» » Jizzaxda dam olish kunlari 302 ta mahallada hashar uyushtirildi

Jizzaxda dam olish kunlari 302 ta mahallada hashar uyushtirildi

18 март 2024 г 198 Комментарии: 0

Jizzax viloyatida Navroʻz bayrami munosabati bilan “Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki” shiori ostida obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari yuksak saviyada oʻtkazildi.

Jizzax viloyatida 302 ta qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinidagi 15 ta ziyoratgoh va xiyobon, 300 ta qabriston, aholi turar joylari atrofi, maishiy va madaniy obyektlar va barcha hududlarda koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlari olib borilishi belgilangan.

– Viloyatimizning barcha tuman va shaharlari hududiga 2 million 373 ming tup manzarali va mevali koʻchatlar ekilishi rejalashtirilgan, – deydi Jizzax viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boshligʻi Erkin Xolmatov. – Buning uchun esa koʻchat zaxiralarini ham tayyor holga keltirib qoʻyganmiz. Viloyatimizdagi akademik M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik va uzumchilik ilmiy-tekshirish instituti tomonidan 109 ming tup, Oʻrmon xoʻjaliklari agentligi tomonidan 964 ming tup, boshqa koʻchat yetishtiruvchi subyektlar tomonidan esa 1 million 300 ming tup koʻchat zaxirasi tayyorlangan.

Tuman yoʻllardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi, tuman obodonlashtirish boshqarmasi, maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi jamoalari hamda tumandagi mahalla fuqarolar yigʻinlari yoshlar yetakchilari hamda Zomin shaharchasi aholisi xayriya hasharida faol ishtirok etmoqda. Hasharchilar koʻchat ekish, daraxtlarga shakl berish, yoʻl yoqalari va ijtimoiy obyektlar atrofini tozalash ishlarini uyushqoqlik bilan olib bordilar. “Mahallamga 10 tup daraxt – mening tuhfam” tashabbusi doirasida mahallalardagi boʻsh turgan yerlarga, koʻcha boʻylari, ariqlar atrofi va aholi xonadonlariga mevali, manzarali koʻchatlar oʻtqazildi.

Shuningdek, Yangiobod tumani fuqarolari ham umumxalq hasharida faol boʻlmoqda. Tumanda bahorgi ekish mavsumida jami 200 ming tupga yaqin manzarali va mevali koʻchatlar ekilishi rejalashtirilgan. Umumxalq hashari kuni tumandagi fermer xoʻjaliklari, aholi va mehnat jamoalari bir boʻlib, koʻchat ekish ishlariga kirishdi.

Jizzax viloyatining barcha hududlarida uyushqoqlik bilan davom etayotgan umumxalq xayriya hasharining birinchi kunida 152 ming 300 dan ortiq aholi safarbar etildi. Shuningdek, hashar ishlari uchun 197 ta maxsus texnika ajaritildi, 681,8 tonna chiqindi poligonlarga chiqarildi. Jami 41 ming 700 tup mevali, 29 ming 100 tup manzarali, 22 ming 900 tup gul koʻchatlar ekilib, 65 ming daraxtga shakl berildi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!