo taraqqiyot banki” tomonidan ajratilgan 10 million AQSH dollari mablag‘lari hisobiga tumanimizdagi qishloq oilaviy poliklinika va vrachlik punktlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablarining qo‘shimcha o‘quvchi o‘rniga zarurati bo‘lganlariga qo‘shimcha qurilish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.

3 yildan buyon qurilayotgan loyiha qiymati 110 million AQSH dollarilik “Jizzax organik” yirik chorvachilik kompleksining qurilishi yakunlangani o‘tgan yilning esda qolarli voqeasi bo‘ldi, deb aytish mumkin.  

2 yil muqaddam xorijdan 6 ming bosh zotdor qoramol olib kelgan edik, hozir ularning soni 10 mingdan oshdi.  

Shuningdek, Avstraliya davlatidan olib kelingan “Dopper” zotli 2 ming 100 bosh qo‘y 4 ming boshga yetdi. Eng quvonarlisi, ushbu chorvachilik kompleksi faoliyatini boshlagach, 1 ming 700 nafar fuqaromiz doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi. Hisob-kitoblarimiz bo‘yicha, bu yerda 80 gektar maydonga eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy molxonalar qurilib, foydalanishga topshirilgan. Bularning barchasi go‘sht ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida amalga oshirilgan.  

Bu chorva mollarining go‘shti “marmar tusli go‘sht” deb yuritilib, go‘sht mahsuloti asosan Toshkent shahridagi restoranlar va Jizzax shahri hamda viloyatimizdagi ichki bozorlarga ham chiqarilmoqda.  

Tumanimiz hududida amalga oshirilgan ishlardan tashqari, “Zominsoy” ko‘ngilochar maskanida 150 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, 23 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi. “Zomin turistik rekreatsion zonasi direksiyasi” DUK hududida 205 milliard so‘mlik osma dor yo‘li va avtomobillar turar joyi, 49 milliard so‘mlik sog‘lomlashtirish maskani, 84 milliard so‘mlik osma ko‘prik, 140 o‘rinli restoran, 40 o‘rinli kafe va nikoh saroyi. 80 milliard so‘mlik 29 ta shal’e uslubidagi uy, 56 milliard so‘mlik mehmonxona xodimlari uchun 120 o‘rinli 3 ta yotoqxona va keytering markazi hamda oshxona, 94 milliard so‘mlik ichimlik va oqova suv tarmoqlari, 150 milliard so‘mlik elektr tarmoqlari (podstansiya bilan) barpo etildi.  

Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘z deposini qurib, u foydalanishga topshirish arafasida turibdi.

Darvoqe, tumanda “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 569 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekildi.  

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda sektorlar ishchi guruhlari tomonidan biriktirilgan mahallalarda fuqarolar yig‘inlari xodimlari, faollari va mahalladagi mehnat inspektoriga “jamoatchi yordamchi” bilan birgalikda barcha yo‘nalishdagi muammolarni uyma-uy yurish orqali xotin-qizlarning murojaatlarini o‘rganish maqsadida xatlov ishlari o‘tkazilib, natijada 4 ming 700 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj xotin-qiz aniqlandi va ular “Ayollar daftari”ning 6 ta toifasiga ajratildi.  

Birinchi toifaga kiritilgan 1 ming 32 nafar “Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz ayollar” 100 foizining bandligi ta’minlandi. 2-toifa “Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar”ning 475 nafariga 100 foiz kredit mablag‘lari ajratildi. 3-toifada– “Boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar” 1 ming 539 nafarni tashkil etib, ularning barchasiga bir martalik jami 1 milliard 847 million  so‘mlik, 4-toifadagi 973 nafar “Ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar”ga jami 1 mililiard 175 million so‘mlik, 6-toifaga kiritilgan jami 674 nafar “Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar”ga, jami 809 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. 5-toifaga kiritilgan 7 nafar “Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar”ning esa 32 million so‘mlik ijara pullari 100 foiz to‘lab berildi.

Bulardan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj 48 nafar xotin-qizning uy-joylari ta’mirlab berilgan bo‘lsa, 6 nafari o‘qish kontrakt to‘lovlarining 50 foizi to‘langanligini ham ta’kidlab o‘tish lozim.

Tumanda olib borilgan xatlov ishlari natijasida Zomin aholisining 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 92 ming 622 nafarni yoki qariyb 55 foizini tashkil etdi. Davlat g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj 1 ming 42 nafar “og‘ir” toifadagi yoshlar bo‘lib, ular 21 nafar rahbarga biriktirilgan edi. Ushbu toifadagi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha 1 ming 42 banddan iborat “yo‘l xarita”lari ishlab chiqilgan. Biriktirilgan mas’ullar tomonidan bugungi kunga qadar 1  ming 42 nafar yoshning barchasi bilan suhbatlashilganida, ularning 530 nafarida muammo mavjudligi aniqlangan va bu masalalar salkam 90 foizga hal qilingan.  

Respublika Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 7 iyundagi “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori bilan Vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlangan bo‘lib, bugungi kunda kengash “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, tuman jamg‘armasi mablag‘larini maqsadli sarflash hisobiga 2023 yil davomida tumandagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 1 ming 732 nafar yoshdan 1 ming 726 nafarining muammolari bartaraf etilib, “Yoshlar daftari”dan chiqarilishiga erishilgan. Shundan, 631 nafar yoshga  Yoshlar jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 milliard  361 million so‘mdan ortiq yordam ko‘rsatilgan.

Mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, jumladan, ularni “Besh tashabbus olimpiadasi”ga jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan beshta muhim tashabbus bugun tuman yoshlari hayotida muhim o‘rin tutganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.

– 2024 yilda mo‘ljallanayotgan rejalar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz?

– Zomin tumanidagi 110 ta qishloq va mahallada 175 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Kirib kelgan yangi yilda 39 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Jumladan, sanoat sohasida 12 ta, xizmat ko‘rsatishda 19 ta, qishloq xo‘jaligida 8 ta yirik loyihalar amalga oshiriladi.  

2024 yilning birinchi choragida 80 kvartirali ko‘p qavatli uy- joylarni foydalanishga topshiramiz. “Jizzax organik” yirik chorvachilik kompleksi hududida sutni qayta ishlash zavodini 2024 yilning 1-choragida, go‘shtni qayta ishlash sexini esa 2-chorakda ishga tushirishni rejalashtiryapmiz.  

“Zomin” turistik-rekreatsion zonasida ham qator yangi loyihalarni amalga oshirishni reja qilib qo‘yganmiz.  

O‘tgan 2023 yilda Vazirlar Mahkamasining topshirig‘i bilan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Iqtisodiyot va moliya va boshqa mutasaddi vazirliklardan tuzilgan komissiya vakillari bilan tumanni tubdan o‘rganib chiqdik.  Tumanimizda hali ko‘plab muammolar mavjudligi ko‘rinib qoldi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadidan kelib chiqib, bir qator loyihalarni bajarish bo‘yicha dastlabki 3 yillik dasturni ishlab chiqib, hukumatga taqdim etdik. Unda 2024 – 2026 yillar davomida muhandislik-kommunikatsiya sohasida 187 ta loyihani bajarishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Jumladan, ular orasida Aholini toza ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir hamda elektr bilan ta’minlash, ichki yo‘llar, ijtimoiy ob’ektlar qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish kabi keng qamrovli loyihalar bor.Olis, chekka qishloqlarimizning 12 tasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurish, 28 ta maktabimizga qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni uchun bino, 22 ta maktabimizga yopiq sport zali va ochiq sport majmuasi, 24 ta sog‘liqni saqlash ob’ekti qurib berish ishlari rejada mavjud. Shuningdek, 3 ta madaniy meros va sport ob’ekti, 30 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga yangi bino qurilishini rejamizga kiritganmiz.  

Bulardan tashqari, qishloq xo‘jaligi, irigatsiya-melioratsiya tarmoqlari bo‘yicha 14 ta yirik loyiha amalga oshiriladi.

Tuman markazining arxitekturaviy qiyofasini yanada go‘zal holatga keltirish maqsadida 23 ta ob’ekt barpo etiladi.  

3 yil davomida qurilishi bitkaziladigan barcha ob’ekt soni 370 dan ortiqni tashkil etmoqda.  

Bu bajarilishi rejalashtirilgan bunyodkorlik ishlaridan maqsad xalqimizni rozi qilish, farovonligini ta’minlashdir.  

Abdujalol Qayumov suhbatlashdi

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!