Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Jizzaxda turizmni rivojlantirish imkoniyatlari
27 февраль 2024 г 222 Комментарии: 0
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatda turizm xizmatlari, sayyohlar oqimi, infratuzilma yuksalib bormoqda.
Joriy yilda viloyatda turizm xizmatlari eksportini 50 million AQSH dollaridan oshirish maqsad qilingan. 2021-yilda 170 ta 4 ming 959 o‘rinli mehmonxona, oilaviy mehmon uylari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 258 taga, o‘rinlar soni 6 ming 614 taga yetgan. Bu viloyatga kelayotgan xorijiy sayohlarni to‘liq joylashtirish imkoni yaratilganidan dalolat.
Shu bugungi kunda, viloyatda 12 ta turkompaniya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 30 ga yaqin yangi marshrut ishlab chiqilgan. Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarda hamda boshqa ekoturizm manzillari bo‘ylab 3-5 kunlik turizm marshrutlari yaratilgani ham tahsinga loyiq.
Joriy yilda viloyat bo‘yicha turizm sohasida 30 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shundan 4 ta mehmonxona, 12 ta turizm dam olish va xizmat ko‘rsatish maskani, 2 ta turistik davolash-sog‘lomlashtirish majmuasi, 2 ta “Hostel”, 2 ta oilaviy mehmon uyi, 1 ta ijara yotoqxona, 7 ta umumiy ovqatlanish va 1 ta “Motel” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentimizning 2021-yil 9-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2021-yil 24-fevraldagi “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida birgina Baxmal tumanining O‘rmonchi qishlog‘ida turizm sohasini rivojlantirish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Ammo shu o‘rinda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar yo‘q emas. Jumladan, tabiati go‘zalligi beqiyos bo‘lgan O‘rmonchi qishlog‘iga eltuvchi yo‘l qoniqarsiz ahvolda.
–Sayyohlar bu baland qorli tog‘larni, ko‘p yillik archazorlarni ko‘rish uchun nafaqat yozning jaziramasida, balki qish kunlarida ham dam olishga kelayotir. Ularning soni yildan yilga ortib bormoqda, –deydi tadbirkor Sobir Zokirov. – Lekin qish kunlarida keladiganlarning kayfiyatini buzadigan jihati, bu – issiqlik masalasi. Issiqlik bilan ta’minlash esa asosan elektr energiyasi bilan bog‘liq. To‘g‘ri, biz muqobil energiyadan ham foydalanyapmiz, ammo u faqat hudud va xonalarni yoritish quvvatiga yetadi, xolos. Kempenglarni issiqlik bilan ta’minlash, suv chiqarishda yuqori kuchlanishli elektr energiyasi talab qilinadi. Qolaversa, aloqa xizmatining sifati ham sayyohlarning kelishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Afsuski, viloyatning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Forish, Arnosoy, Sharof Rashidov va Yangiobod tumanlarida ham ziyoratgohlar, turistik va madaniy meros obyektlariga olib boruvchi yo‘llarning ta’mirlashga muhtojligi, bu hududlarga keluvchi sayyohlar oqimining yanada ko‘payishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Viloyat turizm boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil aynan turizm manzillari hududidagi 104,4 kilometr uzunlikdagi yo‘llarni ta’mirlash, 18 kilometr masofadagi elektr energiyasi tarmog‘ini yaxshilash va 3 dona yangi transformator o‘rnatish hamda 13 kilometr uzunlikdagi yangi aloqa tarmoqlarini tortish, 10 dona aloqa ustuni o‘rnatish rejalashtirilgan.
Joriy yilning 12-yanvarida imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Ammo turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi ushbu hujjat ijrosi borasida viloyatda xayrli ishlar boshlab yuborilgan.
– Jizzax shahrining S.Hamroqulov ko‘chasida kafe, “Fast-fud”, supermarket, avtoturargoh, piyodalar va velosiped yo‘lakchalari, bepul “Wi-Fi” zonasi, turistlar uchun axborot markazi tashkil etilib, imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun to‘siqsiz turizm holatlari inobatga olinib, uzunligi 600 metrdan iborat turizm ko‘chasining bunyod etilishi viloyatimiz uchun o‘ziga xos yangilik bo‘ldi, – deydi Jizzax viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Azizbek Egamberdiyev. – Galdagi eng muhim vazifa to‘siqsiz turizmga alohida e’tibor qaratish, ichki va tashqi sayyohlar sonini oshirishdan iboratdir.
Shuningdek, viloyatda turizm qishloqlari sonini ko‘paytirish ham rejalashtirilgan. Ayni paytda Zomin tumanidagi Duoba qishlog‘iga “Turizm mahallasi” maqomi berilgan. Joriy yilda Forish tumanidagi Uxum hamda Baxmal tumanidagi O‘rmonchi qishloqlariga ham “Turizm mahallasi” maqomini berish uchun amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!