» » Jizzax muhim siyosiy tadbirga tayyormi?

Jizzax muhim siyosiy tadbirga tayyormi?

15 октябрь 2024 г 57 Комментарии: 0

Shu kunlarda Jizzax ahli “Mening tanlovim – obod Vatanim!” shiori ostida mamlakatimiz hamjamiyatidagi muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar saylovlariga asosiy diqqat e’tiborini qaratgan.

O‘z navbatida viloyat hududiy komissiyasi va joylardagi 553 ta uchastka saylov komissiya a’zolari ushbu jarayonga puxta hozirlik bilan har tomonlama tayyor holda yetib kelganini alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.  

Darhaqiqat, bugun har to‘rtta davradoshlar suhbatining uchtasida joriy yilning 27 oktyabrida o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovlari haqida munozaralar borayotganiga guvoh bo‘lasiz. Bunga yetarlicha asoslar bor, albatta.

Birinchidan, saylov qonunchiligiga ko‘plab o‘zgartirishlar kiritilganligi sabab bo‘lsa, ikkinchidan, joriy yildagi saylovlar avval tajribada qo‘llanilmagan aralash saylov tizimi asosida o‘tayotganligidir.  

Ko‘pchilikning mojaritar saylov tizimi bilan proporsional saylov tizimidagi farqlar haqida yetarli darajada tushunchaga  ega emasligi bu borada oldimizda hali qiladigan ishlarimiz bisyor ekanligidan darak berib turibdi.

Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlardan uchastka saylov komissiyalari a’zolarining aksariyati to‘la xabardor emasligini hisobga olib, joylarda uchastka saylov komissiyasi raislari, o‘rinbosarlari va kotiblari uchun o‘quv- seminarlar tashkil etildi. O‘quvlar 12 bosqichda olib borilib, ushbu seminarlarda malakali moderatorlar saylov qonunchiligi asoslari, okrug va uchastka saylov komissiyalari, ularning vazifalari, vakolati, huquq va burchlari, komissiya joylashtirilgan xonalarni mezonlar asosida jihozlash, ovoz berish xonalarini tashkil etish, aholi o‘rtasida ovoz berish tartibi haqida tushuntirish ishlari olib borish va boshqa masalalarda bilim ko‘nikmalarini berishdi. O‘quv- seminarlar yakunida viloyatimizdagi 553 ta uchastka saylov komissiyasining rahbariyati tarkibi maxsus tayyorlangan test savollari asosida sinovdan o‘tkazildi.

Endilikda bu bilimlardan xalqimiz, birinchi galda ovoz beruvchilar ham bahramand bo‘lishi lozimligi hisobga olinib, qator uchrashuv, davra suhbatlari va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Mojaritar saylov tizimi haqida fuqarolarimizning ko‘pchiligi yaxshi biladi, chunki shu davrgacha o‘tgan barcha saylovlar shu tizimga asoslangan edi. Majoritar saylov tizimi davlat hokimiyati va mahalliy hokimiyat vakillik organlarini (parlament, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqalar), shuningdek, davlat rahbarini saylash uchun o‘tkaziladigan saylov tizimi bo‘lib, unda, asosan, bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi.  

Bizda o‘tgan saylovlarda mojaritar tizim qo‘llab kelingan. Mamlakatimizda o‘tgan saylovlar amaliyotidan ma’lumki, besh nafar nomzod ishtirok etgan bir mandatli saylov okruglarida birinchi turdayoq ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ko‘pchiligi ovozini olish oson bo‘lmagan. Shuning uchun saylovlarda ikkinchi turlar o‘tkazib kelingan. Bu, albatta, vakillik organlarini to‘liq shakllantirishda qo‘shimcha vaqt talab qilardi. Takroriy ovoz berishni tashkil etish hamda o‘tkazish uchun qo‘shimcha resurs va mablag‘ sarflangan.

Proporsianal saylov tizimida majoritar saylov tizimidan farqli o‘laroq, saylovchi bevosita deputatlikka nomzod shaxsga emas, balki saylovda ishtirok etayotgan, deputatlikka nomzodlar ro‘yxatini taqdim etgan siyosiy partiyaga ovoz beradi. Saylov kodeksiga muvofiq, Qonunchilik palatasidagi 150 ta deputatlik o‘rnidan 75 tasi proporsional saylov tizimi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib holda taqsimlanadi. Har bir partiya ro‘yxatida 75 nafardan 100 nafargacha deputatlikka nomzod mavjud.

Saylov yakuniy natijalariga ko‘ra, biror siyosiy partiya 50 foiz saylovchilar ovozini olgan taqdirda ham u tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatdagi deputatlikka nomzodlarning ko‘pi bilan 38 nafari deputat etib saylanadi, partiya ro‘yxatida qolgan 37 nafardan 62 nafargacha nomzod zaxirada turadi. Proporsional saylov tizimi bo‘yicha qaysi partiyadan saylangan deputatning vakolati muddatidan ilgari tugatilsa, uning o‘rni ushbu partiyaning partiya ro‘yxatida zaxirada bo‘lgan deputatlikka nomzodlarning navbatdagisi hisobiga to‘ldiriladi.

Saylovning mamlakat hayotidagi alohida o‘rni bor. Shuning uchun saylov jarayonlariga yurtdoshlarimizni keng jalb etish maqsadida 27 oktyabrdagi saylov “Mening tanlovim – obod Vatanim!” shiori ostida o‘tadi.

Saylov qonunchiligi ilg‘or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilandi.

Saylov yangilangan Konstitutsiya mustahkamlagan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan bir sharoitda o‘tmoqda. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 12 tadan 18 taga ko‘paytirildi. Parlamentning ijro etuvchi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi.  

Davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida avval hokimlar vakolatida bo‘lgan 33 ta vakolat mahalliy Kengashlarga o‘tkazildi. Bu esa partiyalar va nomzodlar o‘rtasida faol raqobat muhitini shakllanishiga xizmat qiladi.

Saylov qonunchiligida Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga 65 kun qolganida boshlanib, 45 kun qolganida tugashi belgilab qo‘yilgan. Endilikda Qonunchilik palatasiga ayollarning salmog‘i bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, shuningdek, partiya ro‘yxati asosida siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har 5 nafar nomzodning 2 nafari ayol kishi bo‘lishi lozim.  

Ayollarning salmog‘i siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar umumiy sonining kamida 40 foizini tashkil etishi shart.

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda milliy saylov tizimiga “E-Saylov” axborot tizimining joriy etilgani bu yilgi saylovlardagi muhim yangiliklardan yana biridir. Bu axborot tizimi orqali mamlakatimizda saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan deyarli 60 turdagi munosabatlari to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi. Mazkur tizimda 400 mingga yaqin saylov jarayoni ishtirokchilari, jumladan, saylov komissiyalari a’zolari, deputatlikka nomzodlar, kuzatuvchilarga oid katta ma’lumotlar bazasi shakllanadi.  

Axborot tizimidan 32 ming nafar saylov jarayoni ishtirokchilari professional tarzda foydalanishadi. Foydalanuvchilar bilan 40 turdagi SMS-xabarnomalar orqali muloqot o‘rnatiladi. “E-Saylov” axborot tizimida fuqarolar uchun ham saylovga oid axborotlarni olishda bir qator qulayliklar joriy etilgan. Xususan, axborot tizimi saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik ma’lumotlarni olish, barcha turdagi saylovlar bo‘yicha deputatlikka nomzodlar haqida axborotga ega bo‘lish, interaktiv xaritalarda deputatlikka nomzodlar va ularning tarjimai holi bilan tanishish imkonini beradi.

Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish tugagan kunning ertasidan, ya’ni 22 sentyabrdan e’tiboran boshlanib, saylovlarga bir kun qolganida to‘xtatiladi.

Viloyat hududiy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovini o‘tkazuvchi 543 ta uchastkaga 5513 nafar uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 5 iyundagi 1337-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari bo‘yicha viloyat hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun “E-Saylov” axborot tizimi orqali tavsiya etilgan edi.

Shuningdek, mazkur Nizomning 17-bandiga muvofiq, 10 ta harbiy qism, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarining rahbarlari tomonidan 70 nafar uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar mazkur muassasa xodimlari orasidan hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etildi. Nomzodlar hududiy saylov komissiyasi tomonidan chuqur o‘rganilib, xato va kamchiliklar bartaraf etildi. Komissiya viloyat hududida uchastka saylov komissiyalari tarkibini tasdiqlash haqida qaror qabul qilingan.

Bugun saylovoldi ishlari o‘zining aynan qizg‘in pallasiga kirdi. Mamlakatimiz va jamiyatimiz kelajagini belgilovchi bu siyosiy jarayonda har bir yurtdoshimiz o‘z faolligini namoyon etib, 27 oktyabrda o‘zi ma’qul deb bilgan nomzodga va partiyaga ovoz beradi, deb o‘ylayman. Zero, jizzaxliklar doim o‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan bir deb bilishgan.  

Shavkat Sharipov,

Jizzax viloyati hududiy

 saylov komissiyasi raisi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!