Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » “Yashil makon”: Jizzaxda 4 million donaga yaqin ko‘chat zaxirasi yaratilgan
25 октябрь 2024 г 50 Комментарии: 0
Ayni vaqtda ko‘chat ekish ishlarini sifatli tashkil etish, ko‘chat zaxiralari yaratish bo‘yicha mahalliy hokimliklar bilan tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Ko‘chat ekish uchun yer ajratilib, sug‘orish tizimini tashkil etish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarilganini alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.
Jizzax davlat o‘rmon xo‘jaligi ishchi-xizmatchilari tomonidan kuzgi ekish mavsumi uchun daraxt va butalarning urug‘lari tayyorlanib, ko‘chatxona va issiqxonalarga ekilgan edi. Bunda asosan sharq tuyasi, mojevilnik, na’matak kabi daraxt va butalarning urug‘idan ko‘chat yetishtirish ishlari amalga oshirilib, hozir bu ko‘chatlar ekishga tayyor holatda ekanini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
E’tiborlisi, o‘rmon xo‘jaligida lavanda o‘simligi qalamchasidan nihol olish viloyatimizda ilk bor qo‘llanilib, shu bugungi kunda ushbu nihollar xo‘jalikka tegishli issiqxonada barq o‘rib o‘sayotgani quvonarli hol, deb o‘ylayman.
Shuningdek, ko‘p suv talab qilmaydigan daraxat ko‘chatlari urug‘larini tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratdik. Ana shu daraxt urug‘lari niholxona va ko‘chatxonalarimizda belgilangan ratsion asosida parvarish qilinmoqda.
Mavsumda yashil maydonlar yaratish va ekiladigan ko‘chatlarni sug‘orish maqsadida suv tejovchi texnologiyalar, yomg‘irlatib sug‘orish jihozlari o‘rnatishga alohida e’tibor qaratiladi. Boisi, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasida sug‘orish ishlari to‘liq avtomatik tarzda amalga oshirilib, sug‘orish me’yorini kamaytirish yoki ko‘paytirish orqali tuproqning namiqish chuqurligini ehtiyojga qarab o‘zgartirish mumkin bo‘lganligi uchun asosiy e’tiborni tomchilatib sug‘orishga qaratdik. Qolaversa, ushbu uslubda ekilgan nihollar 90 - 95 foiz holatda amal olishi kafolatlanadi.
2024 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor faslida viloyatimizda 10 million 538 ming tup ko‘chat ekilib, reja 107,1 foizga bajarilgan edi. Kuzgi ekish mavsumida ham “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilnib, ana shu vaqt davomida 5 million 940 ming tup daraxt va buta ko‘chati ekishni rejalashtirganmiz.
Kuzgi ekish mavsumida Jizzaxda ilk bor “Open budget” portali orqali o‘tkazilgan “Mening bog‘im” loyihasi birinchi mavsumida viloyatimizdan g‘olib bo‘lgan 13 ta mahalla hududida bog‘ yaratish ishlari amalga oshiriladi.
Ushbu loyihaga ko‘ra, viloyatimizdagi Bunyodkor, Zilol, Alisher Navoiy, Toqchilik, Mulkush, G‘alaba, Uzun, Mustaqillik, Nurobod, Xonbandi, Sovot, Yangi bo‘ston mahallalarida yangi bog‘lar barpo etiladi. Ana shu loyihalarni amalga oshirish uchun 2 milliard 900 million so‘m mablag‘ ajratiladi. Kuzgi amalga oshirgan ana shu savobli ishlarimiz samarasi 2 - 3 yil o‘tib bo‘y ko‘rsatishiga ishonchim komil.
Bulardan tashqari, viloyatimiz mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida ham jami 201 ta “Mahalla bog‘i” tashkil etiladi. Jumladan, joriy yil kuz mavsumida hududimizda 108 ta “Mahalla bog‘i” barpo qilishni ham rejamizga kiritganmiz.
Viloyatning barcha hududlari bo‘yicha 81,3 gektar yer maydoni ajratilib, bu yerlarda 16 ta “Yashil jamoat parki” barpo etilishi belgilangan. Bu xayrli ishlar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan. Bugungi kunga qadar ana shu ajratilgan maydonning 34,6 gektariga erta bahorda 15 ming 800 tup ko‘chat ekilgan va bu ishlarimizni joriy yilning kuzgi ekish mavsumida to‘liq yakuniga yetkazamiz.
Jizzax shahri, Sharof Rashidov, Zarbdor va G‘allaorol tumanlari hududida jami 10,2 kilometr masofada hamda atrof muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan sanoat zonalari hamda ishlab chiqarish korxonalari hududida 119 ming 800 tup daraxt ko‘chati ekilib, “Yashil belbog‘”lar barpo etildi. Bu xayrli ishlarni kuz mavsumida ham davom ettirishni nazarda tutganmiz.
Viloyatimizda kuzgi ekish mavsumi uchun salkam 4 million dona daraxt ko‘chati zaxirasi yaratildi, ekish tadbirini amalga oshirish uchun yer maydonlarini tayyorlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Kuzgi ko‘chat ekish ishlari tog‘li, tog‘ oldi, markaziy va cho‘l hududlaridagi iqlim tafovutidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Erkin XOLMATOV,
Jizzax viloyati Ekologiya, atrof muhitni
muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi
boshqarmasi boshlig‘i.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!