» » Jizzaxda “Yangi Oʻzbekiston” massivi barpo etilmoqda

Jizzaxda “Yangi Oʻzbekiston” massivi barpo etilmoqda

20 август 2024 г 91 Комментарии: 0

Respublikamiz hududlarida qad rostlayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp qavatli uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyasi, ijtimoiy soha, ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari kompleks tarzda qurilayotgani, bunday massivlarda aholi uchun qulay imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilayotgani yurtdoshlarimizning haqli eʼtirofiga boʻlmoqda.

Sharof Rashidov tumanidagi “Oqtosh ota” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 140 gektarli maydonda barpo qilinayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida ishlar qizgʻin davom etmoqda. 3 ming 936 xonadonli 105 ta koʻp qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Uylar 9, 12 va 16 qavatli boʻlib, bu ham Jizzax sharoitida yangilik.

Massivda tashkil etiladigan “Inno texno park” aholini ish bilan taʼminlashda qoʻl keladi. Yangilik sifatida kurash saroyi ham loyihadan joy olgan. Shuningdek, bu manzilda test markazi qurilmoqda. Uy-joylardan tashqari hududda mahalla markazi, poliklinika, masjid, mehmonxona, bolalar va sport oʻyingohlari, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi barpo etiladi. Boʻsh maydonlarga daraxtlar ekilib, xiyobonga aylantiriladi.

— Ayni paytda birinchi bosqich doirasida 204 xonadonli 4 ta koʻp qavatli uy, markaziy qozonxona, shourum va ichki yoʻllar qurilgan, — deydi viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi Bobur Mamatov. — Yana 16 ta turarjoy, maktab va maktabgacha taʼlim muassasasi, savdo markazi bunyod etiladi. Bu borada zaruriy kommunikatsiya tarmoqlari tortilmoqda. Mahallaga texnik xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etilgan.

Shu kunlarda ijtimoiy soha obyektlarida ham qurilish ishlari davom etyapti. 5 qavatli, 1 ming 680 oʻrinli maktabning asosiy binosi qad koʻtardi. Loyihaga koʻra, sport zali, faollar zali, oshxona, sinfxonalarga qoʻshimcha toʻgaraklar uchun alohida xonalar ham boʻladi.

—Massivda 1680 oʻrinli bitta maktab, unga yondosh qilib 150 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti ishga tushadi. Bugungi kunda quruvchilar mazkur binolarning yuqori qavatida gʻisht terish ishlarini olib borishmoqda. Yana bu yerda 200 qatnovga moʻljallangan oilaviy poliklinika ham qad rostlamoqda, — deya fikr bildirdi viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” DUK direktori Doston Qoplonov.

Darhaqiqat, “Yangi Oʻzbekiston” massivida bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda. 20 ga yaqin uylar qurilishida 8 ta qurilish firmalari ish olib boryapti.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!