Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Yerlarni noqonuniy oʻzlashtirishga aslo yoʻl qoʻyilmaydi!
16 май 2024 г 177 Комментарии: 0
Yer azaldan xalqning eng asosiy va bebaho boyligi hisoblanadi.
Keyingi yillarda xalqimiz hayoti, faoliyati va farovonligining asosi boʻlgan yerdan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligi yerlari muhofaza qilinishini taʼminlash, ularning meʼyoriy qiymati hamda sifat koʻrsatkichlarini aniqlash ustuvor vazifalardan biriga aylanganining boisi ham shundan.
Ammo yer resurslarini talon-taroj qilish, oʻzboshimchalik bilan egallash, noqonuniy sotish kabi yillar davomida saqlanib kelayotgan kamchiliklar bor. Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan hududlarda yer va kadastr nazorati borasida joriy yil 1-may holatiga viloyat boʻyicha 1027 holatda jami 364 gektar yer maydonlari oʻzboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlangan. Qonunbuzilish holatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan muammoni bartaraf etish yuzasidan yozma koʻrsatmalar berilib, 693 ta holatda 219 gektar yer maydonlarida yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilish holatlari joyida bartaraf etilib, yer maydonlari davlat zaxirasiga qaytarilishi taʼminlandi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 60-moddasi 2-qismida “Yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud boʻlmagan holda ulardan foydalanish” fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, mansabdor shaxslarga esa 50 baravari miqdorida jarima solinishiga sabab boʻladi. Ushbu moddaning 3-qismida esa “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash boʻlgan va tutash boʻlmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish” uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari, mansabdor shaxslarga esa 300 baravari miqdorida jarima solinishi qatʼiy belgilangan.
Yerga oid qonunbuzilishi holatlari har doim ham maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻlmaydi. Shunday holatlar borki, ularda yer bilan bogʻliq jinoyat alomatlari kuzatiladi. Misol uchun, sugʻoriladigan yerni oʻzboshimchalik bilan egallab, unda qurilish qilganlik uchun toʻgʻridan toʻgʻri jinoiy javobgarlik belgilangan boʻlib, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Sugʻoriladigan yerni sotish yoki uni qonunga xilof tarzda oʻzgaga berish uchun ham jinoiy javobgarlik bor. Agar ushbu harakatlar ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, 8-10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qoʻllaniladi.
Bir soʻz bilan aytganda, yerlarni noqonuniy oʻzlashtirishga aslo yoʻl qoʻyilmaydi. Bu masala bilan bogʻliq munosabatlar tenglik va ochiqlik asosida amalga oshiriladi.
Nodir Sidikov,
Kadastr agentligi
Jizzax viloyati boshqarmasi boshligʻi
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!