» » Prezident tashabbusi amalda: Toshkentdan Zominga 32 daqiqada yetib boriladi

Prezident tashabbusi amalda: Toshkentdan Zominga 32 daqiqada yetib boriladi

11 сентябрь 2023 г 344 Комментарии: 0

Jizzax viloyati Zomin tumanida qurilgan yangi aeroportda joriy yilning 7-sentyabridan boshlab muntazam aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi.

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining Jizzax viloyati boʻlimi tomonidan yangi aeroport bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan press-turda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi. 

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7-yanvardagi “Mahalliy aviaqatnovlar va ichki turizmni, mintaqaviy aviatashuvlarni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-fevraldagi 100-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” gi qarori doirasida mamlakatimizda, jumladan Jizzax viloyatida ham transport tizimini tubdan takomillashtirish, xususan, aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari tomonidan yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. 
Zomin tumani “Laylak uya” massivi hududida bunyod etilgan “Zomin” aeroportida 30 oʻringa moʻljallangan yoʻlovchi terminali qurilgan. Yozning issiq havosi, qishning sovugʻi, bahor va kuz fasllaridagi iqlim oʻzgarishlari inobatga olinib zarur qulayliklar yaratilgani tahsinga loyiq. 

Joriy yilning 7-sentyabridan boshlab “Uzbekistan Airways” yangi mahalliy yoʻnalish: HY-1001/1002 qatnovlari har kuni “Toshkent – Zomin – Samarqand” va “Samarqand – Zomin – Toshkent” yoʻnalishlarida amalga oshirilmoqda. 

– Tumanimizda ichki turizmni rivojlantirish, yoʻlovchilarga arzon narxlarda aviatashuv xizmatlari koʻrsatish va aviakompaniyalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida rezident aviakompaniyalariga ichki turizm yoʻnalishlaridagi aviaqatnovlar uchun aviachipta narxining 25 foizi miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratish tizimi joriy etildi, – deydi “Zomin” aeroporti rahbari Tursunali Usmonqulov. – Toshkentdan Zomingacha va Samarqanddan Zomingacha boʻlgan masofa uchun 1 nafar yoʻlovchi aviachiptasining narxi 105 ming soʻmdan boshlanadi. Zomindan Toshkentgacha va Zomindan Samarqandgacha boʻlgan aviachipta narxi esa 78 ming soʻmni tashkil etadi. 

Eʼtiborlisi, ushbu har ikki tomon yoʻnalishi uchun chiptalarni “www.uzairways.com” rasmiy saytida, “UzAirways” ilovasi orqali, shuningdek, “Uzbekistan Airways Sales” filialida bemalol xarid qilish mumkin. 

Darvoqe, Chexiya davlatidan xarid qilingan yangi rusumdagi “LET L-410” rusumli samolyot koʻtarilishi uchun uzun yoʻlak boʻlishi shart emas ekan. Ushbu havo kemasi 500-600 metr masofadan bemalol parvozga koʻtarilish imkoniyatiga ega. Lekin, shunga qaramay aeroportning 1,2 kilometr masofali qoʻnish va uchish yoʻlagiga oynadek ravon qilib asfalt yotqizilgan. 

Poytaxtdan Zominga parvoz qiluvchi ushbu “LET L-410” rusumli samolyotda 19 nafar yoʻlovchi oʻrindigʻi mavjud.Ushbu havo kemasi 1500 kilometr masofagacha ucha olishi mumkinligi taʼkidlandi. Ayni damda “Zomin” aeroportida “Uzbekistan Airways”ning ikkita “LET L-410” rusumdagi samolyot aholiga xizmat koʻrsatmoqda. 

– Bir necha soat muqaddam mazkur havo laynerida Toshkentdan Zomingacha 32 daqiqada kelib qoʻndik. Bir pasda, yaʼni biroz nafas rostlaganimga ketgan vaqtda koʻzlagan manzilda boʻldim. Taksida kelganimda uch – uch yarim soat vaqtim ketardi. Aviachipta narxi ham qimmat emas, Toshkentdan Zomingacha 105 ming soʻm ekan. Fuqarolarga yaratilayotgan bunday qulayliklar uchun hukumatimizga behisob minnatdorlik bildirsak ham kam, – deydi zominlik yoʻlovchi Sanjar Bahriddinov. 

– Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti sirtqi boʻlimi talabasiman, Zomindagi “Logistika markazi”da turizm yoʻnalishi boʻyicha ishlayman. Aviachipta narxi Zomindan Toshkentgacha 78 ming soʻmni tashkil etar ekan. Bu deyarli Zomindan poytaxtga qatnaydigan taksilar narxi bilan teng degani. Bunday gʻamxoʻrlik nafaqat talabalar uchun balki, fuqarolar va ayniqsa, ichki va tashqi sayyohlarning Zominga kelishini yanada oshishiga ham xizmat qilishi shubhasiz, – deydi aynan shu reys bilan Toshkentga parvoz qilish arafasida turgan yoʻlovchi Jahongir Umirov. 

Aeroport mutasaddilarining maʼlumotiga koʻra, “Zomin” aeroporti faoliyatini boshlashi bilan barcha mutaxassis, texnik va xoʻjalik xodimlarini qoʻshib hisoblaganda 30 nafarga yaqin kishi doimiy ish oʻrni bilan taʼminlangan. Kelgusida aeroport faoliyatini kengaytirish hisobida yana 25 yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. 

Aeroport hududida amalga oshirilayotgan qurilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda. 

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!