Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar beruvchilarni himoya qilishni kuchaytirishga oid qonun loyihasi e’lon qilindi
20 апрель 2024 г 110 Комментарии: 0
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi (https://regulation.gov.uz/oz/d/97322) jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Qonun bilan xabar beruvchiga quyidagilar kafolatlanmoqda:
hayoti, sog‘lig‘i, shaxsiy va ishchanlik obro‘si hamda mol-mulkining himoya qilinishi;
shaxsiga oid ma’lumotlar yoki boshqa sir tutilishi zarur bo‘lgan ma’lumotlarning uchinchi shaxslarga oshkor qilinmasligi;
zarur huquqiy yordam bilan ta’minlanishi;
xabar beruvchidan qasd olishga qaratilgan harakatlar, shu jumladan uni noqonuniy ta’qib qilish va jazolashga yo‘l qo‘ymaslik;
xabar berganligi tufayli ishdan bo‘shatish, lavozimini pasaytirish, kamsitish, bosim o‘tkazish va boshqa shakllarda ta’qib qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligining ta’minlashishi, mehnat qonunchiligida belgilangan holatlar bundan mustasno.
Ushbu qonun tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga maxfiylik asosida ko‘maklashuvchi shaxslarni himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarga tatbiq etilmaydi.
Xabar beruvchi o‘z tanloviga ko‘ra korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida ish beruvchiga yoki korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmasiga yoxud Agentlik, davlat tashkilotlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi:
xabarni markazlashtirilgan ro‘yxatga olish va tahlil qilish imkoniyatini beruvchi markazlashtirilgan elektron tizimini yaratadi;
xabar beruvchini himoya qilish bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari aniqlanganda, qonunbuzilishi sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoit va sabablarni bartaraf etish hamda aybdor shaxslarga tegishli intizomiy choralar qo‘llash to‘g‘risida tegishli davlat tashkilotiga taqdimnoma kiritadi, v.b.
▫Ish beruvchining majburiyatlari:
xabar beruvchiga nisbatan asossiz intizomiy jazo qo‘llanishi, ishdan bo‘shatish, lavozimini pasaytirish, kamsitish, bosim o‘tkazish va boshqa shakllarda taʼqib qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik;
xabar beruvchining lavozimini o‘zgartirish va unvonining ko‘tarilishini cheklamaslik;
xabar beruvchining ish hajmini qayta taqsimlash, o‘tkazish, majburiyatlarni rad etish ishlarini amalga oshirmaslik;
xabar beruvchiga ish haqini to‘lashda va rag‘batlantirishda kamsitmaslik;
xabar beruvchining taʼlim olishi, malaka oshirishi yoki o‘zining kasbiy rivojlanishi imkoniyatlarini cheklamaslik;
xabar beruvchini mavjud axborot yoki tashkilot ixtiyoridagi boshqa moddiy resurslaridan foydalanishini cheklamaslik;
xabar beruvchining ish sharoitlariga zarar yetkazmaslik.
Xabar beruvchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorda rag‘batlantiriladi.
Xabar beruvchini himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risidagi qaror Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, tergovga qadar tekshiruv organlari, surishtiruv organlari, dastlabki tergov organlari, prokuratura organlari va sud tomonidan qabul qilinadi.
Taʼqib va zo‘ravonlik holatlari haqida xavfsirash uchun yetarli asoslar bo‘lganida xabar beruvchiga himoya choralarini taʼminlovchi davlat organlari tomonidan himoya orderi beriladi.
Xabar beruvchilarning xavfsizligi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va ularning hududiy organlari tomonidan ta’minlanadi.
Jamoatchilik muhokamasi joriy yilning 2-may sanasiga qadar davom etadi.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!