Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » Shu kunlarga yetkazganiga shukur
08 август 2024 г 87 Комментарии: 0
Bugun yetti nafar farzandimni qanday qiyinchiliklar bilan voyaga yetkazganimni oʻylab, dorilamon kunlarga shukrona aytaman.
Mahallaga moddiy yordam soʻrab chiqqanimda, qaytarib yuborishgan. Ijarada yashardik. Ijara pulini vaqtida toʻlolmaganim uchun uydan chiqarib yubordi. Chorasizlikdan yoʻl chetida kapa tikib yashadik. Keyinroq tumandagi bir umumiy yotoqxonaga joylashdik. Bu yotoqxonadan ham chiqarib yuborgach, yana sarson-sargardon boʻldik.
Oʻsha paytda “tuman obodonlashtirish boʻlimiga qarashli ozroq tashlandiq yer bor, shundan foydalanasizmi”, degan taklif boʻldi. Bu taklifni “jon”, deb qabul qildim. Kichkina issiqxona qurib, gul koʻchatlari yetishtirdim.
Tuman hokimi sharoitim bilan tanishib, shu qizga kafil boʻlaman, oʻn million soʻm mablagʻ ajratib beringlar, toʻlay olmasa, oʻrniga oʻzim toʻlayman, dedi. Tuman xotin-qizlar boʻlimi rahbari ehtiyojmand, kam taʼminlangan ayollar uchun alohida uy qurilayotgani, menga ham ikki xonali uy ajratilishini aytganda ishonmagandim. Endi oʻz uyim bor. Oʻsha 30 sotix yerni bogʻ qildim. Ikkita issiqxona qurdim. Bugun bogʻimda mevalarning eng sarxillarini yetishtiryapman. Ikki, uch xil shaftoli, oʻrikning 7-8 xil, olmaning 15, uzumning 5 xil turi bor. Farzandlarim nufuzli universitetlarda oʻqiyapti. Mehnatimiz ortidan ikkita mashina oldik. Oldin oʻzim mahalladan moddiy yordam soʻragan boʻlsam, shukrki, endi ehtiyojmand oilalarga homiylik qilyapman. Oʻttiz beshta ish oʻrni yaratdim.
Oʻtgan yili “Yil ayoli” tanlovining respublika bosqichida qatnashib, “Yilning eng jonkuyar ayoli” nomiga munosib koʻrildim. Bularning barchasi mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasi, deb bilaman. Maqsadim – xalq farovonligi, dasturxonimiz toʻkinligi uchun hissa qoʻshish, koʻplab ish oʻrinlari yaratishdan iborat.
Komila Joʻrayeva,
Jizzax viloyati, Zarbdor tumanidagi
“Zirapcha” MCHJ rahbari.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!