» » Zominsoy jahon sanʼati ustalarini chorlamoqda

Zominsoy jahon sanʼati ustalarini chorlamoqda

27 май 2024 г 187 Комментарии: 0

Jizzaxda II xalqaro maqom sanʼati anjumani oldidan markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogrerlar uchun matbuot anjumani oʻtkazildi. Viloyat madaniyat boshqarmasi boshligʻi Azamat Darxanov ishtirokchilarga II Xalqaro maqom sanʼati anjumani haqida batafsil axborot berdi.
Respublika Madaniyat vazirligi, Turizm qoʻmitasi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida joriy yilning 27-30-iyun kunlari tashkil etilayotgan ushbu xalqaro anjuman Zomin tumanidagi “Zominsoy” hududida yangidan barpo etilgan amfiteatrda oʻtkaziladi.

Ushbu festivalga 2017-yili davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan boʻlib, anjuman ilk bor 2018-yilda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida oʻtkazilgan edi. Bu yil II xalqaro maqom sanʼati anjumani tamomila yangi shukuh va yangicha uslubda, yuksak badiiy saviyada oʻtkazilishi kutilmoqda.

Shu maqsadda soʻlim togʻlar qoʻynidagi “Zominsoy” hududida zamonaviy turistik maskan barpo etildi. Bu yerda toʻrt qavatli muhtasham mehmonxona, yirik sahna, amfiteatr, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha viloyatlarining qoʻrgʻon- joylari qurildi.

– Bugungacha 70 dan ortiq davlatdan ushbu anjumanda ishtirok etish istagi bildirildi, – deydi Jizzax viloyat madaniyat boshqarmasi boshligʻi Azamat Darxanov. – Anjumanga mingdan ziyod maqom sanʼati ustasi, sayyoh kelishi kutilmoqda. Tadbir doirasida tantanali ochilish va yopilish marosimlari, halqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, respublika koʻrik-tanlovlari, musiqiy yarmarkalar, xorijiy maqom ustalarining mahorat darslari ham tashkil etiladi.

Shuningdek, viloyatdagi 5 ta– Zarbdor, Zomin, Yangiobod, Sharof Rashidov tumanlari va Jizzax shahrida xorijlik va mahalliy ishtirokchilar tomonidan konsert dasturlari uyushtiriladi.

Xorijiy va mahalliy ishtirokchilar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Maqomchilar alleyasi”ni barpo etish maqsadida faslga va hududga mos mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekish marosimi oʻtkaziladi.

Shuningdek, yosh maqomchilar chellenji, aholining keng qatlamini qamrab olish maqsadida anjuman tantanali ochilish marosimining toʻgʻridan-toʻgʻri namoyishi va konsert dasturlari uchun qoʻshimcha maydonlar, hududlardan taklif etilgan jamoalar uchun belgilangan maydonlarda turli koʻrgazmalar va milliy taomlar yarmarkalari, Jizzax viloyatining milliy qadriyatlari va anʼanalarini targʻib etuvchi hunarmandlar mahallalari tashkil etiladi.

Anjuman ishtirokchilari va mehmonlar qorli togʻlar bagʻrida barpo etilgan “Zomin dor yoʻli”, Markaziy Osiyoda uzunligi va balandligi boʻyicha yagona hisoblangan “Baxt osma koʻprigi”, yuraklarni junbushga keltiradigan ekstrimal oʻyin moslamasi va boshqa joylar bilan yaqindan tanishtiriladi. Xorijlik va mahalliy mehmonlar Zomin togʻlarining toza, musaffo havosi, boy tabiat manzaralari, shifobaxsh giyohlari, zilol suvlaridan bahramand boʻlishi ham koʻzda tutilgan.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!