» » Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasi oʻtkazildi

Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasi oʻtkazildi

06 ноябрь 2024 г 39 Комментарии: 0

Joriy yilning 27-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi boʻlib oʻtgan edi. Saylovda viloyat hududida tashkil etilgan qirqta okrugda saylovchilar oʻzlari tanlagan nomzodlar uchun ovoz berdilar.

5-noyabr kuni saylovda gʻolib chiqib, deputatlikka saylangan yurtdoshlarimiz 7-chaqiriq Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining 1-sessiyasini oʻtkazish uchun toʻplanishdi. Sessiyani Jizzax viloyati Hududiy saylov Komissiyasi raisi Shavkat Sharipov ochib, saylovga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

—Saylovga tayyorgarlik koʻrish, oʻtkazish jarayonlarini nafaqat viloyatimiz ahli, partiyalarning vakolatli vakillari, balki xorijiy davlatlardan kelgan 19 nafar kuzatuvchilar ham kuzatib, oʻz fikrlarini bildirib borishdi. Jumladan, joylarda saylov komissiyalariga ish sharoitlari yaratib berish, saylov uchastkalarini jihozlash, zamonaviy aloqa va raqamli texnologiya vositalari bilan taʼminlanganligiga yuqori baho berishdi, — dedi Hududiy saylov komissiyasi raisi.

Sessiyada deputatlar xalq deputatlari viloyat Kengashi raisini saylash masalasini koʻrib chiqishdi. Viloyat Kengashi raisi lavozimiga nomzod koʻrsatish boʻyicha siyosiy partiyalar guruhi saylab olindi va siyosiy partiyalar guruhi tomonidan viloyat Kengashi raisi lavozimiga nomzodni tavsiya etish uchun alohida xonada maslahatlashuv tashkil etildi.

Partiyalar vakillari guruhi raisi, deputat Erkin Xolmatov maslahatlashuv natijasiga koʻra xalq deputatlari viloyat Kengashi raisligiga deputat Parda Shukurov nomzodi tavsiya etilayotganligini eʼlon qilib, uning hayoti va mehnat faoliyati haqida maʼlumotlar berdi.

Sessiyada barcha deputatlar Parda Shukurov nomzodi uchun yakdillik bilan ovoz berishdi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi raisligiga saylangan Parda Shukurov kengash faoliyatini Yangi Oʻzbekiston gʻoyasini amalga oshirish, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish hamda dasturlarni amalga oshirishga qaratishini bildirib, adolat, insonparvarlik tamoyillarini ustuvorligini taʼminlash yoʻlida xalol va fidoyilik bilan mehnat qilishga vaʼda berdi.

Shundan soʻng, sessiyani viloyat Kengashi raisi Parda Shukurov boshqarib bordi. Kun tartibidagi ikkinchi masala eʼlon qilinib, unda viloyat Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlarini roʻyxatga olish jarayoni boshlandi.

Jumladan, xalq deputatlari viloyat Kengashiga Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan — 20 nafar, Xalq demokratik partiyasidan — 7 nafar, “Milliy tiklanish” partiyasidan — 6 nafar, Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan — 4 nafar, Adolat sotsial-demokratik partiyasidan — 3 nafar deputatlar saylangan. Ular ishtirokida har bir partiyaning guruhlari tashkil etildi.

Shuningdek, sessiyada xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar toʻgʻrisidagi Nizomi tasdiqlandi.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Jizzax viloyati hokimi lavozimiga Ergash Alibekovich Saliyev nomzodini taqdim etish toʻgʻrisidagi taqdimnomasini oʻqib eshittirdi. Viloyat hokimi lavozimiga nomzod boʻyicha partiya guruhlari maslahatlashuvlari oʻtkazildi. Viloyat hokimligiga nomzod Ergash Saliyev hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha oʻtgan davrda amalga oshirilgan ishlar, qoʻlga kiritilgan yutuqlar, joylarda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bilan birgalikda viloyatni rivojlantirishning istiqboliga moʻljallangan “Jizzax viloyatini 2025-2029-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish” dasturi haqida soʻzlab berdi.

Sessiyada deputatlar Ergash Saliyevni yakdillik bilan viloyat hokimligiga tasdiqlashdi. Ergash Saliyev sessiyada soʻzga chiqib, bildirilgan ishonch uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlariga minnatdorlik bildirdi hamda bu ishonchni oqlash uchun bilimi, tajribasi va salohiyatini ishga solishga vaʼda berdi.

скачать dle 12.0

Похожие новости

Сайт ишлаб чиқиш жараёнида. Келтирилган ноқулайликлар учун узр сўраймиз!