Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Kiberjinoyatlarga qarshi kurash oyligi yakunlandi
01 август 2024 г 135 Комментарии: 0
Jizzaxda bir oy davomida aholi kiberjinoyatlardan qanday himoyalanishi yuzasidan oʻtgan oylik bugun nihoyasiga yetdi.
Viloyatimizda joriy yil iyun va iyul oylarida kiberjinoyatchilikni oldini olish va fuqarolarni kibertahdidlardan ogoh qilishga yoʻnaltirilgan “Cyber month” oyligi oʻtkazildi va barcha sohalarni, aholining faol qismini qamrab oldi.
Oylik doirasida oʻtkazilgan tadbir va anjumanlarda korxona va tashkilotlar ishchi xizmatchilari, maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalari xodimlari, mahalla fuqarolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, yoshlar va blogerlar faol ishtirok etishdi.
Har bir ishda targʻibot muhim oʻrin tutadi. Shu oʻrinda 11 ta yoʻnalishda oʻtkazilgan tadbir, videoroliklar tanlovi aholining tushunchalarini orttirishda, ogoh boʻlishda katta ahamiyat kasb etdi.
Bugun Jizzax shahridagi kibersport arenasida ushbu oylik yakunlanishi munosabati bilan hamda oylikda faol qatnashgan targʻibotchilarni ragʻbatlantirish maqsadida oylikning yopilish tadbiri tashkil etildi.
Jizzax viloyati hokimligi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda soʻz olganlar soʻnggi yillarda viloyatda fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini taʼkidladilar.
- Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmonining 4-ilovasi 30-bandi ijrosi yuzasidan viloyatda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tadbirlarini oʻtkazish belgilanganligi ushbu yoʻnalishdagi ishlarning tartibga solinishida muhim ahamiyat kasb etmoqda, - deydi viloyat hokimining oʻrinbosari A.Savurboyev.
Eslatib oʻtamiz, ikki yildan buyon viloyatimizda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tadbirlari yuqori saviyada oʻtkazib kelinmoqda.
Joriy yilda ham “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tadbirlari Jizzax namunasi asosida butun respublikamiz miqyosida oʻtkazildi.
Shundan soʻng, 11 ta yoʻnalishda oʻtkazilgan tadbir, videoroliklar tanlovi aholining tushunchalarini orttirishda, ogoh boʻlishda katta ahamiyat kasb etganligi eʼtirof etilib, tanlovda faol ishtirok etganlar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 1-iyul holatiga Jizzax viloyat huquqni muxofaza qilish organlariga bank kartalari bilan bogʻliq 548 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, oʻtgan yilga nisbatan 207 taga (341 / 548) koʻpaygan.
Sodir etilgan holatlar oqibatida fuqarolarga jami 2 mlrd. 199 mln. soʻm moddiy zarar yetkazilgan. Shundan hozirga qadar, 1 mlrd. 18 mln. soʻmi undirilgan boʻlsa, 1 mlrd. 181 mln. soʻmi undirilmasdan qolmoqda.
Murojaatlar tahlil qilinganda murojaatchilarning 28 foizi oʻqituvchilar, 21 foizi talabalar, 11 foizi sogʻliqni saqlash xodimlari, hamda 40 foizi boshqa (pensionerlar, bola puli va aliment oluvchilar va boshqalar) soha vakillarini tashkil etgan.
Bu yilgi “Cyber month” oyligi doirasida oʻtkazilgan targʻibot tadbirlari natijasida mazkur yoʻnalishda murojaatlar soni joriy yilning yanvar – may oylariga nisbatan iyul oyiga kelib, 70 foizga kamayishiga erishilgan.
Xususan, may oyida 181 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, iyul oyida murojaatlar soni 40 tani tashkil etdi.
Firibgarlik bilan bogʻliq, yaʼni fuqarolar kiber firibgarlarning aldoviga uchib, soxta bank kartalariga pul oʻtkazib berish bilan bogʻliq murojaatlar iyul oyida qayd etilmagan.
Lekin, fuqarolarning oʻzini xabardor qilmasdan oʻgʻrilik yoʻli bilan, telegram messenjeri orqali tarqalayotgan virus va soxta qoʻngʻiroq bilan bogʻliq murojaatlar soni kamayishiga erishilganiga qaramasdan, bugungi kunda ham bu bilan bogʻliq murojaatlar mavjud.
Bu oʻz navbatida shuni koʻrsatadiki, soha mutaxassislari bilan birgalikda joylarda targʻibot tadbirlarini kuchaytirish, aholini keng jalb qilgan holda sodda va tushunarli tarzda uchrashuvlar oʻtkazish zarurligini anglatadi.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!