» » Jizzaxda bazalt asosli mahsulotlarni iqtisodiyotning turli sohalarida qoʻllash samaradorligiga bagʻishlangan xalqaro forum boʻlib oʻtdi

Jizzaxda bazalt asosli mahsulotlarni iqtisodiyotning turli sohalarida qoʻllash samaradorligiga bagʻishlangan xalqaro forum boʻlib oʻtdi

29 апрель 2024 г 146 Комментарии: 0

Forish tumani “Egizbuloq” mahallasi hududida faoliyat yuritayotgan “Basalt Uzbekistan” klasterida “Bazalt asosli mahsulotlarni iqtisodiyotning turli sohalarida qoʻllash samaradorligi”ga bagʻishlangan xalqaro forum boʻlib oʻtdi.

Xalqaro forumda Germaniya, Italiya, Turkiya, Rossiyadan tashrif buyurgan investorlar, qurilish korxonalari, loyihalash instutlari va boshqa manfaatdor vazirlik, idoralar vakillari, mahalliy va xorijiy ishbilarmonlar ishtirok etishdi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-9-aprel kunlari Jizzax viloyatiga tashrifida “Basalt Uzbekistan” klasteri faoliyati misolida bazalt mahsulotlari afzalliklarini keng targʻib etish, ilmiy tadqiqot ishlarini jadallashtirish hamda tashqi bozorga chiqishini yanada faollashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab bergandi.

Forish tumani Osmonsoy konidagi qimmatli topilma – bazalt toshlari mamlakatimiz sanoat tarmogʻi uchun muhim voqelik boʻldi, – deydi “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi maslahatchisi Bahodir Ismailov. – “Basalt Uzbekistan” klasteri tashabbuskorlari tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar esa, yurtimizda ushbu turdagi yangi konlarni aniqlashga turtki berdi.

Respublikada yillik quvvati 194 ming tonnalik bazalt toshidan issiqlik saqlovchi mineral plitalar, 16 ming tonnalik bazalt tolasi va fibra, 2 ming tonnalik bazalt armaturasi, 5 ming tonnalik kompozit quvurlar va 9 ming tonnalik kompozit geosetkalar ishlab chiqaruvchi 9 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan biri – Forish tumanida 46,8 gektar maydonni egallagan “Basalt Uzbekistan” klasteridir.

Forumda klasterning bugungi imkoniyatlari hamda rejalari taqdimot qilindi. Yiliga 177 ming tonna bazalt toshidan olinayotgan maxsus tola va uning asosida ishlab chiqarilayotgan 42 turdagi mahsulotlarning 80 foizi 24 ta davlatga AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilinayotgani koʻpchilik eʼtiborini tortdi.

Mamlakat Prezidentining sohani ilmiy tomonlama rivojlantirish borasida bergan koʻrsatmalari tahsinga loyiq, zero, har qanday kashfiyot va taraqqiyot ilm-fan asosida yuzaga keladi, – deydi Koreya muhandislik va qurilish texnologiyalari instituti professori Kim Xong Sop. – Faoliyatimiz qurilish va qurilish materiallari sohasida amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga asoslangan. Oʻtgan yilda jamoamiz tomonidan qariyb 140 mln. dollarlik ilmiy izlanishlar olib borildi. Oʻzbekistonda ham “R&D tadqiqotlar markazi”ni tashkil etib, ishlab chiqarish korxonalari hamda olimlar oʻrtasida “aloqa zanjiri”ni taʼminlash harakatidamiz. Bu sanoat rivojini 5-10 yilga tezlashtiradi, mahalliylashtirishni kuchaytiradi, ilgʻor texnologiyalarni mahalliy sharoitda qoʻllash samaradorligini oshiradi.

Forum dasturiga koʻra ishtirokchilar Oʻzbekistonda bazalt asosida innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish holati va istiqbollari bilan tanishtirildi.

Mahsulot sifati va xususiyatlari, laboratoriya sinovlari va sertifikatlash, logistika kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bu borada jahon standartlari, ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan izlanishlar va yangiliklar, ilgʻor texnologiya va uskunalar haqida taqdimot namoyish etildi.

Xalqaro forumda Jizzax viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi Sarvar Abdullayev ishtirok etdi.

Forum yakunida ishtirokchilarning “Basalt Uzbekistan” klasteri korxonalari boʻyicha ekskursiya tashkil etildi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!