» » “Soʻgʻdiyona”ning muxlislariga bayram tuhfasi

“Soʻgʻdiyona”ning muxlislariga bayram tuhfasi

18 июнь 2024 г 101 Комментарии: 0

Ayni paytda futbol muxlislarining asosiy diqqat eʼtibori Germaniyada oʻtayotgan Yevropa chempionatiga qaratilgan boʻlsa-da, ashadiy ishqibozlar uchun oʻzlarining suyukli futbol jamoasining oʻyini birinchi oʻrinda turishi, shubhasiz.
Oʻzbekiston chempionati superliga bahslarida bugun 11-tur uchrashuvlari yakuniga yetadi. Ushbu turning 2 ta asosiy markaziy oʻyini boʻlib oʻtdi. Jizzaxda “Soʻgʻdiyona” chempionatimiz karvonboshisi boʻlib turgan Qarshining “Nasaf” klubini qabul qildi.

Uchrashuv mehmonlarning hujumi bilan boshlandi, oʻyinning ilk daqiqasidayoq “Nasaf” hujumchisi Bobur Abduxoliqov mezbonlar jarima maydonida qulay vaziyatdan foydalana olmadi.

Oʻyinning 10 daqiqasi qashqadaryolik futbolchilarning bosimi va hujumlari ostida kechdi. Soʻngra ustunlik maydon egalari tarafga oʻtdi. Jizzaxliklar mehmonlar jarima maydonchasi yaqinida “Nasaf” himoyachilariga qarshi bosimni kuchaytirdi. Natijada Akmal Mozgovoy toʻp uzatishda xatoga yoʻl qoʻydi. Bundan mezbonlar umumli foydalanib qoldi. “Soʻgʻdiyona” va chempionat tupurari makedoniyalik legioner Lyupche Doriyev qarshiliklarning 2 nafar himoyachisini ortda qoldirib, oʻyinning 17-daqiqasida mehmonlar darvozaboni Abduvohid Neʼmatov bilan birga bir vaziyatga chiqib bordi va unga hech qanday imkonyait qoldirmadi – 1:0.


Bu Doriyevning joriy mavsumdagi kiritgan 9-goli va u toʻpurarlar bahsida yakka peshqdam boʻlib oldi. Yana bir eʼtiborli tomoni, Lyupche bugun top klublar eʼtiborida, yozgi transferda makedoniyalik legionerga “sovchilar” kelishi ham mumkin, ammo u boshqa klubga oʻtmoqchi boʻlsa, yo “Soʻgʻdiyona” yoki uning oʻzi joriy mavsum uchun tuzilgan shartnomani bekor qilishi talab etiladi.

Mehmonlar darvozasiga kiritilgan goldan soʻng “Nasaf” futbolchilari bor eʼtiborni hujumga qaratgan boʻlsa, mezbonlar 2-raqam ostida toʻp surdi. Birinchi boʻlimning oʻzida “Nasaf” koʻplab xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi, ammo hisobni tenglashtirish imkonini topa olmadi. Oʻz navbatida, “Soʻgʻdiyona” qarshi hujumda yanada xavfliroq oʻyin namoyish etdi, lekin ular ham toʻp kiritish imkoniyatidan foydalana olmadi. Shu tariqa birinchi boʻlim kichik (1:0) hisobda nihoyasiga yetdi.


Ikkinchi boʻlimda joriy mavsumda chempionlikni maqsad qilgan Roʻziqul Berdiyev shogirdlari hujumni yanada kuchaytirdi, oʻyinni boshqargan hakam Asker Najafaliyev oʻyinning 54-daqiqasida “Soʻgʻdiyona”ning yosh himoyachisi Otabek Ahadovga qizil kartochka koʻrsatib, maydondan chetlatdi va mehmonlarning ishini ancha yengillashtirdi. Natijada mezbonlar jarima maydonida xavfli vaziyatlar, darvozasi tomon zarbalar, toʻpga egalik qilish, burchak va jarima zarbalari soni ortgan boʻlsada, toʻp yoʻliga “Soʻgʻdiyona” legioner posboni va sardori Milan Mitrovich yoki himoyachilar toʻsiq boʻlaverdi.

Uchrashuvning 90-daqiqasida Asker Najafaliyev “Soʻgʻdiyona”ning yosh iqtidorli hujumchisi Samandarjon Mavlonqulovga shu uchrashuvning oʻzida 2-bor sariq kartochka koʻrsatdi va u oʻz-oʻzidan qizilga aylandi. Aslida “Nasaf”ning tajribali himoyachisi Sherzod Nasrullayev Samandarjonda sariq kartochka borligini bilib, ataylab, mutlaqo shart boʻlmagan vaziyatda uni turtib yubordi, tabiyki, Mavlonqulov unga javoban nimadir dedi va bu vaziyatda hakam har ikkisiga sariq kartochka koʻrsatdi. Bu esa mezbonlarning maydonda 9 kishi boʻlib qolishiga olib keldi.

Uchrashuvning 2-boʻlimiga qoʻshib berilgan 9 daqiqa “Soʻgʻdiyona” jarima maydonchasida kechgan boʻlsada, 2 kishi kam boʻlib oʻynagan mezbonlar oʻz darvozasi dahilsizligini saqlab qoldi va “Nasaf”ni joriy mavsumdagi birinchi magʻlubiyatini tan olishga majbur etdi.

“Soʻgʻdiyona” mamlakat chempionatida “Nasaf”ni Jizzaxda oxirgi marta 2020-yilda 3:1 hisobida magʻlub etgan ekan, Qarshi jamoasi oradan 4 yil oʻtib magʻlub etildi va jizzaxlik futbolchilar oʻz muxlislariga ajoyib, matonatli gʻalabani tuhfa etdi.

Ushbu turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Metallurg” (Bekobod) – “Bunyodkor” (Toshkent) – 0:0, “Neftchi” (Fargʻona) – “Surxon” (Termiz) – 1:1, “Qizilqum” (Navoiy) – “Andijon” (Andijon) – 3:3, “Paxtakor” (Toshkent) – “Navbahor” (Namangan) – 0:0.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!