» » Yoʻl-transport infratuzilmasi — deputatlar muhokamasida

Yoʻl-transport infratuzilmasi — deputatlar muhokamasida

08 сентябрь 2023 г 389 Комментарии: 0

Mamlakat infratuzilmasi, yoʻllarning ravon, zamonaviy talablarga javob berishi dolzarb masalalardan sanaladi.

Bu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar, albatta, eʼtiborga molik. Shunday boʻlsa-da, hududlarni obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bogʻliq eng muhim vazifalarni tizimli hal qilish, ayniqsa, ichki yoʻllarni yaxshilash, shu orqali aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishda tezkor, yanada samarali chora-tadbirlarni qoʻllashni hayotni oʻzi taqozo etmoqda.

Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan yaqinda ichki yoʻllarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash holati Jizzax viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganildi. Qoʻmitaning kecha boʻlib oʻtgan yigʻilishi mazkur oʻrganish yakunlariga bagʻishlandi.

Unda deputatlar ushbu masala yuzasidan Transport vazirligining axborotini eshitdilar.

Qayd etilishicha, sohaga oid munosabatlar huquqiy tartibga solingan boʻlib, doimiy takomillashtirilib borilmoqda. Xususan, “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonunda avtomobil yoʻllari sohasini boshqarish, yoʻllarning toifalari, ularni moliyalashtirish, qurish va saqlash masalalari batafsil aks etgan.

Keltirib oʻtilgan raqamlarga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizda avtomobil yoʻllari tarmogʻining uzunligi oʻtkazilgan hatlov natijalariga koʻra, 209,5 ming km.ni, shundan xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalari 141,9 km.ni tashkil etmoqda.

2017 — 2022-yillar davomida xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarida jami 55 870 km. uzunlikdagi avtomobil yoʻllari hamda 377 dona koʻpriklarda qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2022-yil 25-oktyabrdagi tegishli qarori ijrosi doirasida 2022 — 2023-yillarda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi buyurtmachiligida jami 2 696 ta obyektda 8 209,1 km. avtomobil yoʻllari va 63 ta koʻpriklar taʼmirlanishi belgilangan boʻlib, ushbu maqsadlarga 3,7 trln. soʻm mablagʻ ajratilgan.

Uning ijrosi doirasida 465,3 km. ichki yoʻllarga sement-beton qoplama yotqizilgan boʻlib, hozirda 4 941,8 km. ichki yoʻllarga asfalt-beton qoplama yotqizish hamda 2 802,0 km. ichki yoʻllarni shagʻallashtirish ishlari olib borilyapti.

Yigʻilishda ichki xoʻjalik yoʻllari tarmogʻi masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda uning umumiy uzunligi 141 882 km.ni tashkil etib, shundan 6 753 kilometri Jizzax viloyatiga toʻgʻri keladi.

Viloyatning ichki xoʻjalik yoʻllari tarmogʻi tarkibiy jihatdan tahlil qilinganda, sement-beton, asfalt-beton va qora-qoplamali yoʻllar umumiy yoʻl uzunligiga nisbatan 44 foizni yoki 2 974 km.ni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich Gʻallaorol tumanida 437 km., Jizzax shahrida 201 km. va Zomin tumanida 300 km.ga teng. Demak, ushbu tarmoqning 66 foiz qismi qum-shagʻal va tuproq yoʻllardan iborat.

Muhokamalar davomida deputatlar Sharof Rashidov tumani Hayrabot MFY, Kattaqishloq MFY, Jizzax shahri Alisher Navoiy MFYlarida “Obod-qishloq” dasturi va “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida sement-beton va asfalt qoplamali yoʻllar yangidan qurilgani va nosoz yoʻllar toʻliq taʼmirlanganini ijobiy baholadilar. Ayni paytda mavjud kamchiliklar ham tilga olindi.

— Ushbu masala qoʻmitamiz tomonidan nazorat-tahlil tartibida chuqur oʻrganildi, — deydi deputat Anvarxon Temirov. — Bajarilgan ishlar talaygina, biroq, kamchiliklar ham yoʻq emas. Masalan, yangi qurilgan yoʻl qismlarida kanalizatsiya va suv tarmogʻi tortilishi uchun kesib buzilganlik holatlari mavjud. Loyihalashtirish jarayonlari kompleks amalga oshirilmagan, muhandislik infratuzilmasini quruvchi yoki taʼmirlovchilar integratsiyasi aniq yoʻlga qoʻyilmagan, davlat hokimiyati organlari tomonidan bu borada tizimli ishlar yuritilmagan. Bu yigʻilishda asosli eʼtirozlarga sabab boʻldi, mutasaddilardan izoh soʻraldi. Oʻz navbatida, masʼul vazirlik va tegishli hokimliklarga nosozliklarni tezkor aniqlash va bartaraf etish, yuzaga kelgan salbiy holatlarni chuqur tahlil qilib, ochiq va taʼsirchan choralar koʻrish boʻyicha oʻz takliflarimizni berdik.

Yigʻilishda kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!