Жиззах вилояти ҳокимлиги » Yangiliklar » 21-oktyabr— Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun!
21 октябрь 2024 г 41 Комментарии: 0
Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram boʻlsa, uning oʻzligi va maʼnaviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va moʻtabardir.
Qadim turkiy tilimizni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Koshgʻariyning: “Erdam boshi tildur”, yaʼni “Barcha ezguliklar tildan boshlanur”, degan soʻzlarida teran haqiqat mujassam. Darhaqiqat, odamzot qalbidagi jamiki olijanob fazilatlar ona tilining betakror moʻjizasi, sehri va jozibasi bilan kamolga yetadi.
Xalqimiz tafakkurining tiniq koʻzgusi boʻlgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir.
Ulugʻ mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning: “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor”, degan dono oʻgitlariga amal qilgan holda, yurtimizda til masalasida olib borilayotgan davlat siyosati inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan tub islohotlarimizga har tomonlama uygʻun va hamohangdir.
Aslida 1989-yildan boshlab 21-oktabrni oʻziga xos ravishda til bayrami sifatida nishonlab kelganmiz, ammo 2020-yildan eʼtiboran 21-oktabr rasman Oʻzbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Wikipedia maʼlumotlarida ham ona tilimiz 1989-yil 21-oktabr kuni 178 mamlakatning rasmiy tillari qatoriga qoʻshilgani qayd etilgan. Bugun ana shu saʼy harakatlar natijasida dunyoda 60 millionga yaqin (baʼzi manbalarda 50 million) odam oʻzbek tilida soʻzlashmoqda.
Davlat tiliga eʼtibor koʻrsatishda muhtaram Prezidentimiz alohida oʻrnak koʻrsatdi. Yaʼni, 2020-yil BMT Bosh Assambleyasining onlayn tarzda oʻtkazilgan 75-sessiyasida, 2023-yil boʻlib oʻtgan 78-sessiyasida hamda qator xalqaro darajadagi uchrashuvlarda oʻzbek tilida nutq soʻzlagani ona tilimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qildi.
Fursatdan foydalanib, milliy oʻzligimiz va gʻururimiz timsoli boʻlgan ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirishdek sharafli ishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan barcha fidoyi vatandoshlarimizga chin qalbdan minnatdorlik bildiraman.
Sizlarni Oʻzbek tili bayrami bilan samimiy qutlab, barchangizga mustahkam salomatlik, oilangizga qut-baraka, tinchlik va omonlik tilayman.
Ona tilimizning soʻnmas ziyosi ongu tafakkurimiz, qalblarimizni hamisha yoritib tursin!
Sarvinoz Roʻziyeva ,
Doʻstlik tumani hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar
samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi
qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash
masalalari boʻyicha maslahatchisi.
Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!