Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » JIZZAX VA VENGRIYA HAMKORLIKNING YANGI QIRRALARI
12 октябрь 2024 г 67 Комментарии: 0
Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev viloyat hokimligida Vengriya davlat kotibining innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Bódis László boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Viloyat rahbari Ergash Saliyev mehmonlarni vohamizga tashrif buyurganliklari uchun samimiy minnatdorchilik bildirib, muzokaralar davomida hududlarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, viloyatning asosiy drayver sohalari boʻlgan avtomobilsozlik, tekstil, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, turizm salohiyati hamda ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari haqida soʻz yuritdi.
Bugungi kunda Vengriya bilan savdo-iqtisodiy hamkorliklar sohasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2022-yilning oktyabr oyida viloyat delegatsiyasi Vengriyaga tashrif buyurib, viloyat hokimligi Vengriya tadbirkorlari bilan umumiy qiymati 19,5 mln. dollarlik 8 ta savdo va investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishilgandi. 2021-yilning may oyida Vengriyaning Bosh vaziri maslahatchisi Marton Nad boshchiligidagi delegatsiya viloyatga tashrif buyurgandi.
Tashrif davomida oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ijtimoiy sohalarda tajriba almashinuvini tashkil etish boʻyicha muzokaralar oʻtkazilgandi. 2023-yilning 26-oktyabr sanasida Jizzax viloyati hokimligi Dyor-Moson-Shopron (Vengriya) viloyati rahbariyati bilan hududlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar oʻtkazgandi. Bugungi delegatsiyaning tashrifini ham ana shu manfaatli va ishonchli hamkorlikning mantiqiy davomi deyish mumkin.
Oʻz oʻrnida Vengriya delagatsiyasi rahbari Bódis László qabul uchun viloyat hokimiga minnatdorchilik bildirib, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yuqori baholadi. Jizzax viloyati hokimligi hamda Vengriyaning Obuda universiteti oʻrtasida yuqori texnologiyalar sohasida qoʻshimcha innovatsion loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar, taqdimotlar boʻlib oʻtdi. Vengriyaning Obuda universiteti rektori, Prof. Dr. Kovács Levente innovatsiya va ilm-fanda erishilgan yutuqlar va bu yoʻnalishda Vengriya tajribasini ommalashtirish, Jizzax viloyatidagi qator loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligi taʼkidlab oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Turin politexnika universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Olimjon Toʻychiyev, Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Botir Usmonovlar mehmonlarga Oʻzbekistonda inno texnoparklarni tashkil qilish, oliy oʻquv yurtlari va ishlab chiqarishdagi hamkorliklarga toʻxtaldilar.
Viloyat hokimi hamrohligida Vengriyadan tashrif buyurgan mehmonlar Jizzax erkin iqtisodiy zonasidagi yirik ishlab chiqarish zavodlari BYD Uzbekistan Factory avtobomil zavodi, “Deya” brendi ostida mahsulot ishlab chiqarayotgan qandolat fabrikasi faoliyati bilan tanishdilar. Tashrif davomida mehmonlar Jizzax shahridagi Kibersport arenasi, “Inno” innovatsion oʻquv ishlab chiqarish texnoparki hamda “Yangi Oʻzbekiston” massivini koʻzdan kechirishdi.
Vengriya davlatidan tashrif buyurgan mehmonlarning viloyatimizga safari davom etmoqda.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!