» » Salohiyati yuksalayotgan Forish tumani

Salohiyati yuksalayotgan Forish tumani

30 июль 2024 г 97 Комментарии: 0

Bugun Forish tumani nafaqat viloyatimizda balki mamlakatimizda ham sanoatlashgan, iqtisodi baquvvat tumanga aylanib bormoqda.
Forish tumani hokimi Ikrom Matiyev ommaviy axborot vositalari vakillari va ijtimoiy tarmoq vakillari bilan uchrashuvda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat sohasini yanada yuksaltirish, aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Maʼlumki, Forish tumani azal-azaldan oʻzining shirin-shakar, tabiiy toza uzumlari bilan dovrugʻ taratgan. Forish uzumlari dovrugʻini qayta tiklash, uni yanada rivojlantirish borasida ishlar davom ettirilmoqda.

Tadbirkor Kamol Xolmatov rahbarlik qilayotgan “BUYUK JAVOHIR TIMSOLI” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan loyiha qiymati 600 million soʻm boʻlgan uzumning qora kishmish navini koʻpaytirish borasida yangi uzumzorlar barpo etilayapti.
Yiliga 400 ming tonna qora kishmish navli uzum yetishtirilib, shundan 100 ming dollar miqdorida mahsulot xorijga eksport qilinadi.
Loyiha qiymati 30 million AQSH dollari boʻlgan yana bir yangi korxona “ZOMIN KAFEL INVEST” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan bunyod etilmoqda.

Mazkur yangi korxona gidroksid, kalsiy ishlab chiqarish korxonasi boʻlib yiliga 300 ming tonna gidroksid kalsiy ishlab chiqaradi. 15 million dollar xorijiy investitsiyalar jalb etilgan. Korxona har yili 1 million tonna mahsulotni xorijga eksport qiladi. Mazkur korxonani ishga tushirilishi hisobiga yangidan 50 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Forish tumani hududida katta zaxiraga ega boʻlgan bazalt toshini qayta ishlash va turli qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalari izchil davom ettirilmoqda.

Bu borada “BASFIBER TRADE” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan bazalt toshidan tola va mato ishlab chiqarish loyihasi hayotga tadbiq etilmoqda. Mazkur korxona Chexiyaning “PSP Engineering” kompaniyasi bilan hamkorlikda bunyod etilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 840 million soʻm boʻlib, xorijiy investitsiya 19 million 130 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Korxona yiliga 25 ming tonna bazalt toshidan tola va mato ishlab chiqaradi. Korxonaning ishga tushishi hisobiga 400 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Joriy yilda tumanda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va investorlar mablagʻlari hisobidan bir qancha zamonaviy sanoat korxonalari bunyod etilmoqda.

Ana shunday korxonalardan biri “JIZZAX SEMENT” masʼuliyati cheklangan jamiyatining sement ishlab chiqarish loyihasidir.

Ushbu yangi sement zavodining loyiha qiymati 1 milliard 265 million soʻm boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya 100 million AQSH dollarini tashkil etadi. Korxona toʻliq quvvati bilan ishga tushgach yiligi 1 million tonna sement ishlab chiqaradi hamda 120 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Tumanda qurilish materiallari ishlab chiqarishni yanada koʻpaytirish maqsadida yana bitta “ECO CEMENT” maʼsuliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, yillik quvvati 810 ming tonna sement ishlab chiqarishga moʻljallangan yangi sement zavodi ham bunyod etilmoqda. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 145 million AQSH dollari boʻlib, 121 million AQSH dollari xorijiy investitsiyani tashkil etadi.
Mazkur korxonani ishga tushirilishi hisobiga 200 ta yangi ish oʻrinlari yaratilib, tumandagi vaqtincha ish bilan band boʻlmagan aholi ishga joylashtiriladi.
Darhaqiqat, Forish tumanining ijtimoiy iqtisodiy rivojlanishi uchun ulkan imkoniyatlari mavjud. Davlatimiz rahbari bundan besh yil oldin tumanga tashrifi chogʻida “Oʻzi Forish imkoniyatlari boʻyicha eng boy tumanlardan biri. Lekin hozir boshqa hududlardan biroz orqada. Bu yerning qishloq xoʻjaligi, geologiya, qayta ishlash sohalaridagi imkoniyatlarini toʻgʻri ishga solsa, aholi farovonligi, mahalliy byudjetni oshirish mumkin.” deb taʼkidlagan edi.
Forishliklar davlatimiz rahbarining mazkur iqtibosidan ilhomlanib, belni mahkam bogʻlab, bugun turli sohalarda qoʻlga kiratayotgan ulkan yutuqlari bilan ushbu soʻzlarning toʻgʻriligini, darhaqiqat Forish tumani keng imkoniyatlar maydoni ekanligini isbotlamoqdalar. Islohotlar natijasida Forish tumani besh yil oldingi dotatsiya oluvchi tumandan, oʻz-oʻzini taʼminlovchi, qolaversa tuman byudjetini ortigʻi bilan bajarib, qolgan mablagʻlar hisobiga koʻplab loyihalarni moliyalashtirishga qurbi yetadigan iqtisodi baquvvat tumanga aylandi.
Birgina tumanning investitsiyalar jalb qilish borasidagi yutuqlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, tuman yaqin orada Respublikamizning eng rivojlangan tumanlaridan biriga aylanadi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!