» » “SUGʻDIYONA WOMEN” – OʻZBEKISTON ChEMPIONI

“SUGʻDIYONA WOMEN” – OʻZBEKISTON ChEMPIONI

19 ноябрь 2024 г 21 Комментарии: 0

Futbol boʻyicha 17 yoshli qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionati yakunlandi.

Chempionatda 17 yoshgacha boʻlgan qizlardan tashkil topgan sakkiz jamoa toʻrttadan ikki guruhga boʻlinib, gʻoliblik uchun kurash olib bordi. “B” guruhida Jizzaxning “Soʻgʻdiyona-W” jamoasi “Buxoro-W” jamoasini 5:1, “Sevinch- W” jamoasini 2:0, “Aral-W” jamoasini 4:0 hisobida magʻlubiyatga uchratib, 9 ochko toʻplagan holda birinchi oʻrinni egalladi. Yarim finalda “Soʻgʻdiyona-W” jamoasi “A” guruhida ikkinchi oʻrinni egallagan Toshkentning “Bunyodkor-W” jamoasini 4:2 hisobida yengib, finalga yoʻllanma oldi.

Yarim final oʻyinlarida “A” gruhida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan Olmaliqning OKMK-Women jamoasi qizlari “B” guruhida ikkinchi pogʻonani band etgan Qashqadaryo viloyatining “Sevinch-Women” klubi qizlarini penaltilar seriyasiga koʻra 3:1 hisobida yengib, finalga chiqdi.

OKMK-Women hamda “Soʻgʻdiyona-Women” oʻrtasidagi final bahsining 32-daqiqasida jizzaxlik Dilnura Mamatqulova tomonidan kiritilgan yagona gol uchrashuv taqdirini hal qildi. Shu tariqa Orasta Tojiboyeva boshchiligidagi U-17 “Soʻgʻdiyona-W” jamoasi Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritdi.

Uchinchi oʻrin uchun kechgan bahsda esa Qarshining “Sevinch-W” klubi Toshkentning “Bunyodkor-W” qizlarini penaltilar seriyasida 5:4 hisobida magʻlub etdi.

U-17 Oʻzbekiston chempionati yopilish marosimida Jizzaxning “Soʻgʻdiyona-W” klubi qizlariga chempionat kubogi hamda oltin medal tantanali ravishda topshirildi. “Soʻgʻdiyona-W” jamoasi bosh murabbiyi Orasta Tojiboyeva chempionatning “Eng yaxshi murabbiyi”, Dilnura Mamatqulova esa “Eng yaxshi oʻyinchi” nominatsiyalari boʻyicha gʻolib boʻlishdi.

—Jamoamizning gʻalabasiga Umida Matqurbonova, Mehrangiz Xamidova,Xumora Urozboyeva, Sojida Hayitboyeva, Dilnura Mamatqulova, Durdona Akromova, Ruxshona Usarova, Ramina Yusupova, Marjona Xujanova, Charos Yoʻldosheva, Laziza Jumaboyeva, Manzura Ravshanova, Zilola Omonboyeva, Maftuna Dostonova, Visola Mallayeva, Rayxona Ortiqova, Mohinur Abduxafizova, Zebiniso Raxmatillayeva, Sojida Ulugʻbekova singari futbolchi qizlar katta hissa qoʻshdilar,—deydi jamoa bosh murabbiyi Orasta Tojiboyeva.—Chempionatga futbolchilarni tayyorlashda menga murabbiy Nodira Turonova yaqindan yordam berdi. Har bir uchrashuvga puxta hozirlik koʻrdik. Yarim final va final bahslari juda ogʻir kechdi. Eng muhimi men yoshlarni gʻalaba sari ruhlantira oldim. Futbolchilarimizning irodasi va mahorati yana bir bor sinovdan oʻtdi. Bizni qoʻllab-quvvatlagan barcha viloyatimiz rahbarlariga jamoamiz nomidan minnatdorlik bildiraman.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!