Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Paxta dalalari uchun organik dehqonchilikka asoslangan yangi texnologiya ishlab chiqilmoqda
08 октябрь 2024 г 51 Комментарии: 0
Qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan ishlar samaradorligini o‘rganish, joriy yilgi paxta hosili borasidagi natijalarni ko‘zdan kechirish maqsadida Jizzax viloyatiga tashrif buyurgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning tashrifga oid navbatdagi manzili Zarbdor tumanidagi "Sharq paxta" fermer xo‘jaligiga qarashli paxta dalalari bo‘ldi.
Umumiy 42 gektar maydonni o‘z ichiga olgan ushbu hududning 6 gektariga paxtaning Xitoy navlari 90 sxemada, gektariga 100 mingta ko‘chat qilib ekilgan. Vazir ushbu holatni ko‘zdan kechirarkan, kelgusida ekin mavsumida 76 sxemadan foydalangan holda, gektarida 240 ming ko‘chat ekish borasida o‘zining fikrlarini bildirdi.
Aytish mumkin, bugungi kunda qishloq xo‘jaligida yangicha yondashuv va innovatsion tajribalar keng qo‘llanilmoqda. Xususan, yurtimiz dalalarida ham zamonaviy, standartlashgan agrotexnik loyihalarni tatbiq etish ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Ayni vaqtda Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan "VIII Butunjahon paxta tadqiqot konferensiyasi"da ham bir qator olimlar tomonidan yo‘nalishga oid yangi ilg‘or loyihalar taklif etilmoqda.
Masalan, "Karbon kredit" ya’ni, organik dehqonchilikka asoslangan paxta yetishtirish texnologiyasi. Ushbu loyihaning afzalligi shundaki, g‘o‘zapoyalarni ma’lum amaliyot asosida tuproq ostida kuydirish va undan hosil bo‘lgan mayda ko‘mirlarni dala maydonlariga sepgan holda yer unumdorligi, tuproq sifati va ekin hosildorligini oshirish imkoniga ega bo‘lish mumkin.
Vazir, ushbu texnologiya borasidagi taklif va tashabbuslarini fermer xo‘jaligi mas’ullariga bildirar ekan, organik paxta yetishtirish orqali ko‘plab natijadorliklarga erishish mumkinligini qayd etdi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, organik dehqonchilikni keng yo‘lga qo‘yish orqali havoni zararli moddalardan himoya qilish, shuningdek, atmosferani toza saqlashga erishish mumkin. Shu bilan birga, ekin uchun lozim bo‘lgan tuproq sifati ham ortadi.
Shu o‘rinda, vazir kelgusi ekin davrida xorij navlarini plyonka ostiga olgan holda, tomchilatib sug‘orish yordamida yetishtirish, bunda to‘g‘ri va samarali yondashuvlarni ishlab chiqish, hosil sifatini oshirishga qaratilgan agrotexnik tadbirlarni tizimli tashkil etish va tomchilatib sug‘orishda boshqa fermer xo’jaliklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo’yish orqali, unumdorlikka erishish borasidagi o‘zining ko‘rsatmalarini bildirdi.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!