» » Jizzax shahridagi ijod maktabida “Ochiq eshiklar” kuni oʻtkazildi (Foto)

Jizzax shahridagi ijod maktabida “Ochiq eshiklar” kuni oʻtkazildi (Foto)

20 май 2024 г 150 Комментарии: 0

 Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida “Ochiq eshiklar” kuni oʻtkazildi.

Ijod maktabining 7-sinfiga qabul jarayonlariga bagʻishlangan mazkur tadbirda 6-sinf bitiruvchilari va ularning ota-onalari, mahalla faollari, taʼlim muassasalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan iborat keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. “Ochiq eshiklar” kuniga tashrif buyurganlar quyidagi maʼlumotlarga batafsil ega boʻlishdi:

➖ Ijod maktabi haqida maʼlumotlar;

➖ Ijod maktabidagi ixtisoslik fanlar;

➖ Ijod maktabida oʻquvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar;

➖ Ijod maktabining oʻquvchisiga qoʻyilgan talablar;

➖ Ijod maktabiga qabul va saralash bosqichlari.


Shuningdek, qabul jarayonlariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etib, mavzu yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Ijod maktabidagi fan va ijodiy toʻgaraklar faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi 2017-yil tashkil topgan. Ijod maktabining maqsadi – badiiy adabiyot va boshqa ijod sohalariga qiziqadigan iqtidorlilarni saralash, ulardagi isteʼdodni yanada rivojlantirish uchun tegishli shart-sharoit yaratishdan iborat.
Taʼlim muassasasida jami 26 nafar pedagog faoliyat yuritib, shundan 15 nafari oliy toifali oʻqituvchilardir. Darsdan tashqari toʻgaraklar esa 10 ta boʻlib, ulardan sport yoʻnalishida 2 ta, ijtimoiy-madaniy toʻgaraklar 8 tani tashkil etadi.

Taʼlim muassasasida 10 ta sinf boʻlib, jami oʻquvchilar soni 188 nafardan iborat.

Ijod maktabidagi ixtisoslik fanlar, umumtaʼlim maktablardagi fanlardan qanday farqlanadi

Ijod maktabida, asosan, ona tili va adabiyot, ingliz tili, tarix fanlari chuqurlashtirib oʻqitiladi. Ona tili va adabiyot fanlari umumtaʼlim maktablariga nisbatan dars soatlari jihatidan ham, mavzu doirasi jihatidan ham farq qiladi. Ijod maktablarida ushbu fanlardan umumtaʼlim maktablari darsligi bilan birga aynan ijod maktablari uchun yaratilgan darsliklardan foydalaniladi. “Nutq madaniyati” va “Matnshunoslik” kabi fanlar ham aynan ijod maktablarida dasturlariga kiritilgan.

Ijod maktabiga qabul va saralash bosqichlari

Ijod maktabida oʻqish istagini bildirgan talabgorlar hujjat topshirganlaridan soʻng uch turdagi saralash bosqichlaridan oʻtadilar. Birinchi tur yozma shaklda boʻlib oʻquvchilar maʼlum bir mavzu yuzasidan (surat yoki rolik boʻlishi mumkin) ijodiy matn yaratadilar. Ikkinchi turda maktab adabiyot darsligi doirasida savol-javob boʻlib oʻtadi. Bunda har bir oʻquvchi oʻziga tushgan bilet asosida javob berishi lozim. Eng soʻnggi bosqich - test. Bunda talabgorlar ona tili, adabiyot, ingliz tili fanlaridan hamda mantiqiy fikrlash yuzasidan tuzilgan test topshiriqlarini bajaradilar. Barcha bosqich natijalariga koʻra eng yuqori ball toʻplagan oʻquvchilar ajratilgan kvotadan kelib chiqqan holda ballar ketma-ketligida maktabga qabul qilinadi.

Ijod maktabi direktori Dilafroʻz Xamdamova “Shuhrat” medali, ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Erkin Ochilov “Sodiq xizmatlari uchun” medali, Hilola Mamarasulova “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda 6 nafar xodim “Oʻzbekiston mustaqilligiga 30 yil” toʻlishi munosabati bilan esdalik nishoni sohibidir.

Ijod maktabida maʼnaviy-marifiy sohada erishilgan yutuqlar talaygina. Jumladan, shu kunga qadar 9 nafar oʻquvchilarning ilk sheʼriy toʻplamlari chop etildi.

Shuningdek, maktabning “Ikki qalb izdoshlari”, “Bunda bulbul kitob oʻqiydi”, “Umid gʻunchalari” deb nomlangan sheʼriy toʻplamlari keng ommaga taqdim etildi. Oʻquvchi yoshlarning 20 nafari xalqaro, 80 nafari respublika, 50 nafari tuman va shahar miqyosidagi matbuot nashrlarida oʻz ijodiy ishlarini nashr ettirgan. Jizzax viloyatida iqtidorli yoshlar uchun “Oltin fond” daftari joriy qilingan. “Jizzax iftixori 2021” tanlovi “Oltin fond”iga Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktabining 5 nafar iqtidorli oʻquvchilari kiritilgan. Shu kunga qadar Respublika ijodiy tanlovlarida 50 nafarga yaqin oʻquvchilar gʻolib deb topilgan.

Ijod maktabining 3 yillik bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasasiga kirish koʻrsatgichi 100%ni tashkil etadi.

Ayni paytda esa milliy hamda xalqaro sertifikatga ega oʻqituvchilar soni 17 nafarni tashkil etsa, tarbiyachi xodimlarning 5 nafari milliy hamda xalqaro sertifikatni qoʻlga kiritdi. Jami 125 nafar oʻquvchi yoshlar milliy va xalqaro sertifikatlarga ega hisoblanadi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!