Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » “Murojaatdan daromadga 5 qadam” loyihasi — amalda
07 октябрь 2024 г 70 Комментарии: 0
Odamlarning dardini his etish, ogʻirini yengil qilish, orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish bugun davlat idoralari rahbarlari hamda masʼullari oldida turgan eng dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan masala boʻlib turibdi.
Davlatimiz rahbari bahorning ilk kunlarida Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi chogʻida aholini bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida qator topshiriqlar bergan edi.
Shundan kelib chiqqan holda Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev tashabbusi bilan joylarda oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha “Murojaatdan daromadga 5 qadam” loyihasining amalga oshirilishi boshlangandi.
Joriy yilning oʻtgan davrida Jizzax, Fargʻona, Xorazm, Qoraqalpogʻiston, Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridagi 400 dan ziyod mahallada mazkur loyihaning ijrosi taʼminlandi. Unga koʻra 2 mingga yaqin murojaatchiga amaliy yordam koʻrsatildi.
Xususan, Xorazm viloyati Shovot hamda Hazorasp tumanlarida istiqomat qiluvchi ishsiz ayollarning mehnat bandligini taʼminlash maqsadida 170 nafariga zamonaviy tikuv mashinalari topshirilgandi. Oʻz tikuv mashinasiga ega boʻlgan ayollar ishlab chiqarish hamda oilaviy korxonalarga kooperatsiya shaklida biriktirilgan edi. Xoʻsh, bu ishlarning natijasi qanday boʻlyapti?
Misol uchun, yaqin-yaqingacha ishsiz boʻlgan shovotlik Zulayho Safoyeva endilikda ayollar libosidan tortib bolalar uchun moʻljallangan kiyimlarni tikyapti, keyingi rejalarini esa aniq maqsadga aylantirgan. U milliy liboslarni tikib, xorijga eksport qilishni hamda Xivada xorijlik mehmonlarga sotishni yoʻlga qoʻymoqda.
Yana bir qahramonimiz Shovot tumaning “Doʻstlik” mahallasida istiqomat qiluvchi Raʼno Qalandarova ham yangi mashinalarni qabul qilgan ayollar bilan ish boshlagan. Kooperatsiya shakligidagi faoliyati natijasida ishlab chiqarish hajmi bir necha barobarga oshgan. Navbatdagi qadamini mahsulotlarni chet elga eksport qilishga qaratgan.
Roʻzgʻorining kam-koʻstini toʻldirish, uyining qurilishini tugatish uchun Iqbol Rahimova turmush oʻrtogʻi bilan 6-7 yil davomida chet elda ishlashiga toʻgʻri kelgan. Yaqinlar diydori, farzandlar sogʻinchi uning qalbini oʻrtagan. Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan berilgan imkoniyat natijasida u oʻz mahallasida ishga, doimiy daromadga ega boʻldi. Bugun u ham oʻz uyida, oilasi bagʻrida.
Hunarning ortidan daromadli boʻlishimiz mumkin, ammo qoʻlida hunari boʻla turib, ishni nimadan boshlashni bilmagan yoki ish quroli boʻlmagan ayollarga berilgan amaliy koʻmak bugun ularning oyoqqa turishga yordam berdi.
Masalan, Umida Ismoilova 5 nafar farzandning onasi, turmush oʻrtogʻi 2-guruh nogironi. “Murojaatdan daromadga 5 qadam” loyihasi tufayli bugun u nafaqat oʻzini, balki qoʻshni ayollarni ham daromadli ishga yoʻnaltira oldi.
Bunday imkoniyatdan hazorasplik ayollar ham chetda qolmagan. Prezident Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar asosida 104 nafar ehtiyojmand ayollarga tikuv mashinalari sovgʻa qilingan edi. 29 nafar tadbirkorga kooperatsiya asosida biriktirilgan ayollar bugun ham hunarli, ham daromadli boʻlishdi.
Tadbirkor Matluba Sattorova tikuvchilik sexiga zamonaviy tikuv mashinalari oʻrnatilib, 8 nafar ishsiz ayolning bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari, ushbu tikuvchilik korxonasiga “Ayollar daftari”da turuvchi 15 nafar xotin-qizlar jalb etilib, ularning ham bandligi taʼminlandi.
Umuman olganda, koʻrsatilgan yordam tufayli bugun oyoqqa turib, daromad topayotgan ayollar oʻz ishining ustasiga aylanishmoqda.
Prezident Xalq qabulxonasining “Murojaatdan daromadga 5 qadam” loyihasi boshqa hududlarda ham davom etmoqda.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!