Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Zominda odam oʻlimiga sabab boʻlib, voqea joyidan qochib ketgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
04 июль 2024 г 130 Комментарии: 0
Neksiya avtomobilida orqaga harakatlangan haydovchi yerda yotgan holdagi fuqaroning boshiga jarohat yetkazib, unga yordam koʻrsatish choralarini koʻrmasdan, voqea joyidan qochib ketgan. Unga qoʻllangan jazo Jinoyat kodeksida belgilanganiga nisbatan ancha yengil hisoblanadi.
Jizzax viloyatida kirakashlik qilib yurgan Nexia haydovchisi 2024-yil 7-yanvar kuni Zomin tumanida qarz undirish tashvishida yurgan tanishlarini manziliga olib borgan.
Yoʻlda qirlik joyda toʻxtab, yoʻlovchilar spirtli ichimliklar isteʼmol qilishadi. Haydovchi esa vaqt oʻtkazish uchun mashinada oʻtirib ijtimoiy tarmoqlarga kiradi.
Shu paytda haydovchiga kimdir qoʻngʻiroq qiladi va u jahl ustida mashinani orqaga haydaydi. Oqibatda mashinaning orqa tomonida yerda yotgan yoʻlovchining bosh qismini jarohatlaydi.
Qilib qoʻygan ishidan qoʻrqib ketgan haydovchi qonga belanib yotgan jabrlanuvchini tashlab ketishga qaror qiladi. U ikkinchi yoʻlovchini jabrlanuvchi hushiga kelgach oʻzi ketishiga ishontiradi.
Soʻng voqea joyidan ketgach ikkinchi yoʻlovchiga qoʻngʻiroq qilib, jabrlanuvchini birov soʻrasa “Biz uni bekatda qoldirgandik” deb aytishga koʻndiradi. Biroq ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyat tez orada fosh etiladi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Zomin tumani sudida haydovchi eʼtiborsizligi ortidan bir inson hayotiga zomin boʻlganini, unga tibbiy yordam koʻrsatish choralarini koʻrmaganini, qilmishini yashirishga uringanini tan olgan va kechirim soʻragan.
Sud haydovchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi va 117-moddasi ikkinchi qismi bilan aybdor deb topgan. U 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 3 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.
Maʼlumot uchun, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam oʻlimiga sabab boʻlsa) 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jinoyat kodeksining 117-moddasi ikkinchi qismi esa 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.
Viloyat IIB axborot xizmati eʼlon qilgan videoda ehtiyotsizlik orqasida boʻlsada odam oʻlimiga sabab boʻlgan, jinoyatini yashirishga urinib, jabrlanuvchini xavf ostida qoldirib ketgan shaxsga nima uchun qonunda belgilangan jazo berilmaganiga sud izoh bermagan.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!